Yoshlar bilan ochiq muloqot

Shahrimizdagi “Yoshlar markazi” madaniyat saroyida “O‘zbekko‘mir” AJ da faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘rtasida bugungi kunda dolzarb hisoblangan qator mavzularda davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Jamiyat Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda barcha filiallardan vakillar qatnashdi.

Suhbatni Jamiyat Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi A.Qayumov xalq farovonligi, tinch-totuvligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqidagi nutqi bilan ochib berdi. Shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi N.Nazarova davra suhbatini yoshlar bilan ochiq muloqot sifatida boshladi.U o‘tgan chorak asr mobaynida mamlakatimizda xalq farovonligini oshirish borasida bajarilgan ezgu ishlar “Inson manfaatlari va xalq bilan muloqot” yilida ham izchil davom ettirilayotganligini misollar asosida gapirib o‘tdi. Yoshlar ittifoqi shahar kengashi raisi D.Melikov 30 iyundagi O‘zbekiston Respublikasi “Kamolot” YoIH IV qurultoyida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning ishtiroki, yoshlarga nisbatan haqqoniy tanqidlar, tahlillar va o‘rinli takliflar kiritgan murojaatidan chiqargan xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ommaviy axborot vositalari orqali yurtboshimizning biz yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochib berganidan, Yoshlar ittifoqi raisiga, joylardagi yoshlar yetakchilariga qanday vakolatlar bergani, faol a’zolarga imtiyozlar, eng chekka hududlardagi uyushmagan yoshlarning ham hayotda o‘z o‘rnini topishga ko‘mak berish borasidagi topshiriqlaridan xabardor bo‘ldingiz. Biz, ya’ni qurultoy ishtirokchilari bunday e’tibordan, ayniqsa, 30 iyun – “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinganidan juda xursand bo‘ldik. Endi aziz yoshlar, muammolarimizni hamjihatlikda hal qilishimiz uchun juda katta imkonimiz, siyosiy maydonda o‘z o‘rnimiz bor. Keling, bu imkoniyatdan foydalanib, o‘z kelajagimizni yarataylik, bugungi hayotimizga mazmun, farog‘at bag‘ishlaylik!-dedi D.Melikov.-“O‘zbekko‘mir” AJning har bir filialida “Yoshlar ittifoqi”ning boshlang‘ich tashkilotlari tuziladi va har biringiz bu yerga o‘zingizni qiziqtirgan mavzulardagi muammolar yoki takliflaringiz bilan bemalol murojaat etishingiz mumkin. Yoshlar ittifoqiga ajratiladigan keng, zamonaviy binoda davr talabi darajasidagi kasblarni egallashingizga, tadbirkorlik sirlarini o‘rganishingizga sharoitlar yaratiladi.

Shahar sanitariya-epidemiologiya markazi shifokori N.Raxmanova yig‘ilganlarga turli xil yuqumli kasalliklar haqida qisqacha ma’lumot berib, ma’naviy tubanlik, nosog‘lom muhit inson hayotiga xavf soluvchi viruslar bilan zararlanishga olib kelishidan ogohlantirdi. Ayniqsa, asr vabosi hisoblangan OITS kasalligining qanday yo‘llar bilan yuqishi va uning ayanchli oqibatlari, bundan saqlanish choralari aksariyat hollarda o‘z qo‘limizda ekanligi haqida yana bir bor bong urdi. Shuningdek, yana bir xavfli illat – giyohvandlik domiga tushib qolgan yoshlarning taqdiri, buning zurriyodlarga salbiy ta’siri haqida Toshkent viloyati narkologiya dispanseri tashkiliy-uslubiy bo‘limi mudiri G.Shaismatova so‘zlab berdi. Tibbiyot xodimlari har bir shaxs anonim tarzda shahrimizdagi yuqumli kasalliklar poliklinikasida qon tahlillari orqali o‘z salomatliklarini tekshirtirish huquqiga egaliklarini ta’kidladilar.

Yoshlarning turli xil oqimlarga kirib ketishlarining oldini olish, sobit irodali, yuksak ma’naviyatli yoshlar tarbiyasi haqida Qoraboshboy jome masjidi imom xatibi I.Imanov atroflicha to‘xtaldi. U farzandlar to‘kis oilada voyaga yetishlari, ayolning bag‘ri butunligi, xotirjamligini ta’minlash, ro‘zg‘or egalarining oxiri jahannamga eltuvchi nopok yo‘llarni tanlamasliklari uchun yurt otasi sifatida prezidentimiz tomonidan ko‘plab xayrli amallarning, tartib-intizomning hayotga tadbiq etilayotganligi xususida gapirdi.

Suhbat so‘ngida mehmonlar yig‘ilganlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.