ISHONCHLI HAMKORLIK YO‘LIDA

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Fazliddin Sagdullayev Rossiya ko‘mir sanoati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda asosiy e’tibor “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalidagi 45 foiz aksiyasini “Progress Gor Tex” mas’uliyati cheklangan jamiya­tiga uch yil muddatga, ishonchli boshqaruvga berilishi bilan bog‘liq masala muhokamasiga qaratildi. Shuning­dek, mamlakatimizdagi konlarning hozirgi imkoniyatlari, texnik va texnologik jihatlari, sohani yanada rivojlantirish haqida fikr almashildi.

O‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bosh­qaruv organlariga 2019 yil 1 iyungacha ishonchli boshqaruvchi tomonidan taqdim etiladigan jamiyat samaradorligini oshirish bo‘yicha biznes-rejani ko‘rib chiqish va tasdiqlash, aksiyadorlik jamiyati boshqaruviga xorijiy mutaxassislarni jalb etish borasida so‘z yuritildi. Biznes-reja parametrlari bajarilgan taqdirda 3 yillik muddatni yana uzaytirishga kelishib olindi.

Delegatsiya rahbari Yelena Drobina hamkorlikni yanada mustahkamlash, O‘zbekis­tonda ko‘mir sanoatini rivojlantirishda manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish, sohaga yangi texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.

Rossiyalik mutaxassislar “Angren ko‘mir koni” filialida ham bo‘lishdi. Xorijlik mehmonlarga “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining bugungi faoliyati, hayotga tadbiq etilishi kutilayotgan loyihalar haqida ma’lumotlar berildi. Yer osti va usti qazilma boyliklari, mavjud texnika va texnologiya­lar, geologik joylashuv, mavjud imkoniyatlar slayd­larda namoyish etildi.

Ma’lumki, 2017 yilning 8 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati va “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiya­tini “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga o‘tkazish hamda ko‘mir sanoati korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan edi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda ko‘mir sanoatini rivojlantirish, ko‘mir qazib oluvchi korxonalarning moddiy-texnik bazasini yanada takomillashtirish, moliya­viy qo‘llab-quvvatlash va investorlarni kengrok jalb qilishdir.

Rossiyalik sheriklar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash ham ana shu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi shubhasiz.