Korrupsiyaviy holatlarga befarq bo‘lmaylik!
Nashr qilingan sana: 13.06.2024 18:12:45“O‘zbekko‘mir” AJ “Angren ko‘mir koni” filialida “Korrupsiyaviy holatlarga befarq bo‘lmaylik” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Korrupsiya – bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Ushbu zararli illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Aksiyadorlik jamiyati bosh direktorining o‘rinbosari Sh.Shodmonov va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati rahbari E.Amanov ishtirokida tashkil etilgan tadbirda yuqoridagi fikrlar alohida ta’kidlab o‘tildi.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaviy holatlarga barham berish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, dedi jumladan E.Amanov. Mazkur illatga qarshi kurashish bo‘yicha tizim Nizomlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ISO 37001:2016 xalqaro standarti doirasida belgilangan vazifalar amalga oshirib kelinmoqda. O‘tgan yili 13 ta targ‘ibot, 5 ta bayonotlar, 8 ta profilaktik tadbirlar va davra suhbatlari o‘tkazildi. Tarkibiy tuzilmalarda mas’ullar tomonidan korrupsiyaviy holatlar, uning huquqiy oqibatlari, o‘zaro sovg‘alar berilishi aks ettirilgan bannerlar o‘rnatilib, illatga qarshi siyosat mazmuni bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borildi. Illatga qarshi kurashishda tizimdagi korxonalari xodimlari faolligini oshirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda qator so‘rovnomalar o‘tkazilib, natijalari e’lon qilib borilmoqda. Aloqa kanallari orqali kelib tushayotgan murojaatlar ham e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. O‘tgan yili ana shunday murojaatni o‘rganish bo‘yicha 1 ta xizmat tekshiruvlari o‘tkazildi.
Shu o‘rinda yig‘ilganlar e’tibori mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish asnosida shu xil huquqbuzarlik sodir etganlarga nisbatan javobgarlik choralari kuchaytirilganiga qaratildi. Ayni paytda korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning oldini olish va chek qo‘yish, oqibatlarini, shuningdek, ushbu illatga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishda jamoatchilikning faol ishtiroki ham o‘ta muhimligini uqdirib o‘tdi. Ta’kidlandiki, bugungi kunda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar nafaqat himoya qilinadi, shuningdek ularni rag‘batlantirish mexanizmi ham joriy etilgan. Bir so‘z bilan aytganda, korrupsiya illatiga butkul barham berish, bu birgina soha xodimlarining emas, quyi va o‘rta zveno rahbar va ishchi xodimlarning, barcha-barchaning ishidir. Korrupsiya holatlariga duch kelganda, hamma, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, bu haqida tegishli joylarga xabar berishi lozim. Ana shundagina bu borada ko‘zlangan samaraga erishish mumkin. Ayni kunlarda tizimda “Korrupsiyaga qarshi quti” tashkil etilmoqda. Xodimlar turli ta’magirlik, pora so‘rash, hatto, aytalik, mehnat ta’tiliga chiqish paytida ham korrupsiyaviy holatlarga duch kelsa, bu haqidagi e’tiroz va shikoyatlarini ana shu qutilarga yozma ravishda joylashlari mumkin bo‘ladi.
Joriy yilning 5 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Davlat organlari va davlat ulushi 50 foizdan ortiq kompaniyalarga nisbatan tatbiq etilayotgan hujjat e’lon qilingan kundan 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Davra suhbatida mazkur qonunning mazmun-mohiyati haqida ham atroflicha so‘z yuritildi. Davlat xizmatchilari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi lozimligi, bu bo‘yicha javobgarlik mavjudligi uqdirib o‘tildi.
Ayni paytda 2023-yilning 1-yanvaridan mehnat shartnomasiga kiritilgan qo‘shimcha kelishuvning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, yig‘ilganlarga pora olish, pora berish va pora olish va berishda vositachilik qilishning ayanchli huquqiy oqibatlari to‘g‘risida ogohlantirildi.
Davra suhbatida filial bosh muhandisi Sh.Turg‘unov, huquqshunos S.Abrarov va boshqalar korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar.
Tadbirda jamiyat bosh direktorining rejim va kadrlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari S.Shodmonov so‘zga chiqdi.
Ne’mat Dushaev,
Axborot xizmati rahbari
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:
Xorijiy investorlar bilan uchrashuv
Joriy yilning 6-dekabr kuni “Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatida soha mutaxassislari va xorijiy investorlardan iborat ishchi guruh tomonidan “Angren” koʻmir ko...
O'qishKonstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!
8-dekabr ‒ Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni! Mamlakatimizda ushbu bayram bu yil “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh gʻoya asosida ken...
O'qishKonstitutsiya ‒ huquq va erkinliklarimiz kafolati
8-dekabr ‒ Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan "Oʻzbekkoʻmir" aksiyadorlik jamiyatining “Angren koʻmir koni” filialida bayram ta...
O'qishKorrupsiya haqida xabar berishdan cho‘chimang!
Korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning barcha sohalari rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadigan, taraqqiyotni sekinlashtiradigan, davlatni ich-ichidan yemir...
O'qish