SOHAVIY SANOAT YARMARKASI DOIRASIDA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 martdagi “2017 yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 153-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekko‘mir” AJ joriy yilning 7-9 iyun kunlari “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazma markazida o‘tkazilgan Sohaviy sanoat yarmarkasida tog‘-kon transporti va kon-shaxta uskunalari uchun detallar, butlovchi qismlar hamda hududiy distribyutorlik markazlari bazasida ishlab chiqarilayotgan briket mahsulotlari namunalari bilan ishtirok etdi.
Hozirgi kunda Jamiyatda qator investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilishi bilan birga import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi hajmi ham tobora ortib bormoqda. Aksiyadorlik jamiyatining “Tog‘ texnologik uskunalarini sozlash zavodi” filialida mahalliylashtirish dasturi asosida 2006 yildan shu kunga qadar 269 turdagi mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, yana 51 turdagi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Sohaviy sanoat yarmarkasida doimiy hamkorlarimiz bo‘lgan “OKMK” AK, “NKMK” DK, “Geoburtexnika” MChJ, “Andijonmash” AJ, “Vodiy Energomash mexanika” MChJ va mamlakatimizdagi boshqa ko‘plab korxonalarga shartnoma asosida mahalliy mahsulotlar yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Uch kun davom etgan sanoat yarmarkasida qator nufuzli korxonalar bilan turli xildagi mahsulotlar tayyorlab berish bo‘yicha 1,2 mlrd. so‘mlik shartnomalar imzolandi.