Category Archives: Yangiliklar

Yoshlar bilan ochiq muloqot

Shahrimizdagi “Yoshlar markazi” madaniyat saroyida “O‘zbekko‘mir” AJ da faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘rtasida bugungi kunda dolzarb hisoblangan qator mavzularda davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Jamiyat Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda barcha filiallardan vakillar qatnashdi.

Suhbatni Jamiyat Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi A.Qayumov xalq farovonligi, tinch-totuvligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqidagi nutqi bilan ochib berdi. Shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi N.Nazarova davra suhbatini yoshlar bilan ochiq muloqot sifatida boshladi.U o‘tgan chorak asr mobaynida mamlakatimizda xalq farovonligini oshirish borasida bajarilgan ezgu ishlar “Inson manfaatlari va xalq bilan muloqot” yilida ham izchil davom ettirilayotganligini misollar asosida gapirib o‘tdi. Yoshlar ittifoqi shahar kengashi raisi D.Melikov 30 iyundagi O‘zbekiston Respublikasi “Kamolot” YoIH IV qurultoyida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning ishtiroki, yoshlarga nisbatan haqqoniy tanqidlar, tahlillar va o‘rinli takliflar kiritgan murojaatidan chiqargan xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ommaviy axborot vositalari orqali yurtboshimizning biz yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochib berganidan, Yoshlar ittifoqi raisiga, joylardagi yoshlar yetakchilariga qanday vakolatlar bergani, faol a’zolarga imtiyozlar, eng chekka hududlardagi uyushmagan yoshlarning ham hayotda o‘z o‘rnini topishga ko‘mak berish borasidagi topshiriqlaridan xabardor bo‘ldingiz. Biz, ya’ni qurultoy ishtirokchilari bunday e’tibordan, ayniqsa, 30 iyun – “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinganidan juda xursand bo‘ldik. Endi aziz yoshlar, muammolarimizni hamjihatlikda hal qilishimiz uchun juda katta imkonimiz, siyosiy maydonda o‘z o‘rnimiz bor. Keling, bu imkoniyatdan foydalanib, o‘z kelajagimizni yarataylik, bugungi hayotimizga mazmun, farog‘at bag‘ishlaylik!-dedi D.Melikov.-“O‘zbekko‘mir” AJning har bir filialida “Yoshlar ittifoqi”ning boshlang‘ich tashkilotlari tuziladi va har biringiz bu yerga o‘zingizni qiziqtirgan mavzulardagi muammolar yoki takliflaringiz bilan bemalol murojaat etishingiz mumkin. Yoshlar ittifoqiga ajratiladigan keng, zamonaviy binoda davr talabi darajasidagi kasblarni egallashingizga, tadbirkorlik sirlarini o‘rganishingizga sharoitlar yaratiladi.

Shahar sanitariya-epidemiologiya markazi shifokori N.Raxmanova yig‘ilganlarga turli xil yuqumli kasalliklar haqida qisqacha ma’lumot berib, ma’naviy tubanlik, nosog‘lom muhit inson hayotiga xavf soluvchi viruslar bilan zararlanishga olib kelishidan ogohlantirdi. Ayniqsa, asr vabosi hisoblangan OITS kasalligining qanday yo‘llar bilan yuqishi va uning ayanchli oqibatlari, bundan saqlanish choralari aksariyat hollarda o‘z qo‘limizda ekanligi haqida yana bir bor bong urdi. Shuningdek, yana bir xavfli illat – giyohvandlik domiga tushib qolgan yoshlarning taqdiri, buning zurriyodlarga salbiy ta’siri haqida Toshkent viloyati narkologiya dispanseri tashkiliy-uslubiy bo‘limi mudiri G.Shaismatova so‘zlab berdi. Tibbiyot xodimlari har bir shaxs anonim tarzda shahrimizdagi yuqumli kasalliklar poliklinikasida qon tahlillari orqali o‘z salomatliklarini tekshirtirish huquqiga egaliklarini ta’kidladilar.

