MAQSADLAR ULKAN, REJALAR ANIQ

“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tarkibida jami 4 ta kon bo‘lib, ulardan biri – Appartak uzoq yillardan beri foydalanib kelinayotgan ko‘mir konlaridan hisoblanadi. Geologik qidiruvlar natijasida istiqbolli deb topilgan bu maskanda xomashyo qazib olish ochiq usulda olib boriladi.

Angren shahrining sharqiy qismida joylashgan konga kirib kelar ekansiz, yuk mashinalarining tinimsiz ko‘mir tashiyotgani, ekskavatorlarning uzluksiz harakati, jazirama issiqda ham, izg‘irin sovuqda ham birdek matonat ko‘rsatayotgan shaxtyorlar mehnatiga guvoh bo‘lasiz. Bu yerda inson beixtiyor o‘zini tinimsiz ishlab turadigan katta mexanizm ichiga tushib qolgandek his qiladi. Dispetcher xonasidan kuzata turib, tabiat in’om etgan ne’matni qazib olish va iste’molchilarga yetkazib berish qay darajada mashaqqatli ekanini tushunib yetasiz. Konchilar mehnatiga bo‘lgan hurmat va e’tiboringiz yanada ortadi.

Ma’lumki, yuqori quvvatga ega, zamonaviy texnika va mexanizmlar og‘ir sanoatning eng muhim bo‘g‘ini sanaladi. Shu bois ularning sozligi, ishlash vaqti, yoqilg‘i moylash mahsulotlarining yetarli darajada ta’minlanishi doim nazorat ostida. Chunki belgilangan rejani ortig‘i bilan bajarish, sifatli, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish aynan shunga bog‘liq. Appartak ko‘mir konida ham bu jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, mavjud 20 ta yuk avtomobili, 4 ta “BelAZ”, Yaponiyada ishlab chiqarilgan 2 ta gidravlik va shuncha elektr ekskavatorning faoliyati texnika bo‘limi tomonidan muntazam kuzatib boriladi.

Chunki bu yerdan eng yaqin temir yo‘l 5,2 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, tayyor mahsulotlar yuk avtomobillarida saralash punktiga yetkazib beriladi. Shuningdek, ochiq usulda ko‘mir qazishning ham o‘ziga xos mashaqqatli tomonlari bor. Bunda bir vaqtning o‘zida ham tuproq ishlari bajariladi, ham mahsulotning ustki qismi ochib boriladi.

Bu yerda ish 4 smenada tashkil etilgan bo‘lib, hozirda jami 300 nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qilib kelayapti. Appartakda ayni damda kuniga 1300 tonna ko‘mir qazib olinmoqda. Joriy yilda mazkur majmuada 340 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish belgilangan bo‘lib, mutaxassislar 100 ming tonna ortig‘i bilan ko‘mir qazib olishni rejalashtirishgan. Shu bilan birga, ko‘mir ustki qatlamini ochish uchun 2 million 760 ming metr kub tuproq ishlari bajariladi.

– Yurtimizda, asosan, toshko‘mir va qo‘ng‘ir ko‘mir ishlab chiqariladi, – deydi filial boshlig‘i Bobur G‘oyipnazarov. – Angren hududida qo‘ng‘ir ko‘mir qazib olinsa, Sharg‘unda toshko‘mir tayyorlanadi. Appartak konida ishchilarning unumli mehnat qilishi, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida, ortig‘i bilan bajarishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Tungi mehnat jarayoni samarali o‘tishi uchun yoritish tizimlari muntazam ishlab turadi. Dam olish xonalari ishchilarning ixtiyorida, oshxonamizda esa tunu kun issiq ovqatlar tayyorlanadi. Deyarli barcha ishchi-xodimlar maxsus kiyim­lar bilan ta’minlagan. Konchilarni ish joylariga olib borish va olib kelish uchun maxsus avtobuslar xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Maqsad ish samaradorligini oshirish, iqtisodiyotimizning rivojiga o‘z hissamizni qo‘shishdir.

Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2017 yilda 170 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish belgilangan bo‘lsa, appartaklik konchilar xalqimizga 206 ming tonna ko‘mirni yetkazib berishgan. Bu yerdagi ish ko‘lamini yanada oshirish, xalq xo‘jaligi uchun sifatli ko‘mir mahsulotini yetazib berish maqsadida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan bir qancha yangi loyihalar ustida ham ish olib borilmoqda.

Mazkur maskanda konchilar ko‘mir ustki qatlamini ochish, avtomobillar harakati uchun yo‘llar tayyorlash, ko‘mirni bezarar qazib olish ishlari bilan shug‘ullanishadi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, konchilar juda ham mas’uliyatli va ehtiyotkorlikni talab etadigan hududlarda faoliyat olib borishadi. E’tiborlisi, bu yerda geolog va muhandislar tomonidan yangi konlarni izlab topish, mavjudlarining ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida ko‘p­lab izlanishlarni ham birgalikda amalga oshirishmoqda.

– Bizning jamoada jami 40 nafardan ziyod konchi mehnat qiladi, – deydi uchastka boshlig‘i Lutfulla Nosirov. – Ular traktor va buldozerlarda asosan tuproq ishlarini bajarishadi. Dispetcherlik markazi tomonidan umumiy ish faoliyati kuzatiladi. Barcha nozirlar aloqa vositalari bilan ta’minlagan. Ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha ham bir qator tadbirlar olib borilmoqda. Buning uchun o‘quv va malaka oshirish markazlari faoliyat yuritayapti. Joriy yilda 2 nafar xodim Rossiyaning Kemerova viloyatida malaka oshirib keldi.

Ogohlik va hushyorlik bor joyda ish unumi yuqori bo‘ladi. Shu bois Appartak ko‘mir konida har kungi ish faoliyati texnika xavfsizliga oid ko‘rsatmalar bilan boshlanadi. Unda asosan, sanoat va texnika xavfsizligiga e’tibor berish, mehnat muhofazasiga rioya etish bo‘yicha ma’lumotlar beriladi.

Bu yerda konni texnik-texnologik yangilash – modernizatsiya jarayoni ham izchil olib borilayapti. Bu esa yaqin kelajakda Appartak konida ko‘mir ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish, mahsulot sifatini yaxshilash, iste’molchilarning talab va ehtiyojlarini yanada to‘laroq qondirishda keng imkoniyatlarni yaratadi.