AN’ANAVIY SPORT BAYRAMI ZAFARLARGA UNDAYDI

Har yili Konchilarning kasb bayrami arafasida Aksiyadorlik jamiyati filiallari o‘rtasida sport musobaqalari start oladi. Bu sport bayramini har bir filial jamoasi qizg‘in tayyorgarlik bilan kutishadi va kasb bayramini nafaqat mehnatda, balki sportda ham zafarlar bilan qarshi olishga harakat qilishadi.

Ertalabdan oftob qizdirishiga qaramasdan jamoalar “Temir yo‘l transporti” boshqarmasi sport maydonchasida saf tortishdi. Vatanimiz Madhiyasi sadolari barchani mana shunday tinch-totuv yurtda bayramlarni ko‘tariniki kayfiyatda o‘tkazishda yakdillikka chorladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirni Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi raisi A.Qayumov ochib berdi:

– Aksiyadorlik jamiyati Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi nomidan barchani qo‘shaloq shodiyonalar bilan muborakbod etaman. Hammangizga salomatlik, oilangizda, jamoangizda fayz-baraka, qo‘l urgan ezgu ishlaringizda zafarlar yor bo‘lishini tilayman.

Bunday tadbirlarni tashkil etishdan maqsad ishchi-xodimlarimizning sport bilan shug‘ullanishlarini rag‘batlantirish, salomatliklariga e’tiborli bo‘lishga undash, qobiliyatlarini namoyish qilishga imkon yaratishdir. Shu bilan birgalikda har bir filial jamoasining o‘zaro ahil va birdamlikda harakat qilish muvaffaqiyatlar garovi ekanligi his etishlari uchun ham sport musobaqalari ibrat maktabi deb o‘ylayman.

So‘ngra “Temir yo‘l transporti boshqarmasi” bosh muhandisi B.Mamataliyev so‘zga chiqib, jamoalarga omad yor bo‘lishini tilab, hakamlarning o‘yin yakunlarini adolatli baholashlariga ishonch bildirdi. Hakamlar hay’ati a’zolari sport turlariga mos tarzda 6 nafar sport ustasidan iborat bo‘lib, hay’at raisi etib an’anaga muvofiq tajribali murabbiy E.N. Yusupova tayinlandi

Sportning futbol, voleybol, badmenton, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha qur’a tashlash orqali raqib jamoalar aniqlangach, musobaqaga start berildi. Futbolchilar va badmentonchilar sport maydonchasida, boshqa turlar esa filialning maxsus sport zallarida boshlandi. Musobaqa jarayonida har bir ishtirokchining tayyorgarligi va g‘oliblikka astoydil intilishi yaqqol sezilib turdi. Ishqibozlarning qo‘llab-quvvatlashlari esa sportchilarni yanada ilhomlantirdi. Kun davomida jamoalar o‘rtasida bellashuv qizg‘in tusda o‘tdi. Har bir turdan ishtirok etgan 13 ta filial jamoasi orasidan eng kuchlilari g‘oliblik shohsupasidan joy olishdi.

Butun jahonda aksariyat ko‘pchilikning sevimli sport turi – futbol bo‘yicha bahslar juda murosasiz o‘tdi. Eng ko‘p ishqibozlar ham aynan shu yerda yig‘ilgan. Lekin ishqibozlarning hayqirig‘i emas, darvozaga kiritilgan gollar hisobga olinishi tabiiy. Faqat erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan bu turda “Temir yo‘l transporti boshqarmasi” filiali jamoasi 1-o‘rinni ishg‘ol qildi. 2-o‘rinni “Kon qidiruv ekspeditsiyasi” filiali, 3-o‘rinni “Ko‘mirenergo” filiali jamoalari egalladi.

Boshqa sport turlari bo‘yicha sovrinli o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:

Shaxmat bo‘yicha:

Ayollar o‘rtasida

1-o‘rinda O. Soy – Ijro apparati

2-o‘rinda Z. Xoljumanova – “BelAZko‘mir” filiali

3-o‘rinda L.Malikova – “Angren” ko‘mir koni filiali.

Erkaklar o‘rtasida

1- o‘rinda Ahmedov – “Angren” ko‘mir koni filiali

2- o‘rinda Zokirov – “Temir yo‘l transporti boshqarmasi”

3- o‘rinda Mirxoldorov – “Ko‘mir kon qurilish” filiali.

Shashka bo‘yicha:

Ayollar o‘rtasida

1-o‘rinda D.Axmadametova – “BelAZko‘mir” filiali

2-o‘rinda U.Ulanova – “Aloqako‘mir” filiali

3-o‘rinda D.Mamedova – “Ijtimoiy soha boshqarmasi”.

