Tarixi

O’zbekiston ko’mir sanoati tashkil topishi Ikkinchi jahon urushi boshlangunga qadar ochilgan Markaziy Osiyodagi eng yirik Angren konining sanoat o’zlashtirilishi boshlanishiga to’g’ri keladi.

Kondan foydalanish 1940-1943 yillarda oltita shaxta joylashmasi bilan yerosti usulida boshlangan. Ko’mir ochiq koni qurilishi 1941 yilda boshlangan. Yer qazish texnikasi sifatida “Marion” firmasi (AQSh) tomonidan ishlab chiqarilgan temir yo’lda yuradigan, takomillashmagan va kam unumdor, 1- 1,25 m3 kovsh sig’imiga ega bug’ ekskavatorlaridan, mahalliy ishlab chiqarilgan qo’lda yukdan bo’shatiladigan 1,5-2 tonna yuk ko’taruvchi transport vositalaridan foydalanilgan.

1948 yilda Angren ochiq koni foydalanishga topshirilgan va ushbu sana O’zbekiston ko’mir sanoati rivojlanishining boshlanishi hisoblanadi, chunki mazkur ochiq kon nafaqat Respublikada, balki butun O’rta Osiyoda ham asosiy va eng yirik ko’mir qazish korxonasi hisoblanadi. Joriy yilda esa 9-sonli shaxta foydalanishga topshirildi. Ochiq kondan foydalanishga topshirilgan paytdan boshlab 130 mln tonnadan ortiq ko’mir qazib olinib, uning 30 mln tonnadan ko’prog’i 9-sonli shaxta hissasiga to’g’ri keladi.

Ko’mir tarmog’i islohotlari 1994 yildan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi ko’mir sanoatini boshqarish tizimini takomillashtirish bo’yicha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 271-sonli Qarori qabul qilinishi bilan boshlandi, ushbu qarorda ko’mir korxonasini bosqichma-bosqich davlat boshqaruvidan chiqarish va xususiylashtirish tartibi va mexanizmi tasdiqlangan.

Texnik rivojlanish bosqichlari

Ko’mir ochiq konini texnik qayta ta’minlash birinchi bosqichi 1954-1965 yillarga to’g’ri keladi. Bu vaqtga kelib, birinchi mahalliy SE-3 (UZTM) ekskavatorlari va odimlovchi ekskavatorlardan foydalanilgan. Ushbu davrda ekskavatorlar parki yangilandi: ochiq konga uzaytirilgan uskunali mexanik kuraklar kelib tushdi; ko’mirni yetkazib berish konveyer liniyalari yanada quvvatli KRU-350, KRU-300, KL-150, LKU-250 konveyerlari bilan almashtirildi; yuqori unumdorli VTO-2, UShVT-M, SVB-2, SBSh-250 burg’ilash dastgohlari joriy qilindi. Yangi ko’chirib tushiradigan xo’jalik tashkil qilindi, temir yo’l transportida bug’li yuk tortish mexanizmi elektrovoz bilan almashtirildi.

Texnik qayta ta’minlash ikkinchi bosqichi (1978-1990 yillar) ochiq konda ko’mir qazib olish hajmini 1.5-2 marta oshirilishini nazarda tutdi. Ushbu davrda EKG-8I, EKG-12,5, EKG-15, EKG-4U yangi ekskavatorlari, yuk tortish agregatlari, katta yuk ortish quvvatiga ega yukni o’zi tushiruvchi vagonlar (dumpkarlar) tatbiq qilindi. Bu 1990 yilda ko’mir qazib olish hajmini 5,77 mln tonnaga, kon ochish ishlari hajmini 50 mln.m3ga yetkazish imkonini berdi.

Xronologik ma’lumotnoma

1932 yil – Angren konida ko’mir zaxiralari mavjudligi to’g’risida birinchi ma’lumotlar olindi.

1940 yil – Ko’mir bo’yicha geologiya-qidiruv ishlari boshlandi. Ko’mir uyumlarini ochgan quduq qazildi. Angrenda ko’mir korxonalarini qurish to’g’risida hukumat qarori qabul qilindi.

1941-43 yillar – Oltita shaxta o’rnatildi – 1, 2, 3, 8, 9-sonli, 2-bis.

1941 yil – “Angren ko’mir havzasida ko’mir ochiq konini qurish to’g’risida” hukumat qarori qabul qilindi. Shargun toshko’mir koni ochildi. Bir yil ichida taxminan 15 ming tonna ko’mir qazib olindi.

1942 yil – O’zbekistonda ko’mir qazib olish bo’yicha birinchi amal qiluvchi korxona – 1-sonli shaxta foydalanishga topshirildi. Toshkentga birinchi ko’mir ortilgan eshelon jo’natildi. Bir yil ichida 29,5 ming tonna ko’mir qazib olindi.

1943 yil – 2 va 3-sonli shaxtalar foydalanishga topshirildi. Bir yil ichida 55 ming tonna ko’mir qazib olindi.

1944 yil – 100 ming tonna ko’mir qazib olindi.

1947 yil – 9-sonli shaxta va Angren ko’mir ochiq koni qurilishi yakunlandi.

1948 yil – O’zbekiston ko’mir sanoati tiklanishi bosqichli sanasi – yiliga 1,5 mln tonna ko’mir qazib olish quvvatiga ega ko’mir ochiq koni va yiliga 480 ming tonna ko’mir qazib olish quvvatiga ega 9-sonli shaxta (2-sonli bis bilan birga) foydalanishga topshirildi.

1954-57 yillar – Ko’mir ochiq konining birinchi rekonstruktsiyasi o’tkazildi.

1958 yil – Yiliga 400 ming tonna ko’mir qazib olish quvvatiga ega “Shargun” shaxtasi foydalanishga topshirildi.

1964 yil – 9-sonli shaxtada ko’mir qazib olish hajmi 1 mln tonnadan oshdi.

1978-90 yillar – “Angren” ochiq konining ikkinchi rekonstruktsiyasi o’tkazildi.

1990 yil – “Angren” ochiq konida 5,77 mln tonna ko’mir qazib olindi.

Nomlanish o’zgarishlari:

1957 yilgacha – «O’rtaosiyoko’mir» kombinati (Toshkent sh.);

1957-63 yillar – «O’zbekko’mir» kombinati (Angren sh.);

1963-65 yillar – «O’rtaosiyoko’mir» kombinati (Toshkent sh.);

1965-70 yillar – «O’zbekko’mir» kombinati (Angren sh.);

1970-76 yillar – «O’rtaosiyoko’mir» kombinati (Toshkent sh.);

1977-94 yillar – «O’rtaosiyoko’mir» Ishlab chiqarish birlashmasi (Toshkent sh.);

1994-2004 yillar – «Ko’mir» Aktsiyadorlik birlashmasi;

2004-2014 yillar – «O’zbekko’mir» Ochiq aktsiyadorlik jamiyati;

2014 yildan hozirgi vaqtgacha – «O’zbekko’mir» Aktsiyadorlik jamiyati.

«O’zbekko’mir» AJ o’zining butun faoliyati mobaynida O’zbekistonda ko’mir qazib olish va yetkazib berish ishlarini amalga oshirib kelmoqda. Hozirda ko’mir tarmog’i xodimlari tomonidan yiliga 4 mln tonnadan ortiq ko’mir qazib olinadi. Elektr-energetika sektori ko’mir yonilg’isining asosiy iste’molchisi bo’lib, umumiy ko’mir iste’molining 85 foizidan ortig’i ushbu tarmoq hissasiga to’g’ri keladi. Sanoat korxonalari, ijtimoiy va kommunal, o’quv sohalari, aholi ham qattiq yonilg’iga talabni yuzaga keltiradi. Hozirgi vaqtda ko’mirning katta qismi Angren kul rang ko’mir konidan qazib olinadi. Shuningdek “Shargunko’mir” ko’mir tarmog’i tarkibida Surxondaryo viloyatida toshko’mir konlarini qazib olmoqda.

Hozirgi vaqtda ko’mir tarmog’ini ustuvor rivojlantirish doirasida asosiy vazifalar quyidagilardan iborat:

– zamonaviy tog’-kon transport texnikasi qo’llanilishi, ko’mir sanoati korxonalarini modernizatsiyalash, tiklash va texnik qayta ta’minlash, elektr energiya ishlab chiqarish tarkibida ko’mir hissasini ko’paytirish hisobiga ko’mir qazib olishni bosqichma-bosqich oshirish;

– yuqori qo’shimcha qiymatli yakuniy mahsulot olish uchun ko’mirni qayta ishlashning ustuvor yo’nalishlarini tanlash;

– aholiga va byudjet tashkilotlariga yetkazib beriladigan ko’mir qazib olish hajmlarini va sifatini oshirish;

– ko’mir tarmog’i korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, operatsion chiqimlar, debitorlik va kreditorlik qarzlari kamaytirilishini ta’minlaydigan moliya mexanizmlarini joriy qilish, moddiy-texnik yangilanish va rivojlanish uchun vositalar bilan ta’minlash;

– istiqbolli zonalarda geologiya-qidiruv ishlarini o’tkazish asosida ko’mir xom ashyosining zaxira bazasini oshirish;

– ko’mir tarmog’ini malakali kadrlar bilan ta’minlash.

Tanglik (krizis) sharoitlarida faoliyat taktikasini ishlab chiqib, «O’zbekko’mir» AJ kelgusida ishlab chiqarish hajmlari o’sishini ta’minlash, tarmoq faoliyatining iqtisodiy samaradorligini oshirish imkonini beradigan texnik qayta ta’minlanish va modernizatsiyalash bo’yicha loyihalar, investitsion loyihalar muvaffaqiyatli tatbiq qilinishini hozirda ham davom ettirib kelmoqda, bu orqali kelajakdagi barqaror rivojlanishga zamin yaratmoqda.

Bugungi kunda «O’zbekko’mir» AJ jamoasi faoliyat yo’nalishi tarmoqni yangilash, texnik va texnologik modernizatsiyalashga qaratilgan bo’lib, o’z navbatida, bu O’zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga o’zining munosib hissasini qo’shish imkonini beradi.