Mavsumni betalofat o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanildi

2017 yil davomida ayniqsa, kuz-qish mavsumida respublikamizning markaziy ommaviy axborot vositalarida mamlakat bo‘ylab ko‘mir yoqilg‘isining manzillarga yetkazib berilishi jarayonida vujudga kelayotgan muammolar yuzasidan qator maqolalar chop etildi. Maqolalarda ko‘pgina savollar, xususan qo‘shtirnoq ichidagi “tadbirkorlar” olib borayotgan “faoliyati”ning ko‘mir yetkazib berish jarayoniga salbiy ta’siri, manzillarga yetkazilayotgan ko‘mir sifatining pastligi, respublikamiz aholisi qattiq yoqilg‘ini xarid qilishi jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar keltirilgan edi.

Ushbu savollarning yechimini izlash va mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida “O‘zbekko‘mir” Jamiyati tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan muntazam ish olib bormoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga muvofiq “O‘zbekko‘mir” Jamiyati “O‘zbekiston temir yo‘llari” Jamiyati tarkibiga o‘tkazilishi natijasida ko‘mir qazib olish va yetkazib berish ishlari natijadorligi oshirildi. Ko‘mir yoqilg‘isining omborlarga yetkazib berilishi jarayonida mahsulotning talon-taroj qilinishi, ko‘mir konining o‘zidan xufyona tarzda olib chiqib ketilishi holatlarining oldini olish choralari ko‘rildi. Jumladan, ko‘mir koni hududi devor bilan to‘liq o‘rab chiqildi. Harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati faoliyati joriy etilib, qo‘riqlash ishlari nazorati transport militsiyasi zimmasiga yuklatildi. Mavjud ko‘mir omborlarining qoniqarsiz faoliyati tugatilib, ko‘mir tarqatish va sotish ishlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” Jamiyatining “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasining viloyatlardagi birlashgan yoqilg‘i ombor xo‘jaliklari zimmasiga topshirildi.

Ma’lumot uchun ta’kidlash lozimki, bugungi kunda Respublika aholisi va byudjet tashkilotlariga ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 22 iyunidagi PQ-3079 sonli “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018 yilgi kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq belgilangan reja asosida amalga oshirildi.

Jumladan, 2017-2018 yilgi kuz-qish mavsumida mamlakatimiz aholisi uchun 849,0 ming tonna reja o‘rnatilgan bo‘lib, joriy yilning 28 fevral holatiga 897,2 ming tonna (rejaga nisbatan 105,7 %) ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilgan.

Ijtimoiy soha ob’ektlari uchun esa ko‘mir yetkazib berish rejada 336,9 ming tonna, amalda 364,9 ming tonna (108,4%) yetkazib berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazishga qaratilgan chora tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha ishchi guruhlarining o‘rganishlari natijasida qo‘shimcha tarzda iste’molchilarga 317,4 ming tonna, shundan 272,4 ming tonna aholi, 45,0 ming tonna ijtimoiy soha ob’ektlari uchun ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilishi belgilandi.

2018 yil uchun belgilangan ko‘mir yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha rejalarini o‘z vaqtida bajarish maqsadida, jamiyatning barcha texnikaviy salohiyati ishga solinganligi bois yil boshidan hozirgi kunga qadar aholi iste’moli uchun 178,7 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va qolgan barcha viloyatlarga taqsimotga ko‘ra yetkazib berildi. Bu o‘z navbatida 2018 yilning shu davri uchun belgilangan rejaga nisbatan 145,0 ming tonna ortiq yetkazib berilganligidan dalolat.

Ijtimoiy soha ob’ektlari (byudjet tashkilotlari) uchun yetkazib berilishi belgilangan qo‘shimcha rejani amalga oshirish maqsadida joriy yilning yanvar-fevral oylarida 44,4 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi mamlakatimiz viloyatlariga yetkazib berildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2017 yil yakunlarining operativ hisob-kitoblariga ko‘ra 2016 yil yakunlariga nisbatan ko‘mir mahsulotlarining yetkazib berilishi nisbiy o‘sish ko‘rsatkichlari 127,8% tashkil qildi.

