MAHSULOTLAR SIFATI DOIM NAZORATDA

Raqobatbardosh, eksportbop mahsulot ishlab chiqarishda eng muhim jihat bu – yuqori darajadagi sifat, jahon andozalariga to‘la javob berish hisoblanadi. Ushbu omillarga jiddiy e’tibor qaratgan sanoat korxonalarigina yuqori ko‘rsatkichlarga erishishi, rivojlanishi, yuksalishi, bir so‘z bilan aytganda, o‘z o‘rnini topa olishi mumkin.

Mamlakatimiz energetika manbai bo‘lmish “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ham sifat nazorati eng muhim omil sanaladi. Xo‘sh, qanday qilib ko‘mir sifatini tekshirish, uni nazorat qilish mumkin?

Ma’lumki, mamlakatimizda tosh va qo‘ng‘ir ko‘mir bir qancha bosqichlar orqali qazib olinadi va xalq xo‘jaligiga yetkaziladi. Ushbu mahsulotning yonish darajasi, chidamliligiga qarab sifati oshib boradi. Shu bois jamiyat negzida sinov laboratoriyasi tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda mutaxassislar uning xususiyatlari, sifatini nazoratdan o‘tkazishadi. Jami 25 nafar xodimdan iborat jamoa kunu tun faoliyat olib boradi.

Chunki har bir yangi qazib olingan ko‘mir ko‘zdan kechiriladi. Texnik bo‘lim tomonidan taqdim etilgan nusxalar maxsus asbob-uskunalar orqali tekshiriladi. Kimyogarlar tomonidan ko‘mirning namligi, tarkibi, yonish darajasi, issiqlik miqdori, barcha xususiyatlari o‘rganiladi. Mazkur jarayon 2 soatni tashkil etadi.

Mutaxassislar tomonidan yaroqli deb topilsagina, mahsulot o‘z egasiga yetkaziladi. Agarda ko‘mirda biror bir nuqson aniqlansa, u qayta ishlashga yuboriladi.

– Jamoamizning asosini yoshlar tashkil etadi, – deydi kimyogar-muhandis Olga Musayeva. – Laboratoriya so‘nggi bor 2017 yil 29 dekabrda “O‘zstandart” agentligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu yerda ish jarayoni 2 smenada tashkil etilgan. Sinov binosi keng va yorug‘ bo‘lib, ishchi-xizmatchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Dam olish, ovqatlanish xonasi ularning ixtiyorida. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar, tajribalar “O‘zstandart” agentligi tomonidan muntazam nazorat qilib boriladi, har chorakda hisobotlar taqdim etiladi.

Shu bilan birga, har yili barcha ishchi-xodimlarimiz faoliyati, asbob-uskunalarning yaroqliligi mutaxassislar tomonidan ko‘zdan kechiriladi. Boisi ishlab chiqarilayotgan mahsulotning sifatiga sinov laboratoriyasi javob beradi. Bu esa bizdan sinchkovlik bilan ishlashni, sifatsiz mahsulot ishlab chiqarishga yo‘l qo‘ymaslikni, doim izlanishni talab etadi.

Laboratoriya zamonaviy asbob-uskunalar, ya’ni maxsus shkaf, o‘choq pechkasi, tarozi, kolorimetrik uskuna, spektrli fotometr va maydalagich bilan jihozlangan. Bu esa tekshirishni tez va sifatli amalga oshirish va mahsulotning xususiyatlarini oson aniqlashda qo‘l kelmoqda.

Shuningdek, kimyogarlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish, zamonaviy yangi texnologiyalardan foydalanishi uchun muntazam o‘qitib kelinmoqda. Albatta, xodimlarning malakasini oshirish ularning o‘z vazifalarini sifatli bajarish, doimo yangilikka intilib mehnat qilishlarida muhim omil bo‘ladi.