Ko‘mir ta’minoti bo‘yicha muammo bormi?
Nashr qilingan sana: 13.11.2024 13:45:45“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati respublikamizdagi ko‘mir qazib oluvchi va yetkazib beruvchi yirik va asosiy korxona bo‘lib, uning tarkibida uchta kon faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning yillik quvvati o‘rtacha 4,5 million tonnani tashkil etadi.
Respublikamizda mavjud energiya resurslaridan samarali foydalanish va o‘sib borayotgan talabni ichki imkoniyatlar hisobiga qondirish maqsadida ko‘mir qazib olish hajmini 2024-yilda 8 mln. tonnaga, 2025-yilda esa 10 mln. tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Joriy yilda jamiyat tomonidan 6,2 ming tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan. O‘tgan to‘qqiz oyda bu ko‘rsatkich 4 million 739,7 ming tonnani tashkil etdi. Bu rejadagidan 363,1 ming tonnaga ko‘pdir.
Xo‘sh, Andijon viloyatida ko‘mir yetkazib berish ishlari qay tarzda amalga oshirilyapti? Andijonda qancha ko‘mir zaxirasi mavjud? Odamlar ko‘mir xarid qilayotganda ko‘proq nimalarga e’tibor berishlari kerak?
Savollarimizga javob olish maqsadida “Ko‘mir ta’minot” MChJ Andijon filiali direktori Azizbek Usmonov bilan bog‘landik.
– 2023/2024-yillar kuz-qish mavsumi uchun viloyatimiz aholisiga 242,1 ming tonna ko‘mir yetkazib berilgan bo‘lsa, joriy mavsumda ushbu ko‘rsatkich 292,0 ming tonna etib belgilangan, – deydi mutasaddi savollarimizga javob berarkan.
– Filialimiz tomonidan budjet tashkilotlari va aholi iste’molchilariga mo‘ljallab ortib yuborilgan mahalliy ko‘mir mahsuloti 8 ta tuman va shahar ko‘mir omborlari va shaxobchalari orqali tarqatiladi. Joriy mavsum uchun 236, 000 ko‘mir ajratilgan bo‘lib, 3 noyabr holatiga 119 ming 692 tonnasi tarqatilgan. Filial tasarrufidagi omborlarda ayni vaqtda 4 ming 783 tonna zaxira mavjud. Bir tonna ko‘mir narxi 309 ming 800 so‘m etib belgilangan. Bugungi kunga qadar ijtimoiy soha budjet tashkilotlariga jo‘natilishi kerak bo‘lgan 9 ming 522 tonna mahsulot to‘liq yetkazib berildi.
Ayni kunlarda ehtiyojlar uchun ko‘mir yetkazib berish ishlari jadal davom etmoqda. Buning uchun filial tasarrufidagi 8 ta mahalliy ko‘mir ombori va shoxobchalari ishlab turibdi. Ushbu omborlarga shu kungacha 122 ming 973 tonna jo‘natildi. Hozirda ushbu ko‘mir omborlariga kuniga yetkazib berilayotgan ko‘mir mahsuloti o‘rtacha 2 ming 100 tonnani tashkil etmoqda. Ob-havoning odatdagidan past kelishi iste’molchilarning ko‘mirga bo‘lgan talabini keskin oshirib yubormoqda. Hozirgacha tuman hokimliklaridan qo‘shimcha hajmlar bo‘yicha arizalar kelib tushmadi. Tasdiqlangan reja-jadvalga asosan hududlarga noyabr oyida 52 ming 538 tonna ko‘mir yetkazib beriladi. Shuningdek, aholining yuqori talabidan kelib chiqib, hududlarga ko‘mir mahsulotlarini qo‘shimcha yetkazib berish ham rejamizga kiritilgan.
Shu o‘rinda ko‘mirning sifatiga to‘xtalsak. Ayrim iste’molchilar yoqilg‘ining tashqi ko‘rinishi (yirik yo maydaligi)ga qarab baho beradi va xato qiladi. Aslida ko‘mirning sifati deganda, uning fraksiyasidan tashqari yonuvchanligi, kulchanligi, namligi ham e’tiborga olinishi kerak. Filialimiz tomonidan yetkazib berilayotgan mahalliy ko‘mirning sifat ko‘rsatkichlari quyidagicha: markasi – 2BZR, bo‘laklar o‘lchami – 25-500* mm., bo‘laklar undan katta bo‘lishiga ruxsat etiladi. Namligi – 45 foizgacha, kulchanligi – 17 foizgacha bo‘lishi shart. Yoqilg‘ining ishchi holatida pastki yonish holati 3200 k/k. Tarkibida 25 mm. dan ziyod o‘lchamdagi mineral aralashmalari bo‘lgan bo‘laklar 3 foizgacha maydalar miqdori 20 foizdan oshmasligi kerak.
