XALQ MAMNUN BO‘LDI

Shahrimizdagi 37-umumta’lim maktabi faollar zalida “Navro‘z”, “Yangi Bog‘i surh”, “Namuna” va boshqa mahallalar faollari bilan kuz-qish mavsumida sifatli qattiq yoqilg‘i ta’minoti masalasi va aholini o‘ylantirayotgan qator muammolar yuzasidan yuzma-yuz muloqot bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda shahar hokimi I.Rahmonov, “O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktori Sh.Po‘latov, shahar bosh prokurori X.Babayev, shahar IIB boshlig‘i K.Boybo‘tayev, shahar IIB YoXBHYoXQ boshlig‘i I.Samatov,Toshkent viloyati hududiy distribyuterlik markazi rahbari M.Shuhratov, Xalq deputatlari Angren shahar Kengashi deputati M.Shodimatov, shahar Xalq qabulxonasi mutaxassisi D.Po‘latov, “O‘zbekko‘mir” AJ ko‘mir yetkazish va sotish boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari F.Alimovlar ishtirok etib, aholini qiziqtirgan savollarga javob berdilar.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, fuqarolarni asosan aholiga ajratiladigan qattiq yoqilg‘ining sifati, hajmi, distribyutorlik markazlari tomonidan taqdim etilayotgan briket mahsulotlarining issiqlik quvvati kabi masalalar qiziqtirganligi bois Jamiyat bosh direktori Sh.Po‘latov bugungi kunda ko‘mir konlarida amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘mirning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar va buni bartaraf etish bo‘yicha ishlarning borishi to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi hamda mahalla faollarini, konchi faxriylarni mavjud holat bilan yaqindan tanishish uchun konga taklif qildi. Shuningdek, soha rahbari bu yilgi qishki mavsumda har bir oilaga uch tonnadan qattiq yoqilg‘i ajratilishini, 15 iyulgacha ko‘mir oluvchi aholining tasdiqlangan ro‘yxati Jamiyatga topshirilishi shartligini, mahalla faollaridan ikki kishidan iborat komissiya tuzish va unga aholi uchun chiqarilayotgan ko‘mirning sifatini nazorat qilish vazifasi yuklatilishi muhim ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga mavsumda ko‘mir tashib, kirakashlik qilayotgan yuk mashinalarining faoliyatini qonuniylashtirish, kira haqini arzon va me’yorlashtirish, ko‘mir tarqatilishi jarayonida qat’iy tartib intizom o‘rnatish bo‘yicha shahar hokimligiga, soliq mahkamasi va ichki ishlar bo‘limi rahbarlariga qator takliflar kiritdi.

Jamiyat bosh direktori muloqot davomida fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob berar ekan, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 30 dekabrdagi 422-qarori ijrosi bo‘yicha viloyatlardagi 84 ta ko‘mir omborida sifatli briket tayyorlovchi uskunalar (shundan 14 tasida sutkasiga 150 tonna, 70 tasida 30 tonna mahsulot ishlab chiqariladi) o‘rnatilib, aholining ko‘mir mahsulotiga ehtiyojini qondirishga qaratilgan ishlar jadal olib borilayotganligi haqida atroflicha to‘xtaldi. Tarkibi qazib olinishi jarayonida maydalanib ketgan ko‘mirdan iborat bo‘lgan briketning tayyorlanish texnikasi va sifatini ko‘zdan kechirishni istovchilarni muloqotdan so‘ng “Toshkent ko‘mir yetkazuvchi” distribyutorlik markaziga maxsus avtobusda ekskursiya uyushtirishni taklif qildi. Tez orada 1-3 kilogrammda qadoqlanib, barcha xo‘jalik mollari do‘konlarida sotuvga chiqarilishi rejalashtirilayotgan briket mahsulotini xarid qilishlari mumkinligini, agar e’tirozlar bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishlari uchun mas’ul mutaxassislarni tanishtirib, telefon raqamlarini yozib qo‘yishlarini so‘radi. Sh.Po‘latov yig‘ilganlarning savollariga javob berar ekan, ko‘mir oluvchi 34 ta mahalladan jami 34 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj nafaqaxo‘rni uch tonnadan ko‘mir bilan ta’minlashni zimmasiga oldi.

Xalq kutgan va o‘zlarini o‘ylantirgan muammolarga yechim topgan muloqot yakuniga yetib, yig‘ilganlardan kimdir ishonch, umid, yana kimdir zalvorli vazifalar bilan zalni tark etdi. Lekin maktab hovlisida dilkash suhbat yana davom etdi. Hali uchrashuv ibtidosida olov qalangan ikkita ikki xil briket to‘ldirilgan pechkalardagi issiqlik quvvatini bilishga barcha birdek qiziqdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

-Yurt ustidagi rahbarlar kelib, xalqning ko‘ziga tik qarab, vaziyatni tushuntirib, xalq manfaati yo‘lida qilinayotgan ishlarni borib ko‘ringlar, deyishyapti, – deydi hassa tayanib sekin odimlab ketayotgan otaxonlardan biri. – Qancha xarajat hisobiga qazib olinayotgan ko‘mirni maydasini-yam isrof qilmasdan, yaxshi briketni ham o‘zimiz ishlab chiqaryapmiz, sifatiga mas’uliyatini ham bo‘ynimizga olamiz, deyapti konchilarning eng katta rahbari. Bundan biz juda xursand bo‘ldik. Xalqning ishonchini oqlashiga o‘zi ishongan odamgina mana shunday dadil o‘rtaga chiqib, gapning dangalini aytadi.

Yig‘ilganlar avvalgi yillarda ishlatib ko‘rgan briketlarining issiqlik quvvati umuman talabga javob bermaganligini va shuning uchun ham odamlar orasida bu mahsulotga qiziqish yo‘qligini bildirishdi. Agar distribyuterlik markazlarida ishlab chiqarilayotgan briketlarning sifati doim nazoratda bo‘lsa, iste’molchilarning ko‘nglidagi ish bo‘lardi, deyishdi ular.

Tashrif buyurgan shahar mutasaddilari hali yana uchrashishlarini, mavsum yakunida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berish uchun kelishlarini ta’kidladilar.