Yoshlarning turli xil oqimlarga kirib ketishlarining oldini olish, sobit irodali, yuksak ma’naviyatli yoshlar tarbiyasi haqida Qoraboshboy jome masjidi imom xatibi I.Imanov atroflicha to‘xtaldi. U farzandlar to‘kis oilada voyaga yetishlari, ayolning bag‘ri butunligi, xotirjamligini ta’minlash, ro‘zg‘or egalarining oxiri jahannamga eltuvchi nopok yo‘llarni tanlamasliklari uchun yurt otasi sifatida prezidentimiz tomonidan ko‘plab xayrli amallarning, tartib-intizomning hayotga tadbiq etilayotganligi xususida gapirdi.

Suhbat so‘ngida mehmonlar yig‘ilganlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

«O‘zbekko‘mir» AJ aksiyadorlari diqqatiga!

E’LON
Angren shaxar, Istiqlol ko‘chasi 1 uy jamiyat majlislar zalida, 2017 yil 30 iyun soat 11-00 da jamiyat aksiyadorlarning navbatdagi yillik umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Kun tartibidagi masalalar:
1. Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining reglamentini tasdiqlash.
2. 2016 yil yakuni bo‘yicha jamiyat biznes rejasining bajarilishi, moliyaviy xo‘jalik faoliyati yakunlari to‘g‘risida boshqaruv raisi xisoboti.
3. Jamiyatning 2016 yil moliyaviy xo‘jalik faoliyati yakunlari bo‘yicha taftish komissiyasi xisobotini tasdiqlash.
4. Jamiyatning 2016 yil yakunlari bo‘yicha buxgalteriya balansi, foyda va zararlar xisob varag‘ini tasdiqlash.
5. 2016 yil yakuni bo‘yicha jamiyat sof foydasini taqsimlanishini tasdiqlash.
6. Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan 2016 yilda bajarilgan ishlar yuzasidan xisobotini tasdiqlash.
7. Jamiyat Kuzatuv kengashi a’zolarini saylash.
8. Jamiyat Taftish komissiyasi a’zolarini saylash.
9. Jamiyat Ijro organi a’zolarini saylash.
10. Jamiyat boshqaruvi raisini saylash va uni ishga yollash to‘g‘risidagi mexnat shartnomasini ko‘rib chiqish.
11. 2017 yil Jamiyat boshqaruv organlari a’zolarini tasdiqlash.
12. Jamiyatning 2017 yil uchun belgilangan xisobot “Biznes reja” ni tasdiqlash.
13. Jamiyatning yangi taxrirdagi nizomini tasdiqlash.

Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi xujjat, aksiyadorlar vakillari esa yozma ishonchnoma bilan kelishlari lozim.

Yig‘ilishni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar olish va unda ko‘riladigan masalalarning xujjatlari bilan tanishish uchun quyidagi manzilga yoki telefon raqamigi murojat qilishingiz mumkin:

Angren shaxar, Istiklol ko‘chasi 1 uy. Tel: 150-39-80; 184-55-72.

“O‘zbekko‘mir” AJ Kuzatuv kengashi.

SOHAVIY SANOAT YARMARKASI DOIRASIDA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 martdagi “2017 yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 153-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekko‘mir” AJ joriy yilning 7-9 iyun kunlari “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazma markazida o‘tkazilgan Sohaviy sanoat yarmarkasida tog‘-kon transporti va kon-shaxta uskunalari uchun detallar, butlovchi qismlar hamda hududiy distribyutorlik markazlari bazasida ishlab chiqarilayotgan briket mahsulotlari namunalari bilan ishtirok etdi.
Hozirgi kunda Jamiyatda qator investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilishi bilan birga import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi hajmi ham tobora ortib bormoqda. Aksiyadorlik jamiyatining “Tog‘ texnologik uskunalarini sozlash zavodi” filialida mahalliylashtirish dasturi asosida 2006 yildan shu kunga qadar 269 turdagi mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, yana 51 turdagi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Sohaviy sanoat yarmarkasida doimiy hamkorlarimiz bo‘lgan “OKMK” AK, “NKMK” DK, “Geoburtexnika” MChJ, “Andijonmash” AJ, “Vodiy Energomash mexanika” MChJ va mamlakatimizdagi boshqa ko‘plab korxonalarga shartnoma asosida mahalliy mahsulotlar yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Uch kun davom etgan sanoat yarmarkasida qator nufuzli korxonalar bilan turli xildagi mahsulotlar tayyorlab berish bo‘yicha 1,2 mlrd. so‘mlik shartnomalar imzolandi.

