Maqsad – samaradorlikni oshirish

Joriy yilning 26 iyulida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3147- Qaroriga asosan “O‘zbekko‘mir” va “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibiga o‘tkazilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatlarining takliflari qabul qilindi.
Hozirda Jamiyatning aktivlarini “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga o‘tkazish bo‘yicha tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Ishlab chiqarish sur’atlarini oshirish maqsadida, mavjud bo‘lgan kon- texnikalarini ta’mirlash, qayta jihozlash va modernizatsiyalashtirish, jumladan, yangi texnikalarni xarid qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Uzoq muddatli ta’mirga muhtoj texnikalarni tiklash, shuningdek, joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan “MAN” rusumidagi 15 dona avtoulovlari xarid qilinishi kabi ishlarning amalga oshirilayotgani bois 2017 yilning III choragida 75ta yangi ish o‘rni yaratildi. Joriy yilda 236 ta o‘rta-maxsus kasb hunar kollejlari va 26 ta oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilari ish bilan ta’minlandi.
Shuningdek, jamiyat ishchi-xodimlarining malakasini oshirish maqsadida 2017 yilning 9 oyi davomida 195 ta ishchi-xodimlar malakasi oshirildi. Shulardan 41 tasi Rossiya Federatsiyasi Kemerovo mintaqaviy malaka oshirish institutida, 57 tasi Toshkent loyihalashtirish va avtomobil yo‘llaridan foydalanish va qurish institutida, 41 tasi Toshkent temir yo‘llari va muhandislari institutida, 30 tasi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida va 26 tasi Geologiya sanoati kadrlarni qayta tayorlash va malakasini oshirish davlat korxonasida amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 iyundagi PQ-3054-sonli “2017-2021 yillarda ko‘mir sanoatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra qator investitsion loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Bu o‘z navbatida 2017-2021 yillar davomida turli yo‘nalishlardagi kasblarga oliy va o‘rta maxsus ta’lim yo‘nalishlarida jami 1449 ta ishchi-xodimlarning tayyorlanishini taqozo etadi.

“O‘zbekko‘mir” AJ Ma’muriyati