KASB BAYRAMI KENG NISHONLANDI

Har yilgi an’anaga ko‘ra may oyining uchinchi yakshanbasida Tog‘-kon va metallurgiya sanoati xodimlari o‘zlarining kasb bayramini keng nishonlaydilar. Mashaqqatli, ayni paytda sharafli kasb egalari bu kunni mehnatda yuqori ko‘rsatkichlar, sohada joriy etilayotgan yangiliklarning ijobiy natijalari bilan birga sport musobaqalaridagi zafarlar bilan qarshi olishni ham an’anaga aylantirishgan.
Mamlakatimiz xalq xo‘jaligini ko‘mir mahsuloti bilan ta’minlab kelayotgan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati konchilari ham ushbu sanani ko‘tarinki ruhda nishonladilar. 19 may kuni Angrendagi muhtasham “Osiyo” tantanalar zalida kasb bayrami munosabati bilan bayram dasturxoni yozildi. Dasturxon atrofida umrini kon yo‘nalishiga bag‘ishlagan faxriylar hamda ko‘mir sanoati taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgan ilg‘or konchilar diydorlashdilar.
Tantanali tadbirda shahar hokimi Ibrohimjon Rahmonov so‘zga chiqib angren konchilarini kasb bayrami bilan qizg‘in muborakbod etdi.

-“O‘zbekko‘mir” AJ faoliyati shahrimiz tarixi va taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq, – dedi shahar hokimi o‘z nutqida. – Konchilik sohasining mamlakatimiz rivojlanishida, xalqimizning farovon yashashida o‘rni beqiyos ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Sizning muvaffaqiyatlaringiz nafaqat jamoangizning, balki shahrimizning g‘urur-iftixoridir. Sohani yanada taraqqiy ettirish borasida amalga oshirayotgan ezgu ishlaringizda hamisha omad yor bo‘lsin.
I.Rahmanov bir guruh ilg‘or konchilarga shahar hokimligi Faxriy yorliqlarini topshirdi.

– Mamlakatimiz iqtisodiyoti bugun yangilanish, shaxdam rivojlanish bosqichiga o‘tganidan, soha mutasaddilarining mas’uliyati yanada kuchaytirilganidan va bu borada qanday ishlar amalga oshirilayotganidan ommaviy axborot vositalari orqali xabaringiz bor, – dedi Aksionerlik jamiyati Bosh direktori Sh.Po‘latov jamoani bayram bilan qutlar ekan. – Bizning sohamizda ham qator investitsiya loyihalari hayotga tatbiq etilmoqda. «2017-2021 yillar davomida ko‘mir sanoatini rivojlantirish va modernizatsiyalashni davom ettirish dasturi to‘g‘risida»gi qaror loyihasi tayyorlangan bo‘lib, bunga ko‘ra kelgusi yildan “Angren”, keyinroq esa “Nishbosh” shaxtalari qurilishi ishlari boshlanadi. Bu aholining ko‘mir mahsulotiga tobora o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirish, energetika sohasining qattiq yoqilg‘i bilan ishlashiga o‘tkazilishiga, mahsulot tannarxining pasayishiga erishish bilan bir qatorda mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Konchilik sohasidagi erishilgan yutuqlarimiz bisyor, lekin oldinda bizni bundan-da zalvorliroq vazifalar kutyapti. Bu yo‘lda barchangizga salomatlik, kuch-g‘ayrat, sharafli kasbingizda kamolot tilayman.

Bosh direktor tabrik yakunida mehnatda jamoaga ibrat bo‘lgan bir guruh konchilik sohasi xodimlariga I, II va III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari hamda “Faxriy yorliqlari”ni topshirdi. Ular orasida aksiyadorlik jamiyati ijro apparati bosh energetigi Xayriddin Qayumov, “Sanoatgeokontexnazorat” harbiylashtirilgan tog‘-qutqaruv qismi davlat mahkamasi shtab boshlig‘i Murodjon Abdibayev, “BelAZko‘mir” filiali 1-avtobaza kolonna boshlig‘i Turg‘un O‘sarov, “Angren” ko‘mir koni ekskavator mashinistlari Ne’matjon Xansaitov, Nurullo Jamolov, “Temir yo‘l transportini boshqarish” filiali elektrovoz mashinisti Xidirali Nurullayev, “Yer osti ishlari” filiali ishchisi To‘lqinjon Abdurahmonov va boshqa ko‘plab konchilar bor. Shuningdek, aksionerlik jamiyati filiallarining 200 nafardan ziyod ishchi-xodimlari ma’muriyat “Faxriy yorliqlari” bilan taqdirlandi. Konchilarni qutlash uchun Toshkent viloyati kasaba uyushmalari birlashmasi kengashi raisining o‘rinbosari Jahongir Xidirov so‘zga chiqib, Kengash tomonidan bir guruh faol xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.