KASB BAYRAMI KENG NISHONLANDI

Har yilgi an’anaga ko‘ra may oyining uchinchi yakshanbasida Tog‘-kon va metallurgiya sanoati xodimlari o‘zlarining kasb bayramini keng nishonlaydilar. Mashaqqatli, ayni paytda sharafli kasb egalari bu kunni mehnatda yuqori ko‘rsatkichlar, sohada joriy etilayotgan yangiliklarning ijobiy natijalari bilan birga sport musobaqalaridagi zafarlar bilan qarshi olishni ham an’anaga aylantirishgan.
Mamlakatimiz xalq xo‘jaligini ko‘mir mahsuloti bilan ta’minlab kelayotgan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati konchilari ham ushbu sanani ko‘tarinki ruhda nishonladilar. 19 may kuni Angrendagi muhtasham “Osiyo” tantanalar zalida kasb bayrami munosabati bilan bayram dasturxoni yozildi. Dasturxon atrofida umrini kon yo‘nalishiga bag‘ishlagan faxriylar hamda ko‘mir sanoati taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgan ilg‘or konchilar diydorlashdilar.
Tantanali tadbirda shahar hokimi Ibrohimjon Rahmonov so‘zga chiqib angren konchilarini kasb bayrami bilan qizg‘in muborakbod etdi.

-“O‘zbekko‘mir” AJ faoliyati shahrimiz tarixi va taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq, – dedi shahar hokimi o‘z nutqida. – Konchilik sohasining mamlakatimiz rivojlanishida, xalqimizning farovon yashashida o‘rni beqiyos ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Sizning muvaffaqiyatlaringiz nafaqat jamoangizning, balki shahrimizning g‘urur-iftixoridir. Sohani yanada taraqqiy ettirish borasida amalga oshirayotgan ezgu ishlaringizda hamisha omad yor bo‘lsin.
I.Rahmanov bir guruh ilg‘or konchilarga shahar hokimligi Faxriy yorliqlarini topshirdi.

– Mamlakatimiz iqtisodiyoti bugun yangilanish, shaxdam rivojlanish bosqichiga o‘tganidan, soha mutasaddilarining mas’uliyati yanada kuchaytirilganidan va bu borada qanday ishlar amalga oshirilayotganidan ommaviy axborot vositalari orqali xabaringiz bor, – dedi Aksionerlik jamiyati Bosh direktori Sh.Po‘latov jamoani bayram bilan qutlar ekan. – Bizning sohamizda ham qator investitsiya loyihalari hayotga tatbiq etilmoqda. «2017-2021 yillar davomida ko‘mir sanoatini rivojlantirish va modernizatsiyalashni davom ettirish dasturi to‘g‘risida»gi qaror loyihasi tayyorlangan bo‘lib, bunga ko‘ra kelgusi yildan “Angren”, keyinroq esa “Nishbosh” shaxtalari qurilishi ishlari boshlanadi. Bu aholining ko‘mir mahsulotiga tobora o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirish, energetika sohasining qattiq yoqilg‘i bilan ishlashiga o‘tkazilishiga, mahsulot tannarxining pasayishiga erishish bilan bir qatorda mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Konchilik sohasidagi erishilgan yutuqlarimiz bisyor, lekin oldinda bizni bundan-da zalvorliroq vazifalar kutyapti. Bu yo‘lda barchangizga salomatlik, kuch-g‘ayrat, sharafli kasbingizda kamolot tilayman.

