ESLATMA! Is gazidan ehtiyot bo‘ling!

Hammaga ma’lumki, diyorimizga qish fasli kirib kelishi bilan xonadonlarda, tashkilot, muassasa va korxonalarda isitish vositalaridan foydalanish ko‘lami ortadi. Shahrimizda asosan hovli uylarda yashovchi aholi yoqilg‘i sifatida ko‘mirdan foydalanishadi. Bundan tashqari xonadonlarda tabiiy gaz, gaz ballonlar va boshqa qo‘lbola isitish moslamalaridan ham foydalaniladi. Bu esa yong‘in xavfining ortishiga olib keladi.

Is gazidan zaharlanish asosiy hollarda ko‘mir va organik moddalarning chala yonishi oqibatida yuzaga keladi. Is gazi rangsiz, hidsiz zaharli gaz hisoblanadi va yonganda ko‘p miqdorda issiqlik ajratib chiqaradi. Nur ta’sirida yoki faollashtirilgan ko‘mir ishtirokida xlor bilan birikib, fosgen hosil qiladi. Is gazi inson salomatligiga va hayotiga juda salbiy ta’sir qiladi. Is gazi tog‘ jinslari, toshko‘mir va yonuvchan gazlarda uchraydi. Sanoatda qattiq yoqilg‘ilarni gazga aylantirish yo‘li bilan ishlab chiqariladi. Laboratoriyada konsentrlangan sul’fat kislotaga chumoli kislota ta’sir ettirib olinadi. Metallurgiyada metallarni ularning oksidlaridan qaytarishda ishlatiladi. Atmosfera havosi tarkibida ham juda oz miqdorda is gazi bor.

Is gazidan zaharlanish (is tegishi). Kerosin, ko‘mir, gaz, o‘tin va boshqa yoqilg‘ilar yonganda kislorod eritmasi, uglerodning chala oksidlanish mahsuli nafas yo‘llaridan organizmga kirib, qizil qon tanachalaridagi gemoglobin bilan birikishidan karboksigemoglobin hosil bo‘ladi. Bu modda kislorodni biriktira olmaydi, natijada to‘qima va hujayralarda kislorod yetishmaydi.

Is gazi bilan zaharlanishning yengil, o‘rta va og‘ir ko‘rinishlari mavjud:

Is gazidan zaharlangan kishining boshi qattiq og‘riydi, ko‘zi tinadi, ko‘ngli ayniydi, darmoni quriydi, gandiraklaydi. Uzoq vaqt is gazidan nafas olinganda, kishi tamomila holsizlanib, o‘rnidan turolmaydi va pirovardida butunlay hushidan ketadi. Bunda holatlarda jabrlanuvchi tezda sof havoga olib chiqiladi. Nafas olishi to‘xtab qolgan bo‘lsa, sun’iy nafas oldiriladi va darhol “Tez yordam” chaqiriladi.

Is gazidan zaharlangan odamni organizmdagi gemoglabin bilan bog‘langan is gazini siqib chiqarish uchun iloji boricha ko‘proq va tezroq toza havodan nafas olishini ta’minlash shart. Birinchi 3 soat davomida organizmga yuqori konsentratsiyada toza kislorod (75-80%) bilan nafas oldirilishi lozim.

Zudlik bilan zaharlangan havo manbasi bartaraf etilib, 1,5-2 atmosfera bosimidagi toza kislorod yetkazib berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Tanani issiq artish, oyoqlarga isitish moslamasi (grelka) ko‘yish, qisqa muddatli nashatir spirti hidlatish zarur. Kuchli zaharlanganlarni gospitalizatsiya qilish lozim, chunki keyinchalik organizmda kuchli asoratlar qolishi mumkin.

Is gazidan zaharlanishning oldini olish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirishimiz va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishimiz lozim. Zero, bebaho salomatligimizni asrash va yaqinlarimiz hayot xavfsizligini ta’minlash juda ko‘p vaziyatlarda o‘zimizga bog‘liqdir.



MSWord faylini yuklab oling