O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 iyuldagi «Ko‘mir sanoatida boshqaruv tizimini takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3147 sonli qaroriga ShARH

Mustaqillik yillarida ko‘mir sanoatida respublika iste’molchilariga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha muhim tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ko‘mir sanoati korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda iqtisodiyotning real sektorlariga, respublika aholisiga va byudjet tashkilotlariga ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish mexanizmini takomillashtirishga doir 20 dan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining farmon va qarorlari qabul qilindi.
Natijada, ko‘mir konlarini ochish ishlari, ko‘mirni qazib olish va yetkazib berish hajmlarini ko‘paytirishga, aholiga va byudjet tashkilotlariga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish uchun hududiy distribyutorlik markazlari tizimini rivojlantirishga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil
13 iyundagi «2017-2021 yillar davomida ko‘mir sanoatini rivojlantirish va modernizatsiyalashni davom ettirish dasturi to‘g‘risida»gi PQ-3054 qarori tasdiqlandi. Ushbu qarorda Qaraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida geologik-qidiruv ishlarini amalga oshirish, ko‘mir qazib chiqarishni oshirishga qaratilgan umumiy qiymati 584,4 mln. dollarlik chet el investitsiyalari hamda O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasi sarmoyalarini jalb qilish yo‘li bilan amalga oshiriladigan 6 ta investitsiya loyiha, ko‘mir sohasini malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 1 449 nafar yosh mutaxasislar tayyorlash ko‘zda tutilgan (shu jumladan, magistrlar – 33 nafar, bakalavrlar – 244 nafar, o‘rta-maxsus kasb-hunarga ega mutaxasislar – 1 172 nafar).
Shu bilan birga, ko‘mir sanoati sohasida amaldagi boshqaruv tizimi va samaradorligi tahlil qilinganida, bir qator kamchilik hamda muammolar aniqlandi, jumladan:
ko‘mir sanoatini rivojlantirishda qo‘yilgan vazifalar sustkashlik va past samaradorlikda bajarilgan hamda respublika aholisiga va byudjet tashkilotlariga yetarlicha ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilmagan;
ko‘mir sotish va iste’molchilarga yetkazib berish bo‘yicha, hududiy distribyutorlik markazlarini nazorat va ularning faoliyatini uyg‘unlashtiruvchi yagona tashkilot bo‘lmaganligi;
zamonaviy korporativ boshqaruv usullaridan foydalana oladigan, ko‘mir sanoati samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan, yuqori malakali injener-texnik va boshqaruv xodimlarining yetishmasligi;
Shu munosabat bilan, respublika ko‘mir sohasi boshqaruv tizimini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, iste’molchilarga ko‘mir mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish, ko‘mir sanoati korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash strategik dasturlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan boshqa masalalarni hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ko‘mir sanoatida boshqaruv tizimini takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilindi.
Mazkur Qarorda quyidagilar nazarda tutilgan:
«O‘zbekko‘mir» va «Sharg‘unko‘mir» aksiyadorlik jamiyatlarini «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tarkibiga o‘tkazish;
«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv apparati tuzilmasi tarkibiga qo‘shimcha «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati sanoat masalalari bo‘yicha boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimi kiritilishi;
«O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyati faoliyatining quyidagi asosiy vazifalari va yo‘nalishlarini belgilash;
ko‘mir konlarida qazish ishlarini yo‘lga qo‘yish, xom ashyo bazasidan ratsional foydalanish, ko‘mir sanoati korxonalarini modernizatsiyalash va rivojlantirish;
ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, kon ustini ochish, ko‘mir qazib olish va yetkazib berishni oshirish, sohada yuqori texnologik uskunalarni keng joriy etishga qaratilgan yagona texnik siyosatni olib borish;
ko‘mir sanoatini rivojlantirishning joriy, o‘rta va uzoq muddatli prognozlarini, ilmiy-texnikaviy, iqtisodiy va siyosiy dasturlarini ishlab chiqish;
innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlarni o‘zlashtirish, energo-resurslar sarfini kamaytirishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;
ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini yanada oshirish, mahalliy xom ashyo resurslaridan foydalanish ustunligi asosida sohalararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, import o‘rnini bosishni ta’minlash;
faol investitsiya siyosatini amalga oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini sohaga jalb etish hamda aksiyadorlik jamiyatining strategik boshqaruvida aksiyadorlarning o‘rnini kuchaytirish, loyihalashtirish ishlarini takomillashtirish;
zamonaviy korporativ boshqaruv usullaridan foydalana oladigan, ko‘mir sanoatini samarali ishlashini tashkil etadigan, injener-texnik va boshqaruv xodimlarning malakasini oshirishda ko‘maklashish.
Mazkur Qaror asosida «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyatining hududiy distribyutorlik markazlari unitar korxonalarini yuridik maqomga ega bo‘lmagan filiallarga aylantirish yo‘li bilan ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish va sotish bo‘yicha yagona «Ko`mir ta’minot» masuliyati cheklangan jamiyati tashkil etilmoqda, «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyati tashkiliy va boshqaruv apparati tuzilmasi takomillashtirilmoqda.
Ko‘mir sanoati korxonalarini «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tarkibiga o‘tkazish va moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash maqsadida Ishchi guruhi tuzildi.
Ushbu Ishchi guruh zimmasiga ko‘mir sanoatining hozirgi kundagi holatini tahlil qilish, aktiv va majburiyatlarini inventarizatsiya qilish, «O‘zbekko‘mir» va «Sharg‘unko‘mir» aksiyadorlik jamiyatlarini «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tarkibiga o‘tkazish mexanizmi bo‘yicha takliflar tayyorlash, ko‘mir narxini shakllantirish bo‘yicha tahlil, jalb qilingan kreditlarni qaytarish manbalarini aniqlash, ishlab chiqarish texnologiyalariga rioya qilish bo‘yicha qabul qilingan qaror va topshiriqlarning bajarilishini tanqidiy tahlil qilish yuklatildi.
Ishchi guruh tahlili natijasida moliyaviy holatni tartibga solish, «O‘zbekko‘mir», «Sharg‘unko‘mir» va «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatlarining kredit va boshqa majburiyatlari, shu jumladan, ko‘mir sanoatini «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tarkibiga o‘tkazish mexanizmi bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Mazkur qarorning amalga oshirilishi:
birinchidan – aholiga va byudjet tashkilotlariga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatishga doir yaxlit xududiy distribyutorlik markazlarini tizimli tashkil etishni nihoyasiga yetkazish;
ikkinchidan – aksiyadorlik jamiyati va uning tashkiliy bo‘linmalarining ish samaradorligini oshirish, ko‘mir sohasi strategik investitsiya loyihalarini tizimli amalga oshirish;
uchinchidan – hududiy distribyutorlik markazlarining komission mukofotdan to‘lanadigan yagona soliqdan umumiy shartlardagi soliqlarga o‘tishi natijasida yiliga taxminan 2,1 mld.so‘mga soliq xarajatlarini kamaytirish, ko‘mir sotish korxonasining moliyaviy faoliyati ustidan nazorat olib borish;
to‘rtinchidan – aktiv va majburiyatlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, ko‘mir narxi shakllanishining tahlili, ishlab chiqarish texnologiyasiga rioya etish to‘g‘risida oldin qabul qilingan topshiriq va qarorlar bajarilishining tanqidiy tahlili, jalb etilgan kredit mablag‘larining to‘lov manbalarini aniqlash hamda moliyaviy masalalarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga ko‘mir sohasi korxonalarini o‘tkazish mexanizmini aniqlash imkonini beradi.