Yillik reja ortig‘i bilan uddalandi

Mahalliy aholi “9-shaxta” deb o‘rgangan konimiz mamlakatimizdagi eng to‘ng‘ich ko‘mir konlaridan biri. U Ikkinchi jahon urushi yillarida, ya’ni 1942 yilda qurib ishga tushirilgan. U paytlarda bir necha ko‘mir shaxtalari ochilgan edi. Bugungi kunda faqat bizning shaxtamiz saqlanib qolgan va hozirgi kunda ham ko‘mir mahsuloti yetkazib bermoqda, − deydi “O‘zbekko‘mir” AJning “Shaxta usulida ko‘mir qazib olish koni” filiali boshlig‘i Jahongir Mutallipov.

Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, ushbu yer osti konida asosiy maydonlardagi ko‘mir o‘tgan salkam 80 yil davomida deyarli qazib olingan. Iste’molchilarga bir paytlar yiliga 300 ming tonnagacha “qora oltin” yetkazib berilgan. Ammo hozir ham shaxtada zahiralar bor.

Joriy yilda konchilarga 40 ming tonna ko‘mir qazib olish vazifasi yuklatilgan. Hozirgi kunda bu ko‘rsatkich amalda 50 ming tonnadan ortib ketdi. Yil oxirigacha ko‘mir qazib olish hajmini 54 ming tonnaga yetkazish kutilmoqda.

Angren ko‘mir konlarida hozirgi kunda bir qancha istiqbolli loyihalar mavjud. Ayni kunlarda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda Nishbosh hududida ko‘mirni shaxta usulida qazib olish bo‘yicha loyiha ustida ish olib borilmoqda. Ushbu loyiha ishlab chiqarishga tatbiq etilsa, yiliga o‘rtacha 2,5-4 mln. tonna ko‘mirni shaxta usulida qazib olish mumkin bo‘lar ekan.

Bugungi kunda Shaxta usulida ko‘mir qazib olish konida 270 dan ziyodroq xodim mehnat qilmoqda. Tozalash zaboyi kon ishchisi Jo‘ra Xatamov, hamisha jon kuydirib ishlaydigan tog‘-kon mustahkamlovchisi Xojiakbar Xadjiyarov, kon o‘tuvchisi (proxodchik) Hamid aka haqida kon ma’muriyati juda iliq fikrlar bildirdi. Jamoada o‘ttiz to‘rt yildan buyon fidokorona mehnat qilib kelayotgan muhandis-texnolog, konchi yoshlarning ustozi Inomali Komilov, tog‘-kon uskunalari elektr chilangarlari Xolmurod Toshev, Rahmatilla Boymurodov, ma’muriy binolar inshooti ustasi Muhabbat Norinboyeva, katta tabelchi Oksana Viktorovna Zlobina, ko‘mir yuklash bo‘yicha usta Murod Irmatovlar ham kon ilg‘orlari sanaladi.