Aholiga sotilayotgan ko‘mirning narhi bo‘yicha “O‘zbekko‘mir” AJ matbuot kotibining bayonoti

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasining “Samarqand birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligi”ga qarashli “Qo‘rolos” ko‘mir omborida ko‘mir ikki baravar qimmat narhda sotilayotgani haqida xabar tarqaldi. Ushbu narhlar Qozog‘istondan keltirilayotgan ko‘mirga tegishli bo‘lib, har kilogrammiga 650 so‘m o‘rniga 1200 so‘mdan olinayotgani aytilmoqda.

Hozirgi kuz-qish mavsumida energiya resurslari, shu jumladan ko‘mir yoqilg‘isiga talab ortgan. Tayyor ko‘mir mahsuloti zahirasi esa cheklangan. Shunga qaramay, respublikamiz aholisiga “O‘zbekko‘mir” AJ korxonalarida qazib olinayotgan ko‘mir arzonlashtirilgan tarzda yetkazib berilmoqda. Moliya vazirligi tomonidan 1 (bir) tonna ko‘mir narhi 300 300 so‘m miqdorida tasdiqlangan bo‘lib, Respublikamizdagi barcha ko‘mir omborlarida ana shu o‘rnatilgan narhlarda sotilishi ta’minlanishi zarur.

Eslatib o‘tamiz: “O‘zbekko‘mir” AJ ko‘mir qazib oladi va tayyor mahsulotni shartnoma asosida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasining respublikamizdagi oltita birlashgan yoqilg‘i ombor xo‘jaliklariga yuklab yuboradi. Ko‘mir mazkur yoqilg‘i ombor xo‘jaliklarining viloyatlardagi 90dan ortiq ko‘mir omborlari orqali o‘rnatilgan narhda sotiladi.

“O‘zbekko‘mir” AJ matbuot xizmati