To‘g‘ri, ko‘mirga talab yil sayin oshib bormoqda. Misollar bilan izohlaydigan bo‘lsak, 2023 yilda jami 242 ming tonnadan ziyod qattiq yoqilg‘i yuklagan bo‘lsak, 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 292 ming tonnani tashkil etdi.
* * *
Ayni paytda viloyatimizda tabiiy gaz yetib bormagan 8 ta tuman va shaharlardagi 70 ta mahallaning olis hududlari aholisini arzonlashtirilgan mahalliy ko‘mir yoqilg‘isi bilan yetarli miqdorda ta’minlash diqqat markazimiz-da turibdi. Har yili mana shunday aholi punktlarida MFYlar mycoal.uz platformasiga ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojmand xonadonlarni aniqlab, platformaga kiritib boradi. Mahalla fuqarolari ushbu ro‘yxat asosida hududiy ko‘mir omborlarga murojaat qiladi. Biroq ba’zi hollarda mahallalarga yetkazib berilayotgan ko‘mirni qaytarib yuborish holatlari ham qulog‘imizga chalinyapti. Mazkur masala nechog‘li haqiqatga yaqinligini bilish istagida ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga murojaat qildik.
Jamilaxon Darveshova, Andijon shahridagi “Ishchilar” MFY raisi: – Mahallamiz ehtiyojlaridan kelib chiqib 117 tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan. Odamlar bir tonna ko‘mirni 309 ming so‘mdan xarid qilib olishyapti. Hamma narxlarning xamyonbopligidan xursand. Shu kungacha mahsulot sifati yoki narxi yuzasidan e’tirozlarga duch kelmadik. Shahrimizning jahon bozori yo‘lida joylashgan shohobchaning doimiy mijozlarimiz.
Obidjon Po‘latov, “Mahalla” uyushmasi Oltinko‘l tuman bo‘limi raisi: – Tumanimizda 59 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Ular-ning 22 tasiga tabiiy gaz yetib borgan. Qolgan mahallalar ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanadi. Andijon tumani ombori bilan shartnoma asosida belgilangan miqdordagi mahsulotni xarid qilib olyapmiz. Aholisi talab va ehtiyojini hisobga olib, 13 ming 450 tonna ko‘mir yetkazib berishni rejalashtirganmiz. Bir tonnasi 309 ming 800 so‘mdan sotib olinyapti. Sifati yaxshi, yonuvchan bo‘lganligi uchun ham fuqarolarimizda qaytarib berish holatlari kuzatilmayapti.
Ko‘rinadiki, mahsulot narxi viloyatning barcha joylarida bir xil. Sifati aholini qoniqtiryapti. Ayni kunga qadar mahallalarda bu borada muammo bo‘lmagan. Joriy yil kuz-qish mavsumi uchun zahira ham yetarli.
Zilola RAHMONOVA,
“Andijonnoma” gazetasi muxbiri
“Andijonnoma” gazetasining 2024 yil 9-noyabr kunidagi 45-46-qo‘shma sonlaridan olindi
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:

Milliy liboslar: tashabbus keng quloch yoymoqda
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida haftaning har jumasi “Milliy liboslar kuni!” Shu munosabat bilan 14-mart kuni ham jamiyat ijro apparati va filiallar xo...
O'qish
Janubiy Koreya delegatsiyasi Angren ko‘mir konida
2025-yil 12-mart kuni Janubiy Koreyaning KOMIR, KIGAM va SOAM kampaniyalari delegatsiyalari “O‘zbekko‘mir” AJ mutaxassislari bilan uchrashdi. Uchrashuvda...
O'qish
“Angren” ko‘mir konida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi
Joriy yilning 11-mart kuni “O‘zbekko‘mir” AJ “Angren ko‘mir koni” filialida “Favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda ob’ekt tuzilmalarining shahar fuqa...
O'qish
Konchi ayol mehnati e’tirof etildi
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi korxonalarda bugungi kunda ming nafardan ziyoroq xotin-qiz samarali mehnat qilib kelmoqda. 8-mart ba...
O'qish