Bosh direktor tabrik yakunida mehnatda jamoaga ibrat bo‘lgan bir guruh konchilik sohasi xodimlariga I, II va III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari hamda “Faxriy yorliqlari”ni topshirdi. Ular orasida aksiyadorlik jamiyati ijro apparati bosh energetigi Xayriddin Qayumov, “Sanoatgeokontexnazorat” harbiylashtirilgan tog‘-qutqaruv qismi davlat mahkamasi shtab boshlig‘i Murodjon Abdibayev, “BelAZko‘mir” filiali 1-avtobaza kolonna boshlig‘i Turg‘un O‘sarov, “Angren” ko‘mir koni ekskavator mashinistlari Ne’matjon Xansaitov, Nurullo Jamolov, “Temir yo‘l transportini boshqarish” filiali elektrovoz mashinisti Xidirali Nurullayev, “Yer osti ishlari” filiali ishchisi To‘lqinjon Abdurahmonov va boshqa ko‘plab konchilar bor. Shuningdek, aksionerlik jamiyati filiallarining 200 nafardan ziyod ishchi-xodimlari ma’muriyat “Faxriy yorliqlari” bilan taqdirlandi. Konchilarni qutlash uchun Toshkent viloyati kasaba uyushmalari birlashmasi kengashi raisining o‘rinbosari Jahongir Xidirov so‘zga chiqib, Kengash tomonidan bir guruh faol xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.

“O‘zbekko‘mir” AJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash bo‘yicha tashkilotlar tanlovi o‘tkazilmoqda:

Tanlovda quyidagi korxonalar ishtirok etishlari mumkin:
fond birjasi;
qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari;
shtatida tegishli korporativ boshqaruvchi yoki qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisi attestati bo‘lgan auditorlik tashkilotlari;
akkreditatsiyadan o‘tgan reyting agentliklari;
Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi;
Xususiylashtirish, raqobatni va korporativ boshqaruvni rivojlantirish muammolari tadqiqotlari markazi.

Hujjatlar 2017 yilning 29 may sanasiga qadar qabul qilinadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar pochta orqali yuborilishi yoki «O‘zbekko‘mir» AJ devonxonasiga quyidagi manzil orqali taqdim etilishi kerak:
110200, Toshkent viloyati, Angren sh.., Istiqlol-1.

AN’ANAVIY SPORT BAYRAMI ZAFARLARGA UNDAYDI

Har yili Konchilarning kasb bayrami arafasida Aksiyadorlik jamiyati filiallari o‘rtasida sport musobaqalari start oladi. Bu sport bayramini har bir filial jamoasi qizg‘in tayyorgarlik bilan kutishadi va kasb bayramini nafaqat mehnatda, balki sportda ham zafarlar bilan qarshi olishga harakat qilishadi.

Ertalabdan oftob qizdirishiga qaramasdan jamoalar “Temir yo‘l transporti” boshqarmasi sport maydonchasida saf tortishdi. Vatanimiz Madhiyasi sadolari barchani mana shunday tinch-totuv yurtda bayramlarni ko‘tariniki kayfiyatda o‘tkazishda yakdillikka chorladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirni Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi raisi A.Qayumov ochib berdi:

– Aksiyadorlik jamiyati Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi nomidan barchani qo‘shaloq shodiyonalar bilan muborakbod etaman. Hammangizga salomatlik, oilangizda, jamoangizda fayz-baraka, qo‘l urgan ezgu ishlaringizda zafarlar yor bo‘lishini tilayman.

Bunday tadbirlarni tashkil etishdan maqsad ishchi-xodimlarimizning sport bilan shug‘ullanishlarini rag‘batlantirish, salomatliklariga e’tiborli bo‘lishga undash, qobiliyatlarini namoyish qilishga imkon yaratishdir. Shu bilan birgalikda har bir filial jamoasining o‘zaro ahil va birdamlikda harakat qilish muvaffaqiyatlar garovi ekanligi his etishlari uchun ham sport musobaqalari ibrat maktabi deb o‘ylayman.

