Isteʼmolchilardan koʻp tushadigan savollar va ushbu savollarga javoblar
1. Aholi isteʼmolchilariga moʻljallangan koʻmirning sifat koʻrsatkichlari ‒ Aholiga moʻljallangan mahalliy koʻmir BRZ2 markali boʻlib, fraksiyasi 0-500 mm., namligi 35, kulchanligi 18 foizni tashkil etadi (bunda yuklangan koʻmir isteʼmolchiga yetib borguncha yuklash-tushirish va qayta yuklab tushirish jarayonlarida mahsulotning muayyan qismi kukun holatiga kelishi hamda mahsulot tarkibida 2 foizgacha togʻ jinslari uchrashi mumkinligi eʼtibordan soqit qilinmaydi).
Angren koʻmir konidan yuklangan yoqilgʻi koʻmir jamlanmasiga yetkazilgach, u yerda laboratoriyadan oʻtkaziladi. Har bir vagondagi mahsulotga sifat guvohnomasi beriladi.
Xaridor koʻmirni oʻz hududidagi omborlardan sotib olayotgan chogʻida oʻsha sifat guvohnomasini talab qilish huquqiga ega.
2. Bir tonna koʻmir narxi qancha? ‒ “Koʻmir taʼminot” MCHJ omborlari orqali aholiga taklif etilayotgan mahalliy koʻmirning bir tonnasi ‒ 309 ming 800 soʻmni tashkil qiladi.
Byudjet tashkilotlari uchun – 431 400 soʻm/t.
“Koʻmir taʼminot” MCHJ hududiy koʻmir omborlarida aholi tomonidan xarid qilingan mahsulot omborga qarashli avtotransportda bepul yuklab beriladi.
Xaridor sotib olingan yoqilgʻini oʻz istiqomat qiladigan manziliga olib ketish chogʻida shaxsiy, shuningdek, oʻzaro kelishuv asosida ombor tasarrufidagi yuk avtomobillaridan foydalanishi va yoki tashqaridan xususiy tashuvchilardan birini yollashi mumkin.
3. Qish mavsumi uchun xarid qilingan koʻmir yoqilgʻisini saqlash tartiblari ‒ Angren koʻmir koniga tegishli qoʻngʻir koʻmir qattiqlik darajasi boʻyicha 4-shkalada boʻlib, nisbatan yumshoqlik xossasiga ega. Shu bois sotib olingan koʻmirning oʻz inkubatsiya davri va saqlash talablari mavjud. Taxminan 20 kundan keyin har qanday koʻmir ham ochiq havoda qolsa, kun sayin oʻz xususiyatlarini yoʻqota boshlaydi.
Qattiq yoqilgʻining sifati buzilmasligi uchun uni maxsus omborlarda, ustini yopib saqlash tavsiya etiladi. Ochiq havoda qolgan koʻmir qurib, uqalanib ketishi tabiiy.
4. Aholi yoqilgʻi xarid qilish uchun kimga murojaat qilishi lozim? ‒ Har yili tabiiy gaz yetib bormagan aholi punktlarida MFYlar tomonidan koʻmirga boʻlgan ehtiyoj aniqlanadi va tegishli roʻyxat shakllantirilib, tuman (shahar) hokimliklariga taqdim etiladi.
Mahalliy hokimliklar ushbu roʻyxatlar asosida hududiy koʻmir omborlariga buyurtma beradi va koʻmir tarqatish jadvalini tasdiqlaydi. Aholi ushbu jadvalga asosan oʻziga yaqin hududiy koʻmir omboriga murojaat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekkoʻmir” AJ koʻmirni “Koʻmir taʼminot” MCHJning koʻmir omborlari manziliga yuklab joʻnatishni taʼminlaydi hamda uning sifati va hajmi uchun javob beradi.
“Koʻmir taʼminot” MCHJ esa oʻz omboriga kelib tushgan koʻmir sifatli saqlanishi hamda isteʼmolchilarga sotilishini taʼminlaydi.
Maʼlumot uchun, aholi isteