Yoshlar e’tiborda

Mamlakatimiz kelajagi bugungi yoshlarning barkamolligi, yuqori ma’naviyati va ta’lim-tarbiyasi bilan bevosita bog‘liqligi shubhasiz. Ayniqsa, hozirgi axborot asrida yoshlar bilan doimiy ishlash masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Jamiyatimiz ishchi-xodimlarining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Aniqrog‘i, 2348 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar mehnat qilayotgan bo‘lsa, shundan 360 nafari ayol-qizlar. Ularning har birining o‘z dunyoqarashi, hayot haqida tushunchalari, yutuq va muammolari bor. Qaysi birlari biror yo‘nalishdagi g‘oyalarini amalga tadbiq etishda o‘zida kuch topolmaydi yoxud umr so‘qmoqlarida qoqilib, tushkunlik domidan chiqolmay sarson. Ular qanday inson bo‘lishidan qat’iy nazar bizning yurtdoshimiz, zamondoshimiz. Ularni o‘z holiga tashlab, vaqt hukmini kutishga haqqimiz yo‘q. Shunday ekan, jamoamizdagi yoshlar bilan samimiy muloqot o‘rnatish, muammolarni hal etish choralarini ko‘rish, zarur hollarda to‘g‘ri yo‘nalish berish bizning asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi. Jamiyat filiallarida ko‘pchilik ovoz bilan saylangan yoshlar yetakchilari ham zimmalaridagi bu mas’uliyatli vazifani sidqidildan ado etishga harakat qilishmoqda.

Yoshlar bilan ishlash – yetakchilardan muoamalada samimiylik va hushyorlik, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy savodxonlikni talab qiladi. Shu bois Jamiyat filiallaridan saylangan boshlang‘ich tashkilot yetakchilaridan davrga mos tarzda o‘qib izlanishdan, korxonada yoshlar bilan muloqot jarayonida hech bir detalni e’tibordan chetda qoldirmaslik, ular bilan do‘stona munosabat o‘rnata olish qobiliyati shakllantirilishi zarurligini uqtiramiz.

Jamiyatimizda Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga, sport musobaqalariga imkon qadar yoshlarni jalb qilishga harakat qilamiz. Maqsadimiz – ular hayotni turli xil ranglarda ko‘rishsin, turmush tashvishlaridan ozgina chalg‘ib, oldiga ulkan rejalar qo‘yishga va o‘shanga erishishga harakat qilishsin. Albatta, bugungi yoshlar fikrlashda, axborot olishda juda faol. Lekin muammolar oldida ko‘p hollarda ojiz qolishadi va buni boshqalarga oshkor qilishdan ko‘ra yakka o‘zi kurashish yoki taslim bo‘lishni ma’qul ko‘rishadi. Biz mana shunday holatga tushib qolgan tengdoshlarimiz bilan ishlashimiz, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olishimiz lozim. Shundagina sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli ko‘ngilsizliklarning oldini olgan bo‘lamiz.

Bu borada barcha filiallardagi yetakchilar va faollar bilan birgalikda barcha yoshlarni jalb qilgan holda yil davomida ma’naviy tadbirlar o‘tkazilib, tarixiy shaharlarga, muzeylarga, teatrlarga, ziyoratgohlarga reja asosida sayohatlar uyushtirilmoqda. Har oyda ochiq muloqotlar tashkil qilib, Jamiyat ma’muriyati hamda Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan birgalikda yoshlarimizning muammolariga yechim topishga harakat qilyapmiz.

Sardor Atadjanov,
“O‘zbekko‘mir” AJ “Yoshlar ittifoqi” raisi