BAYRAM ShODIYONASI

Ona vatanimiz istiqlolining 26 yilligi “O‘zbekko‘mir” AJ katta jamoasida ham munosib nishonlandi. To‘kin dasturxon yozilib, doshqozonda osh damlandi. Subhidamda chalingan karnay-surnay sadolari ostida barcha filallar jamoalari “Osiyo” tantanalar majmuasiga tashrif buyurishdi.

Tantanaga tashrif buyurganlarni Jamiyat boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Alisher Ravshanovich Odilov qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etdi:
-Hurmatli hamkasblar, Mustaqillik bayrami hamda muborak Qurbon hayiti bilan sizlarni chin ko‘ngildan tabriklayman. Barchangizga salomatlik, oilangizda fayz-baraka, kasb-koringizda muvafaqqiyat tilayman. Hech bir davrda konchilik ishi oson bo‘lmagan. Avvalo shu kasbni tanlaganingizning o‘zi jasorat. Mana shu shijoatingiz, fidoyiligingiz hech qachon so‘nmasin.

Xabaringiz bor tizimda juda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Olib borilayotgan ishlarning barchasi sohaning taraqqiy etishi hamda xalq farovonligi uchun xizmat qilishga yo‘naltirilgan.

Bayram tadbirida har yilgi an’anaga ko‘ra kon sohasidagi fidokorona mehnatlari uchun bir guruh ishchi-xodimlar “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari, Faxriy yorliqlar va Tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Mehnatlaringiz samarasi – mukofot muborak, qadrli konchilar! Kasb-koringizda yanada ulkan zafarlar tilaymiz.