“O‘zbekko‘mir: Temir yo‘l xo‘jaligi ‒ ishonchli tarmoq
Nashr qilingan sana: 17.04.2025 15:53:09
Ko‘mir sanoati ishlab chiqarishida hamma narsa o‘zaro bog‘liq. Qazib olish va tashish – bir-biridan ajralmas tushunchalar. “Uzbekko‘mir” AJning “Temiryo‘l transport” filiali shijoat bilan ishlab, konchilar mehnati samarasi po‘lat izlar orqali o‘z manziliga yetkazib beradi.
Temir yo‘l – ko‘mir qazib olish tarmog‘ining eng asosiy va ishonchli transport turi hisoblanadi. Filial temir yo‘llarni qurish va ta’mirlash, harakatdagi tarkibni saqlash hamda ko‘mir va tog‘ jinslarini temir yo‘l orqali tashish bilan shug‘ullanadi.
Rejalar va vazifalar
– Temir yo‘lchilarning asosiy vazifasi – konlarda qazib olinayotgan ko‘mir va tog‘ jinslarini o‘z vaqtida, belgilangan hajmda tashish, – deydi filialning bosh texnologi Baxtiyor Madaliyev. – Hozirda “Uzbekko‘mir” AJ tizimida ishlab turgan temir yo‘llar uzunligi 103,2 km ni tashkil etadi. Shuning 51,3 km – doimiy, 51,9 km – vaqtinchalik tarmoqlardir.
2030-yilgacha qazib olinayotgan burġoq ko‘mir hajmini bosqichma-bosqich 10 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda “Ko‘mir yig‘ish” asosiy stansiyasining o‘tkazish quvvatini o‘rtacha 6 million tonnadan 9 million tonnagacha oshirilishi lozim. Shu sababli ikkinchi qatorda qo‘shimcha temir yo‘llar qurilishi mo‘ljallanmoqda. Bu orqali sutkalik ko‘mir tashish ko‘rsatkichlari ham ortadi. Shuningdek, poyezdlarning xavfsiz harakatini ta’minlash, yuklarni to‘g‘ri yuklab, tog‘ jinslarini tashish – bizning zimamizdagi asosiy vazifalardan hisoblanadi.
Filialda 2025-yilning birinchi choragida 1 mln 312 ming kub metr tog‘ jinslari tashildi, ko‘mir tashish hajmi – 1 mln 421 ming tonnani tashkil etdi.
Hozirda filialda 25 ta elektrovoy mavjud. Ulardan 12 tasi tog‘ jinslari, 7 tasi ko‘mir tashish yo‘nalishida foydalanilmoqda. Ikkitasi kapital ta’mirda, 3 tasi – zaxirada. Shuningdek, 14 ta dizel yonilg‘isida ishlaydigan lokomotiv bor: 7 tasi ko‘mir, 3 tasi tog‘ jinslari tashishga qo‘yilgan. Kichik mexanizatsiya texnikasidan 4 ta (temir yo‘l kranlari, drezinalar va boshqalar) ta’mirda. Vagon-samosvallar soni – 141 ta. 300 dan ziyod elektrovoz va teplovoz mashinistlari ustki qanlamni ochish va ko‘mir yo‘nalishlarida xizmat qilmoqda.
Keng qamrovli faoliyat
– Yo‘l xizmati, tortuv xizmati, ekspluatatsiya xizmati, teplovoz, elektrovoy va vagon ta’mirlash depolari, elektr xo‘jaligi uchastkasi, tiklash xizmati, maydalash-saralash uchastkasi, aloqa va signalizatsiya xizmati – bu bizning filialdagi yo‘l xo‘jaligining asosiy bo‘limlaridir, – deydi ishlab chiqarish bo‘yicha bosh mutaxassis o‘rinbosari Mumtoz Abdug‘apparov. – Stansiya va ulanma postlari navbatchilari, muhandis-tahlilchilar, poyezd dispecherlari – bularning barchasi Ekspluatatsiya xizmati asosini tashkil etadi. Dispecherlik punktidan poyezdlar harakati nazorat qilinadi, stansiya navbatchilari bilan aloqa o‘rnatiladi, yo‘ldagi nosozliklar haqida ma’lumotlar beriladi.
