O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

 «O‘zbekko‘mir» AJ va «Sharg‘unko‘mir» AJni «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibiga o‘tkazish hamda ko‘mir sanoati korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida

[Ko‘chirma]

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017 y., 07/17/3380/0231-son)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ko‘mir sanoatini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish va uning korxonalari faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 26 iyuldagi PQ-3147-sonli qarori ijrosini ta’minlash hamda ko‘mir sanoati korxonalarining moliyaviy barqarorligini oshirishga doir tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida:

  1. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, «O‘zbekenergo» AJ, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Moliya vazirligining:

«O‘zbekenergo» AJga tegishli «O‘zbekko‘mir» AJ va «Sharg‘unko‘mir» AJning aksiyalari paketlarini «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning ustav kapitaliga davlat hissasi sifatida belgilangan tartibda balans qiymati bo‘yicha topshirish;

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan jamiyatlarning aksiyalarini boshqa aksiyadorlardan qonunchilikda belgilangan tartibda bozor qiymati bo‘yicha xarid qilgan holda «O‘zbekko‘mir» AJ va «Sharg‘unko‘mir» AJni unitar korxonalar etib qayta tashkil etish;

«O‘zbekko‘mir» AJga qarashli hududiy distribyutorlik markazlarining 13 ta unitar korxonalarini tugatish, keyinchalik ko‘mir omborlarini «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Temiryo‘lyonilg‘ita’min» boshqarmasiga topshirish;

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Temiryo‘lyonilg‘ita’min» boshqarmasining birlashgan yoqilg‘i-omborxona xo‘jaliklari negizida aholini, byudjet tashkilotlarini, iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarini ko‘mir mahsuloti bilan ta’minlash uchun ko‘mir omborxonalari tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

  1. «O‘zbekenergo» AJ (U.M. Mustafoyev) O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (R.A. G‘ulomov) bilan birgalikda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning ustav kapitaliga davlat ulushini ko‘paytirish hisobiga berilayotgan «O‘zbekko‘mir» AJ va «Sharg‘unko‘mir» AJning «O‘zbekenergo» AJga tegishli aksiyalari paketlarining balans qiymati summasi miqdorida «O‘zbekenergo» AJning ustav kapitali kamaytirilishini ta’minlasin.
  2. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «O‘zbekko‘mir» UKning boshqaruv xodimlari cheklangan soni 57 nafardan iborat ijro etuvchi apparati tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisiga, zarur hollarda, «O‘zbekko‘mir» UKning ijro etuvchi apparati tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni doirasida o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.

  1. Belgilab qo‘yilsinki, «O‘zbekenergo» AJ investitsiya loyihalarini amalga oshirish davomida tuzilgan amaldagi bitimlar doirasida O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar bo‘yicha majburiyatlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ko‘mir tannarxini pasaytirish va ko‘mir sanoatini yanada rivojlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2003 yil 7 avgustdagi 345-sonli qarori bilan tashkil etilgan Ko‘mir sanoatini texnik qayta jihozlash va modernizatsiyalash jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan so‘ndirishni amalga oshiradi, 2-ilovaga* muvofiq, kreditlar so‘ndirilgandan keyin mazkur bandda ko‘rsatilgan Jamg‘armaning amal qilishi to‘xtatiladi.
  2. Belgilansinki:

«O‘zbekko‘mir» UK va «Sharg‘unko‘mir» UK energiya manbalarining narxlari (tariflari) qayta ko‘rib chiqilgunga qadar ko‘mir tarmog‘i tashkilotlari tomonidan olinayotgan elektr energiya uchun haq to‘lashni X tarif guruhi bo‘yicha qonunchilikka muvofiq xo‘jalik ehtiyojlari uchun belgilanadigan energiya tizimi tariflari asosida amalga oshiradi;

3-ilovaga* muvofiq, «O‘zbekko‘mir» AJ tomonidan jalb etilgan kreditlar bo‘yicha berilgan «O‘zbekenergo» AJning topshiriqnomalari belgilangan tartibda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qaytadan rasmiylashtiriladi.

  1. 2017-2018 yillar kuz-qish davrida ko‘mir qazib chiqarish va respublika bo‘yicha yetkazib berishning reja-jadvali 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvchi raisi A.J. Ramatov, «O‘zbekko‘mir» UK, «Sharg‘unko‘mir» UK rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar hokimlari zimmasiga:

kuz-qish davrida aholiga hamda byudjet tashkilotlariga ushbu qaror bilan tasdiqlangan hajmlarda ko‘mir mahsuloti o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berilishini;

ko‘mir mahsulotini yetkazib berishning barcha bosqichlarida uning saqlanishini;

byudjet tashkilotlari uchun ko‘mir mahsulotiga narx belgilanishi darajasi, aholiga sotiladigan ko‘mirning chakana narxiga rioya etilishi, shuningdek, ularning asossiz ravishda qimmatlashib ketishining oldini olish va chek qo‘yish choralari ko‘rilishi ustidan samarali nazoratni ta’minlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

  1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:

qonun hujjatlariga muvofiq, unitar korxonalar etib qayta tashkil etilayotgan «O‘zbekko‘mir» AJ va «Sharg‘unko‘mir» AJ, ular topshirilgunga va qayta tashkil etilgunga qadar amalda bo‘lgan barcha huquqlar, majburiyatlar, imtiyozlar va afzalliklar bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadilar;

«O‘zbekko‘mir» UK va «Sharg‘unko‘mir» UK ob’ektlarini qo‘riqlash «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi kuchlari tomonidan amalga oshiriladi.

  1. O‘zbekiston Respublika Prezidentining ««Sharg‘unko‘mir» AJning loyiha quvvatini yiliga 900 ming tonnagacha toshko‘mir qazib chiqarishga yetkazgan holda uni modernizatsiya qilish» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 13 yanvardagi PQ-2727-sonli qaroriga 5-ilovaga* muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin.

*1 — 5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ko‘mir sanoatini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish va uning korxonalari faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 26 iyuldagi PP-3147-sonli qarorining 3-bandi, shuningdek, uning 1- va 2-ilovalari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
  2. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ (A.S. Shukurov), «O‘zbekenergo» AJ (U.M. Mustafoyev) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultonov va O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi R.A. G‘ulomov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYoYeV

Toshkent sh.,

2017 yil 8 noyabr,

PQ-3380-son