“O‘zbekko‘mir” gazetasining ilk soni nashrdan chiqdi

“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy, sohaviy nashri yangi nomda va yangicha ko‘rinishda nashrdan chiqdi.

O‘zbekiston ko‘mir sanoati yangiliklari, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tizimida korxonalar faoliyatini yoritib borishga mo‘ljallangan ushbu gazeta Jamiyat muassisligidagi sobiq “Shaxtyor gazetasi negizida qayta tashkil etildi. Bir oyda ikki marta A−3 formatda 1,5 ming nushada chop etiladigan nashrning ilk soni Jamiyat Bosh direktori Alisher Ravshanovich Odilovning “Erkin so‘z minbari” sarlavhali maqolasi bilan boshlangan.

Хостинг картинок yapx.ru

Ushbu maqolada, jumladan shunday yozilgan:

“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 27 iyundagi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasini boshqarish tizimini qayta tashkil qilish yuzasidan belgilangan muhim chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Zero ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlanishning muammoli masalalarini hal etishda ommaviy axborot vositalarining roli juda katta. Media makonda yuzaga kelayotgan chaqiriqlarga tezkorlik bilan munosib javob qaytarish ham dolzarb masala bo‘lib qoldi.

Qaror talablaridan kelib chiqib, “O‘zbekko‘mir” AJ jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi negizida Axborot xizmati tashkil etildi. Ushbu xizmat zimmasiga ko‘mir sanoati yangiliklari, sohada amalga oshirilayotgan tub iqtisodiy o‘zgarishlar haqida keng jamoatchilikni xabardor etib borish, Jamiyat faoliyatini targ‘ib qilish, yutuq va muammolarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, turli axborot hurujlariga qarshi munosib javob qaytarish, qolaversa, keng jamoatchilik ko‘z o‘ngida Jamiyatimiz imidjini yanada yaxshilash kabi qator vazifalar yuklatilgan.

Ayni kunlarda jamiyatimizning internetdagi maxsus sahifasi Jamiyat hayotiga oid rang-barang axborotlar bilan muntazam yangilab borilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining rasmiy sahifa va kanallari tashkil qilindi va ko‘mir sanoati xodimlarining jo‘shqin mehnat faoliyati aks ettirib borilmoqda.

“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati ko‘mir qazib olish va yetkazib berish bo‘yicha respublikada yirik va yagona korxona hisoblanadi. Bu bilan biz soha xodimlari har qancha g‘ururlansak arziydi. Bugungi kunda jamiyat tasarrufidagi 11 korxonada 6 ming nafardan ziyod kishi aholini va sanoat korxonalarini ko‘mir yoqilg‘isi bilan ta’minlash, hukumatimizning bu borada oldimizga qo‘ygan ulkan vazifalarni bajarishdek sharafli mehnat faoliyati bilan band.

Qo‘lingizdagi – sobiq “Shaxtyor” gazetasi negizida tashkil etilgan yangi nashr aynan ana shu ulug‘ maqsadlar yo‘lida chop qilinmoqda. Uning har bir yangi soni bilan birga xonadonlarga, xizmat joylariga nur, ma’rifat kirib boradi. O‘ylaymizki, “O‘zbekko‘mir” o‘z sahifalarida jamiyatimiz hayotini xolis va ishonchli tarzda aks ettiradi, so‘z qudrati bilan ko‘mir sanoati xodimlarini yangidan-yangi marralar sari undaydi. Bu borada gazeta ijodiy xodimlariga ilhom va muvaffaqiyatlar tilayman”.