So‘ngra “Temir yo‘l transporti boshqarmasi” bosh muhandisi B.Mamataliyev so‘zga chiqib, jamoalarga omad yor bo‘lishini tilab, hakamlarning o‘yin yakunlarini adolatli baholashlariga ishonch bildirdi. Hakamlar hay’ati a’zolari sport turlariga mos tarzda 6 nafar sport ustasidan iborat bo‘lib, hay’at raisi etib an’anaga muvofiq tajribali murabbiy E.N. Yusupova tayinlandi

Sportning futbol, voleybol, badmenton, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha qur’a tashlash orqali raqib jamoalar aniqlangach, musobaqaga start berildi. Futbolchilar va badmentonchilar sport maydonchasida, boshqa turlar esa filialning maxsus sport zallarida boshlandi. Musobaqa jarayonida har bir ishtirokchining tayyorgarligi va g‘oliblikka astoydil intilishi yaqqol sezilib turdi. Ishqibozlarning qo‘llab-quvvatlashlari esa sportchilarni yanada ilhomlantirdi. Kun davomida jamoalar o‘rtasida bellashuv qizg‘in tusda o‘tdi. Har bir turdan ishtirok etgan 13 ta filial jamoasi orasidan eng kuchlilari g‘oliblik shohsupasidan joy olishdi.

Butun jahonda aksariyat ko‘pchilikning sevimli sport turi – futbol bo‘yicha bahslar juda murosasiz o‘tdi. Eng ko‘p ishqibozlar ham aynan shu yerda yig‘ilgan. Lekin ishqibozlarning hayqirig‘i emas, darvozaga kiritilgan gollar hisobga olinishi tabiiy. Faqat erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan bu turda “Temir yo‘l transporti boshqarmasi” filiali jamoasi 1-o‘rinni ishg‘ol qildi. 2-o‘rinni “Kon qidiruv ekspeditsiyasi” filiali, 3-o‘rinni “Ko‘mirenergo” filiali jamoalari egalladi.

Boshqa sport turlari bo‘yicha sovrinli o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:

Shaxmat bo‘yicha:

Ayollar o‘rtasida

1-o‘rinda O. Soy – Ijro apparati

2-o‘rinda Z. Xoljumanova – “BelAZko‘mir” filiali

3-o‘rinda L.Malikova – “Angren” ko‘mir koni filiali.

Erkaklar o‘rtasida

1- o‘rinda Ahmedov – “Angren” ko‘mir koni filiali

2- o‘rinda Zokirov – “Temir yo‘l transporti boshqarmasi”

3- o‘rinda Mirxoldorov – “Ko‘mir kon qurilish” filiali.

Shashka bo‘yicha:

Ayollar o‘rtasida

1-o‘rinda D.Axmadametova – “BelAZko‘mir” filiali

2-o‘rinda U.Ulanova – “Aloqako‘mir” filiali

3-o‘rinda D.Mamedova – “Ijtimoiy soha boshqarmasi”.

Erkaklar o‘rtasida

1-o‘rinda T.Abdukadirov – “Moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi”

2-o‘rinda J. Aliyev – “Ko‘mir kon qurilish” filiali

3-o‘rinda Sh. Toshmatov – “Kon qidiruv ekspeditsiyasi” filiali.

Badminton bo‘yicha

Ayollar o‘rtasida

1-o‘rinda N. Kaptenko – “BelAZko‘mir” filiali

2-o‘rinda A. Pak – “Kon qidiruv ekspeditsiyasi” filiali

3-o‘rinda B. Ansibor – “Moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi”.

Erkaklar o‘rtasida

1-o‘rinda S. Ibragimov – “BelAZko‘mir” filiali

2-o‘rinda B. Qosimov – “Moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi”

3-o‘rinda N. Isroilov – “Angren” ko‘mir koni filiali.

Stol tennisi bo‘yicha

Ayollar o‘rtasida

1-o‘rinda A. Nejinskaya – “Yerosti ishlari” filiali

2-o‘rinda Z.Tadjiyeva – “Ijtimoiy soha boshqarmasi”

3-o‘rinda K. Qosimova – “Kon qidiruv ekspeditsiyasi” filiali

Erkaklar o‘rtasida

1-o‘rinda I. Mustafin – “Angren” ko‘mir koni

2-o‘rinda R. Hamroyev – “Temir yo‘l transporti boshqarmasi”

3-o‘rinda S. Ro‘ziqulov – “Yerosti ishlari” filiali.

