E S L A T M A !


Word faylini yuklab oling

Is gazi (CO) yonish mahsulotlarining tutun tarkibiga kiruvchi toksik komponentlaridan biri hisoblanadi, hamda yonuvchan moddalar va materiallarning yonishi va tutab yonishi vaqtida ajralib chiqadi.

Is gazi qon tarkibidagi gemoglabin moddasi bilan faol bog‘lanib, karboksigemoglabinni hosil qiladi va kislorodni to‘qimalar hujayralariga yetib borishini to‘xtatadi va gipoksiyaga olib keladi. Shuningdek, is gazi organizmda oksidlanish reaksiyasiga kirishib, to‘qimalardagi biokimyoviy barqarorlikning buzilishiga olib keladi.

Is gazidan zaharlanishning birinchi alomati ko‘rish xususiyatining yomonlashishi, eshitish qobiliyatining pasayishi, peshona sohasida yengil og‘riq paydo bo‘lishi, bosh aylanishi, harakatni boshqarish va fikrlashning susayishi (keyinchalik ich burab og‘rishi, hushdan ketishi mumkin). Bunday holatlarda is gazi bilan zaharlangan binoni zudlik bilan tark etib, ochiq havoga chiqish lozim.

Is gazi bilan zaharlanish:

Yong‘in sodir bo‘lganda;

Is gazidan foydalangan holda organik moddalar (atseton, metil spirti, fenol) sintez qiluvchi korxonalarda;

Yaxshi ventilyatsiya qilinmayigan garajlarda, shamollatilmaydigan va kam shamollatiladigan binolarda, tunnellarda, binobarin bunday joylarda avtomobillardan chiqadigan tutun tarkibida motor karbyuratorining nosozligi oqibatida havoga 1-3%dan 10%gacha is gazi chiqariladi;

Harakat gavjum bo‘lgan yo‘llarda va unga yaqin joyda, yirik avtostradalarda havo tarkibidagi is gazi miqdori yuqori bo‘lib, zaharlanish xavfini keskin oshiradi;

Uy sharoitida shamchiroqdan chiqadigan tutun, isitish moslamalari (pechka) tuynugining o‘z vaktida yopilmasligi va tozalanmasligi oqibatida (uy ichida, xammomda);

Nafas olish apparatlarida sifatsiz havodan nafas olinganda zaharlanish mumkin.

Is gazidan yengil zaharlanganda:

Bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi, chakka kismida yoqimsiz tovush eshitiladi, bosh aylanishi, ko‘krak qafasida og‘riq, quruq yo‘tal,ko‘zdan yosh oqishi, chanqash, ich burashi, ko‘rish va eshitish gallyutsinatsiyasi, teri qatlamining qizarishi, shilliq qavatlarning qizarishi kuzatiladi.

Is gazidan o‘rta darajadagi zaharlanishda:

Uyku elitishi, odam xushli bulganda xam xarakatlanish organlarining paralich xolati yuz berishi mumkin.

Is gazidan og‘ir zaharlanganda:

Hushdan ketish, koma holatiga tushish, talvasa, beixtiyer hojat kelishi, nafas olishning izdan chiqishi, kuz qorachiqlarining yorug‘likka kuchsiz reaksiya qilishi bilan kuzatiladigan kengayishi, shilliq qavatlarning va yuz terisining keskin ko‘karib ketishi kuzatiladi. Yurak faoliyatining susayishi va nafas olishning to‘xtashi oqibatida o‘lim voqea sodir bo‘lgan joyda yuz berishi mumkin.

Koma holatidan chiqish vaqtida keskin harakatlanib hayajonlanish mumkin, bu esa yangidan koma holatining rivojlanishini anglatishi mumkin.

Ko‘p hollarda og‘ir asoratlar kuzatiladi:

Miyada qon aylanishining buzilishi, subaranxoidal qon quyilishi, polinevrit, miyada shish paydo bo‘lishi, ko‘ri sh va eshitish qobiliyatining pasayishi holatlari shular jumlasidandir

Miokard infarkti sodir bo‘lishi mumkin.

Terida pufakchalar paydo bo‘lib, shishib, keyinchalik nefrozga aylanadi. Mioglobinuriyali nefroz kayd etiladi.

Uzok vaqt hushdan ketish yuz berganda doimiy ravishda pnevmoniya kuzatiladi.

Is gazidan zaharlanganda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish:

Birinchi yordam doimo tez va malakali bo‘lishi lozim.

Yengil zaharlanganda jabrlanuvchiga kofe, achchiq choy berilib, paxtaga shimdirilgan nashatir spirtni hidlatish lozim.

Kuchli zaharlanishda (chanqash va ich burishi hollarida) jabrlangan kishini agar o‘zi xarakatlana olgan taqdirda ham yotqizgan holda toza havoga olib chiqish zarur. Agar bunday qilishning iloji bo‘lmasa, jabrlanganga ajratuvchi yoki SO markali filtrlovchi gazniqob kiydirib, organizmga is gazining ta’sirini to‘xtatish choralarini ko‘rish zarur. Agar zaharlanish gazniqob kiygan holda sodir bo‘lgan bo‘lsa, u holda gazniqobni almashtirish lozim.

Jabrlanuvchining siqib turgan kiyimlarini yechib tashlash lozim. Jabrlanuvchini tinch joyda qulay joylashtirish maqsadga muvofiq. Kuchsiz va yuzaki nafas olganda sun’iy nafas oldirish zarur.

Agar jabrlangan kishi hushsiz holda bo‘lsa, uni xavfsiz «holat»da (chalqancha) yotqizib, nafas olishini osonlashtirish, shuning bilan birga tilning tomoqqa tiqilib qolishining oldini olish zarur.

Organizmning sovuq qotishini oldini olish zarur. Isitish moslamasi yordamida organizmni ilitish, oyoqlarga achitqi quyish lozim, tanaga isitish moslamalarini qo‘yilganda ehtiyot bo‘lish lozim, chunki is gazidan zaharlangan odamlarda og‘riqni sezish qobiliyati pasayib, kuyishga moyilligi yuqori bo‘ladi.

Zudlik bilan shifokorni chaqirish lozim.

Is gazidan zaharlangan odamni organizmdagi gemoglabin bilan bog‘langan is gazini siqib chiqarish uchun iloji boricha ko‘proq va tezroq toza havodan nafas olishini ta’minlash shart. Birinchi 3 soat davomida organizmga yuqori konsentratsiyada toza kislorod (75-80%) bilan nafas oldirilishi lozim.

Zudlik bilan zaharlangan havo manbasi bartaraf etilib, 1,5-2 atm.bosimidagi toza kislorod yetkazib berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Tanani issiq artish, oyoqlarga isitish moslamasi (grelka) qo‘yish, qisqa muddatli nashatir spirti hidlatish zarur. Kuchli zaharlanganlarni gospitalizatsiya qilish lozim, chunki keyinchalik organizmda kuchli asoratlar qolishi mumkin.