Respublikamiz aholisiga ko‘mir va ko‘mir mahsuloti yetkazib berish bo‘yicha noyabr oyi rejasi ortig‘i bilan bajarilmoqda

Куз-қиш мавсумини беталофат ўтказиш, иқтисодиёт тармоқлари ва
ижтимоий соҳа объектларининг шу даврда барқарор ишлашини комплекс
таъминлаш, шунингдек, аҳолига кўмир маҳсулотни ўз вақтида етказиб
бериш масаласи долзарб вазифалардан биридир.

Ўзбекистон Республикаси Президентининг “Республика иқтисодиёти
тармоқлари ва ижтимоий соҳани 2019/2020 йиллар куз-қиш даврида барқарор
ишлашга комплекс тайёрлашни таъминлаш чора-тадбирлари тўғрисида” 2019
йил 30 июлдаги ПҚ-4407-сонли ги қарори мамлакатимизда кўмир қазиб
олувчи ва истеъмолчиларга етказиш билан шуғулланувчи асосий корхона
бўлган «Ўзбеккўмир» АЖ зиммасига ҳам маъсулиятли вазифа юклайди.

Жамиятда бугунги кунда кўмир қазиб олиш ва тайёр маҳсулотни
истеъмолчиларга пешма-пеш етказиб бериш юзасидан чора-тадбирлар
режаси ишлаб чиқилган бўлиб, мазкур тадбир изчил амалга оширилмоқда.

Жорий йилда ижтимоий соҳа объектлари учун 405,5 минг тонна кўмир
ва кўмир маҳсулоти етказиб бериш режалаштирилган. Ушбу режа 1 ноябрь
ҳолатига 405,0 минг тонна этиб, 100 фоиз бажарилди.

Айни кунларда асосий эътибор республикамиз аҳолисини кўмир ва
кўмир маҳсулотлари билан таъминлашга қаратилмоқда. Ушбу тадбирга 1
ноябрдан оммавий равишда киришилди, яъни ноябрь ойида аҳолига 120,8
минг тонна маҳсулот етказиб бериш режалаштирилган бўлиб, 29 ноябрь
ҳолатига бу кўрсаткич 132,7 минг тонна ёки 109 фоизни ташкил этди.

Маҳсулот сифати бўйича: аҳоли ва ижтимоий соҳа объектлари учун
ГОСТ 82968-89 талабларига мувофиқ 2БР 0-200(300) маркали, кулчанлиги
25, намлиги даражаси ўртача 30 фоиздан ошмаган, 0-300 мм ҳажмдаги кўмир
етказиб берилмоқда.

Ижтимоий соҳа объектлари ҳамда аҳолига мўлжалланган кўмир
маҳсулоти республикамиздаги мавжуд кўмир омборларига Ўзбекистон
Республикаси давлат стандарти тасдиқлаган маъмурий ҳужжатлар асосида
жамият синов лабораториясида сифат назоратидан ўтказилган ҳолда
юборилмоқда.

Таъкидлаш керак, аҳоли кўмирнинг сифати масаласида юқоридаги
мезонларни эмас, аксинча маҳсулотнинг ташқи кўриниши, яъни
донадорлигини назарда тутади. Кўмир мураккаб геологик шароитда очиқ ва
ёпиқ усулда қазиб олинади ва истеъмолчига етиб боргунча бир неча юклаш-
тушириш жараёнидан ўтади ва ушбу жараёнда маҳсулотнинг маълум қисми
кукун ҳолатига келиши табиий. Бироқ, кўмир қандай кўринишда бўлмасин
(кукун ё донадор ҳолатида) унинг ёнувчанлиги ва иссиқлик бериш даражаси
сақланиб қолади.

Кўмир нарҳлари бўйича: Молия вазирлиги томонидан 1 (бир) тонна
кўмир нарҳи 300 300 сўм миқдорида тасдиқланган бўлиб, аҳоли ва бюджет
ташкилотларига ана шу имтиёзли нарҳларда етказиб берилмоқда.

Эслатиб ўтамиз: “Ўзбеккўмир” АЖ кўмир қазиб олади ва юклаб
юборади “Ўзбекистон темир йўллари” АЖга қарашли
“Темирйўлёнилғитаъмин” бошқармаси кўмир ва кўмир маҳсулотларини
республикамиздаги олтита бирлашган ёқилғи омбор хўжаликларининг 90 дан ортиқ кўмир тарқатиш омборхоналари орқали аҳоли истеъмолчиларига етказиб берилади.

“Ўзбеккўмир” АЖ Ахборот хизмати

Yillik reja ortig‘i bilan uddalandi

Mahalliy aholi “9-shaxta” deb o‘rgangan konimiz mamlakatimizdagi eng to‘ng‘ich ko‘mir konlaridan biri. U Ikkinchi jahon urushi yillarida, ya’ni 1942 yilda qurib ishga tushirilgan. U paytlarda bir necha ko‘mir shaxtalari ochilgan edi. Bugungi kunda faqat bizning shaxtamiz saqlanib qolgan va hozirgi kunda ham ko‘mir mahsuloti yetkazib bermoqda, − deydi “O‘zbekko‘mir” AJning “Shaxta usulida ko‘mir qazib olish koni” filiali boshlig‘i Jahongir Mutallipov.

Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, ushbu yer osti konida asosiy maydonlardagi ko‘mir o‘tgan salkam 80 yil davomida deyarli qazib olingan. Iste’molchilarga bir paytlar yiliga 300 ming tonnagacha “qora oltin” yetkazib berilgan. Ammo hozir ham shaxtada zahiralar bor.

Joriy yilda konchilarga 40 ming tonna ko‘mir qazib olish vazifasi yuklatilgan. Hozirgi kunda bu ko‘rsatkich amalda 50 ming tonnadan ortib ketdi. Yil oxirigacha ko‘mir qazib olish hajmini 54 ming tonnaga yetkazish kutilmoqda.

Angren ko‘mir konlarida hozirgi kunda bir qancha istiqbolli loyihalar mavjud. Ayni kunlarda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda Nishbosh hududida ko‘mirni shaxta usulida qazib olish bo‘yicha loyiha ustida ish olib borilmoqda. Ushbu loyiha ishlab chiqarishga tatbiq etilsa, yiliga o‘rtacha 2,5-4 mln. tonna ko‘mirni shaxta usulida qazib olish mumkin bo‘lar ekan.

Bugungi kunda Shaxta usulida ko‘mir qazib olish konida 270 dan ziyodroq xodim mehnat qilmoqda. Tozalash zaboyi kon ishchisi Jo‘ra Xatamov, hamisha jon kuydirib ishlaydigan tog‘-kon mustahkamlovchisi Xojiakbar Xadjiyarov, kon o‘tuvchisi (proxodchik) Hamid aka haqida kon ma’muriyati juda iliq fikrlar bildirdi. Jamoada o‘ttiz to‘rt yildan buyon fidokorona mehnat qilib kelayotgan muhandis-texnolog, konchi yoshlarning ustozi Inomali Komilov, tog‘-kon uskunalari elektr chilangarlari Xolmurod Toshev, Rahmatilla Boymurodov, ma’muriy binolar inshooti ustasi Muhabbat Norinboyeva, katta tabelchi Oksana Viktorovna Zlobina, ko‘mir yuklash bo‘yicha usta Murod Irmatovlar ham kon ilg‘orlari sanaladi.

Aholiga sotilayotgan ko‘mirning narhi bo‘yicha “O‘zbekko‘mir” AJ matbuot kotibining bayonoti

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasining “Samarqand birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligi”ga qarashli “Qo‘rolos” ko‘mir omborida ko‘mir ikki baravar qimmat narhda sotilayotgani haqida xabar tarqaldi. Ushbu narhlar Qozog‘istondan keltirilayotgan ko‘mirga tegishli bo‘lib, har kilogrammiga 650 so‘m o‘rniga 1200 so‘mdan olinayotgani aytilmoqda.

Hozirgi kuz-qish mavsumida energiya resurslari, shu jumladan ko‘mir yoqilg‘isiga talab ortgan. Tayyor ko‘mir mahsuloti zahirasi esa cheklangan. Shunga qaramay, respublikamiz aholisiga “O‘zbekko‘mir” AJ korxonalarida qazib olinayotgan ko‘mir arzonlashtirilgan tarzda yetkazib berilmoqda. Moliya vazirligi tomonidan 1 (bir) tonna ko‘mir narhi 300 300 so‘m miqdorida tasdiqlangan bo‘lib, Respublikamizdagi barcha ko‘mir omborlarida ana shu o‘rnatilgan narhlarda sotilishi ta’minlanishi zarur.

Eslatib o‘tamiz: “O‘zbekko‘mir” AJ ko‘mir qazib oladi va tayyor mahsulotni shartnoma asosida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasining respublikamizdagi oltita birlashgan yoqilg‘i ombor xo‘jaliklariga yuklab yuboradi. Ko‘mir mazkur yoqilg‘i ombor xo‘jaliklarining viloyatlardagi 90dan ortiq ko‘mir omborlari orqali o‘rnatilgan narhda sotiladi.

“O‘zbekko‘mir” AJ matbuot xizmati

KONChILAR SALOMATLIGI – E’TIBORDA

“O‘zbekko‘mir” AJ ma’muriyati va Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida 2018-2020 yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasiga muvofiq har yili ishchi-xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Bu esa kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash, davolanishga muhtoj ishchilarning salomatligini tiklash uchun sanatoriylarga, tibbiyot muassasalariga yo‘llanmalar ajratishdagi rejalarni puxta tuzib olish imkonini yaratmoqda.

Jamiyat Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yil davomida jami 100 nafar ishchi-xodim uchun sanatoriylar va tibbiyot maskanlariga yo‘llanmalar ajratilgan bo‘lsa, 2019 yil davomida 130 nafardan ortiq kishi o‘z salomatligini tikladi.

Bugungi kunda har bir filialda tibbiyot punkti faoliyat ko‘rsatmoqda, ularni o‘z vaqtida dori-darmonlar bilan ta’minlash ma’muriyat va Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Tibbiyot punktlari faoliyati joylardagi kasaba qo‘mitalari tomonidan doimiy nazoratga olingan.