Musobaqa g‘oliblariga Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. Yuqori natijalarga erishgan jamoalarini filiallar rahbarlari tabriklab, sovrinlarni topshirdilar. Taqdirlash marosimi nihoyasida Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi raisi A.Qayumov ishtirokchilarning fikr-mulohazalari, takliflarini bildirishni va keyingi musobaqalarda buni inobatga olishini ta’kidladi. Ishtirokchilar shunday bellashuvlarning tez-tez o‘tkazilishini, musobaqada sport turlarini yanada ko‘proq joriy qilishni, ayniqsa ayollar futbolini rivojlantirish taklifini bildirdilar. Shuningdek, ular ishtirokchilarga manzur bo‘lgan bayramona tushlik va maroqli ma’naviy hordiq olishlari uchun tashkiliy ishlarni yuksak darajada amalga oshirgan “Temir yo‘l transporti boshqarmasi” rahbari Z.Inomxo‘jayevga hamda kasaba qo‘mitasi raisi S. Erbo‘tayevga samimiy minnatdorchilik izhor qildilar.

-Bugungi musobaqada umumiy jamoa hisobida 1- faxrli o‘rinni “BelAZko‘mir” filiali (kasaba qo‘mitasi raisi R.Ahmataliyev), 2-o‘rinni “Temir yo‘l transporti boshqarmasi”(S.Erbo‘tayev), 3-o‘rinni esa “Angren” ko‘mir koni filiali (B. Hasanov) jamoalari qo‘lga kiritdi, – dedi Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi ish boshqaruvchisi A.Sultanov tadbir yakunida. – Sport – bu sog‘lom hayot tarzi, mashaqqatli kurashlarda toblanish va qiyinchiliklarni yengib o‘tishga o‘rganish demakdir. Biz bu yo‘lda ishchi-xodimlarimizni ozgina bo‘lsa-da ilhomlantirolganimizdan mamnunmiz.

-Bugun biz hamshiralar kasb bayramimizni shu yerda nishonlayapmiz, – deydi oppoq xalatdagi salomatlik posbonlari – aksionerlik jamiyati tibbiy bo‘lim mudirasi M.Saynazarova hamda “Angren” ko‘mir koni filiali katta hamshirasi G.Xodjimuratova. – Chunki musobaqada ishtirokchilar salomatligiga mas’ulmiz. Bellashuvlar juda qiziqarli o‘tyapti, biz uchun uyushtirilgan kasb bayrami tadbirlarida ishtirok etolmaganimizdan afsuslanayotganimiz yo‘q. Yurtimizga shunday qo‘sha-qo‘sha bayramlar yarashadi, yoshlarning yuz-ko‘zlaridagi shodlikni ko‘rib, shukrona keltiramiz…

Musobaqa yakuniga yetdi. Mahoratlilar muvaffaqiyat qozondi. Imkoniyatni boy bergan jamoalar esa Mustaqillik kuni arafasida o‘tkaziladigan sport bellashuvlariga yangi kuch-g‘ayrat bilan kelishni ko‘ngillariga tugib maydonni tark etdilar. Demak, bizni oldinda yanada qiziqarli sport bellashuvlari kutmoqda.

“O`zbekko`mir” AJ tashqi auditorlik xizmatiga tashkilotlarni saralash tanlovini e’lon qiladi

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to`g’risida” gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 102 moddasi (yangi taxrir) talablariga asosan “O`zbekko`mir” AJ tashqi auditorlik xizmatiga tashkilotlarni saralash tanlovini e’lon qiladi.

Tanlov uchun taqdim qilinadigan taklif quyidagi hujjatlarni o`z ichiga olishi kerak:

– tijorat taklifi;
– Lisenziya nusxalari va sug’urta polisi;
– malaka sertifikatlari va CAP (6 kishidan kam bo`lmagan);
– tanlov hujjatlariga mos qo`shimcha taqdim qilinishi zarur bo`lgan boshqa hujjatlar.
– shartnoma loyihasi

Tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar pochta orqali yuborilishi yoki “O’zbekko`mir” AJ devonxonasiga quyidagi manzil orqali taqdim etilishi kerak:
110200, Toshkent vil., Angren sh., Istiqlol-1

Hujjatlar 2017 yil 13 may sanasiga qadar qabul qilinadi.

Qo’shimcha ma’lumotlarni olish uchun quyidagi telefonga murojaat qilish mumkin:
150-39-80 (Komutator orqali 60-171, 60-135 ichki raqamlari)