“O‘zbekko‘mir” Jamiyati tomonidan ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish borasida taqchilliklarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan barcha choralar ko‘rilmoqda. Shunday ekan, viloyatlardagi go‘yoki xo‘jalik ehtiyojlari maqsadida ko‘mir xarid qilishi va keyinchalik uch-to‘rt baravar qimmatiga sotishni ko‘zlagan “tadbirkorlar”ning harakatlari natijasida paydo bo‘layotgan noqonuniy “ko‘mir bozorlari”ning faoliyatiga chek qo‘yilmoqda, xususan, birinchi navbatda respublika aholisiga va ijtimoiy soha tashkilotlariga qattiq yoqilg‘ini yetkazib berish maqsadida Respublika tovar xom-ashyo birjasida ko‘mir mahsulotining sotilishi vaqtinchalik to‘xtatildi.

Iqtisodiyot Vazirligi tomonidan 2017 yilda qattiq yoqilg‘ini yetkazib berish balansiga asosan, aholi uchun yetkazib berilishi belgilangan ko‘mir briketlarining sifati talab darajasida bo‘lmaganligi va ishlab chiqarishda qoloqlikka yo‘l qo‘yilganligi sababli yetkazib berilmagan ko‘mir briketi o‘rniga tezkor ravishda ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Kuz-qish mavsumida kunlarning keskin sovib ketganligini inobatga olib, joylardagi o‘rganishlariga asoslanib, ko‘mir yoqilg‘isi birinchi navbatda tog‘li hududlarda, chekka manzillarda va chegaraga yaqin manzillarda istiqomat qiluvchi aholiga, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Farg‘ona vodiysi uchun yetkazib berildi.

Yetkazib berilayotgan ko‘mir sifati iste’molchilarning ko‘nglidagidek emasligiga izoh berar ekanmiz, yillar davomida ko‘mir ustki qatlamini ochish ishlari ortda qolganligi va ko‘mir konining geologik holati ko‘mirni qazib olishda o‘ta ehtiyotkorlikni talab qilayotganligini ta’kidlash joiz. Chunki qazib olish ishlarida texnika bilan birgalikda oddiy ishchi kuchi ishlatiladi, ochiq usulda olib borilgan qazish ishlarida siljish va ko‘chki xavfi juda yuqori hisoblanadi.

Kondagi geologik holat sababli hozirda BPK (yirik) rusumli ko‘mir yoqilg‘isini qazib olish imkoni darajasi tushib ketgan. Davlat geologiya qo‘mitasining xulosasiga asoslangan holda, ko‘mir qazib olish ishlari bosqichma – bosqich, ya’ni avvaliga ko‘mir ustki qatlamining aynan xavfli va tog‘ jinslari siljigan hududlarida amalga oshirilmoqda. Ushbu hududlardan qazib olinayotgan ko‘mirning 45-50 % BR rusumiga va 50-55 % BOMSSh rusumiga to‘g‘ri kelmoqda.

BOMSSh rusumidagi ko‘mir faqatgina briket ishlab chiqaruvchilarga va “O‘zbekenergo” Jamiyatining elektrostansiyalariga yetkazib berilmoqda. BR rusumidagi ko‘mir yoqilg‘isi esa respublika aholisi va ijtimoiy sohalarga yetkazib berilgan.

Ko‘mir qazib olish jarayonida yuzaga kelayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan va ortib berilayotgan ko‘mir sifatini yaxshilash maqsadida qator ishlar olib borilmoqda. Yaqin kelajakda ko‘mir qazib olish ishlarining yer osti usuliga o‘tkazilishi bundan mustasno emas.

Albatta, bu olib borilayotgan ishlarni kelgusida yanada rivojlantirish, ko‘mir yetkazib berish sohasida tub islohotlarni amalga oshirishni talab qiladi. Bu borada kutilayotgan ijobiy natijaga erishishda nafaqat “O‘zbekko‘mir” Jamiyatining, balki respublika har bir fuqarosining, joylardagi hokimlik vakillari va tegishli mutasaddi tashkilotlarning roli katta deb hisoblaymiz. Tabiat tomonidan in’om etilgan moddiy boyliklarimizdan tejamli va oqilona foydalanish uchun har birimiz ma’suldirmiz.