DANG‘ARADA KO‘MIR OMBORXONASI OCHILDI

Davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Dang‘ara tumani aholisining ko‘mir yoqilg‘isiga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish maqsadida ushbu hududda ko‘mir omborxonasini tashkil etish borasida ko‘rsatma berilgan edi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga yuklatilgan ushbu vazifa qisqa fursatda bajarilib, tumanda yangi zamonaviy ko‘mir omborxonasi ish boshladi. 1 gektar yer maydoniga ega omborxonada mijozlar va ishchi-xodimlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Iste’molchilar uchun alohida kutish zali, ishchi-xodimlar uchun esa yuvinish, dam olish va ovqatlanish xonalari mavjud.

Loyiha doirasida 350 metr masofada temir yo‘l shoxobchasi qurildi. Briket ishlab chiqarish texnologiyasi o‘rnatildi. Mazkur texnologiya 1 sutkada 150 tonna briket ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Ko‘mir ortib berish uchun yangi texnikalar xarid qilindi. 15 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Dang‘ara tumanida 170 ming aholi istiqomat qiladi. Tumanning ko‘mirga bo‘lgan yillik rejasi 11 ming 863 tonnani tashkil etadi. Shundan 8 ming 892 tonnasi aholi, 2 ming 971 tonnasi esa ijtimoiy soha ob’ektlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Shu kunga qadar iste’molchilarning mazkur yoqilg‘iga bo‘lgan talabi Qaqir ko‘mir ombori orqali ta’minlab kelingan. Qolaversa, ushbu omborxona tuman markazidan qariyb 40 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, bu ta’minot uchun ortiqcha ovoragarchilik va qi­yinchiliklarni yuzaga keltirayotgan edi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Qo‘qon birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligi tomonidan Dang‘ara tumani va Qo‘qon shahri chegarasida aholiga pullik xizmat ko‘rsatish savdo shoxobchasi ham ochildi. Bu yerda kichik hajm­dagi qoplarda ko‘mir briketlari qadoqlangan holda savdoga qo‘yilgan.

Farg‘ona viloyati bo‘yicha 10 ta omborxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, endi ularning soni yana bittaga ko‘paydi. Hozirgi kunda viloyatning Quva tumanida ham zamonaviy omborxona qurilmoqda. Bu ezgu ishlar aholining kundalik hayotida yuz berishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarning oldini olib, turmush farovonligini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.