Erkaklar o‘rtasida

1-o‘rinda T.Abdukadirov – “Moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi”

2-o‘rinda J. Aliyev – “Ko‘mir kon qurilish” filiali

3-o‘rinda Sh. Toshmatov – “Kon qidiruv ekspeditsiyasi” filiali.

Badminton bo‘yicha

Ayollar o‘rtasida

1-o‘rinda N. Kaptenko – “BelAZko‘mir” filiali

2-o‘rinda A. Pak – “Kon qidiruv ekspeditsiyasi” filiali

3-o‘rinda B. Ansibor – “Moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi”.

Erkaklar o‘rtasida

1-o‘rinda S. Ibragimov – “BelAZko‘mir” filiali

2-o‘rinda B. Qosimov – “Moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi”

3-o‘rinda N. Isroilov – “Angren” ko‘mir koni filiali.

Stol tennisi bo‘yicha

Ayollar o‘rtasida

1-o‘rinda A. Nejinskaya – “Yerosti ishlari” filiali

2-o‘rinda Z.Tadjiyeva – “Ijtimoiy soha boshqarmasi”

3-o‘rinda K. Qosimova – “Kon qidiruv ekspeditsiyasi” filiali

Erkaklar o‘rtasida

1-o‘rinda I. Mustafin – “Angren” ko‘mir koni

2-o‘rinda R. Hamroyev – “Temir yo‘l transporti boshqarmasi”

3-o‘rinda S. Ro‘ziqulov – “Yerosti ishlari” filiali.

Musobaqa g‘oliblariga Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. Yuqori natijalarga erishgan jamoalarini filiallar rahbarlari tabriklab, sovrinlarni topshirdilar. Taqdirlash marosimi nihoyasida Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi raisi A.Qayumov ishtirokchilarning fikr-mulohazalari, takliflarini bildirishni va keyingi musobaqalarda buni inobatga olishini ta’kidladi. Ishtirokchilar shunday bellashuvlarning tez-tez o‘tkazilishini, musobaqada sport turlarini yanada ko‘proq joriy qilishni, ayniqsa ayollar futbolini rivojlantirish taklifini bildirdilar. Shuningdek, ular ishtirokchilarga manzur bo‘lgan bayramona tushlik va maroqli ma’naviy hordiq olishlari uchun tashkiliy ishlarni yuksak darajada amalga oshirgan “Temir yo‘l transporti boshqarmasi” rahbari Z.Inomxo‘jayevga hamda kasaba qo‘mitasi raisi S. Erbo‘tayevga samimiy minnatdorchilik izhor qildilar.

-Bugungi musobaqada umumiy jamoa hisobida 1- faxrli o‘rinni “BelAZko‘mir” filiali (kasaba qo‘mitasi raisi R.Ahmataliyev), 2-o‘rinni “Temir yo‘l transporti boshqarmasi”(S.Erbo‘tayev), 3-o‘rinni esa “Angren” ko‘mir koni filiali (B. Hasanov) jamoalari qo‘lga kiritdi, – dedi Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi ish boshqaruvchisi A.Sultanov tadbir yakunida. – Sport – bu sog‘lom hayot tarzi, mashaqqatli kurashlarda toblanish va qiyinchiliklarni yengib o‘tishga o‘rganish demakdir. Biz bu yo‘lda ishchi-xodimlarimizni ozgina bo‘lsa-da ilhomlantirolganimizdan mamnunmiz.

-Bugun biz hamshiralar kasb bayramimizni shu yerda nishonlayapmiz, – deydi oppoq xalatdagi salomatlik posbonlari – aksionerlik jamiyati tibbiy bo‘lim mudirasi M.Saynazarova hamda “Angren” ko‘mir koni filiali katta hamshirasi G.Xodjimuratova. – Chunki musobaqada ishtirokchilar salomatligiga mas’ulmiz. Bellashuvlar juda qiziqarli o‘tyapti, biz uchun uyushtirilgan kasb bayrami tadbirlarida ishtirok etolmaganimizdan afsuslanayotganimiz yo‘q. Yurtimizga shunday qo‘sha-qo‘sha bayramlar yarashadi, yoshlarning yuz-ko‘zlaridagi shodlikni ko‘rib, shukrona keltiramiz…

Musobaqa yakuniga yetdi. Mahoratlilar muvaffaqiyat qozondi. Imkoniyatni boy bergan jamoalar esa Mustaqillik kuni arafasida o‘tkaziladigan sport bellashuvlariga yangi kuch-g‘ayrat bilan kelishni ko‘ngillariga tugib maydonni tark etdilar. Demak, bizni oldinda yanada qiziqarli sport bellashuvlari kutmoqda.