Tortuv xizmati – filialning eng muhim bo‘limini tashkil etadi. Bu yerda barcha dizel va elektr tortuv uskunalari jamlangan. Har bir poyezd haydovchisi nafaqat harakatni ta’minlash, balki texnik xizmat ko‘rsatish sohasida ham bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishi kerak. Yo‘lda nosozlik yuz bersa, lokomotiv brigadasi ta’mirlashni o‘z qo‘li bilan amalga oshirishi mumkin.
Temiryo‘lchilar “Tog‘ kon uskunalarini sozlash zavodi” jamoasidan mamnun. Ular temiryo‘l texnikasiga hayot baxshida etayotgan, ehtiyot qismlarni o‘zlari yasab, ta’mir ishlarini ham o‘z zimmasiga olgan yaqin ko‘makchilardir. Har bir chiqishdan avval lokomotiv brigadalari texnik holatni – tormoz tizimi, tortuv funksiyalari, yonilg‘i (teplovozlar uchun) ni tekshiruvdan o‘tkazadilar.
Yo‘lchilar – tunu kun xizmatda
Temir yo‘llar doimiy ta’mirga muhtoj. Yo‘l xizmati xodimlarining mashaqqatli mehnati doimo ko‘zga tashlanmaydi. Ular tunu-kun temir izlarni yotqizish, ko‘chirish va ta’mirlash bilan band. Ba’zan yuzlab metr uzunlikda shag‘al yotqiziladi, eski yog‘och shpallar temir-beton shpallarga, zanglagan yoki egilib qolgan relslar yangisiga almashtiriladi, qoziklar qoqilib, gaykalar zichlanadi, burilish va ulanmalari barpo etiladi.
Yuk xizmati: aniqlik va mas’uliyat
Filialning Yuk xizmati – nomidan ham ma’lumki, bu yerda ko‘mir yuklanadi, tortiladi va manzilga kuzatib qo‘yiladi. Umumiy hisobda yo‘lda 8 ta yuk stansiyasi bor: ulardan 2 tasi ko‘mir, 6 tasi tog‘ jinsi tashishga ixtisoslashgan.
Ko‘mir maxsus bunkerda saqlanadi va greyferli kranlar yordamida vagonlarga yuklanadi. Yuk aniq tarozilar bilan o‘lchanadi. Ko‘p bo‘lsa – kamaytiriladi, oz bo‘lsa – qo‘shib yuklanadi. Xuddi dorixonadagi kabi aniqlik, farqi shundaki – untsiya emas, tonna hisoblanadi! Har bir vagon – 69 tonna. Ba’zan poyezdda 50 tagacha vagon bo‘ladi.
Poyezd tuzuvchilari va tekshiruvchilar vagonlarni ulash, ajratish ishlarini amalga oshiradi va muftalar holatini nazorat qiladi.
Vagon ta’mirlash deposida kuzov, yurish qismlari, tormoz tizimi, dumpkar va xopper-dozatorlar ta’mirlanadi. Ushbu depo g‘ildirak juftlarini ishlov berish uskunasi bilan ta’minlangan. Yangi g‘ildiraklar o‘rnatilishidan avval rels kengligiga moslashtiriladi – erkin aylanishi uchun.
Har kuni o‘rtacha 250 ta vagon ko‘mir yuklagan holda iste’molchilar uchun jo‘natiladi. Bu – temir yo‘l orqali amalga oshirilayotgan kunlik tashish hajmi hisoblanadi.
Diana ANDREEVA
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:

"O‘zbekkomir" AJ "Angren ko‘mir koni" filialida mini-futbol musobaqasi bo‘lib o‘tdi
Bugun erta tongda boshlangan mini-futbol bo‘yicha sport musobaqasi muvaffaqiyatli yakuniga yetdi. “O‘zbekkomir” AJning “Angren ko‘mir koni” filialida konchilar kasb b...
O'qish
Milliy liboslar – millatimiz ko‘rki
“Shaxta usulida ko‘mir qazib olish” filiali “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi to‘ng‘ich korxonalardan biridir. Ikki yuz...
O'qish
Zamonaviy texnologiyalar ‒ konchilar xizmatida
O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuvi tufayli ko‘plab foydali qazilmalar zaxirasiga ega. Biroq, yer osti boyliklarini xavfsiz va samarali o‘zlashtirish uchun mutl...
O'qish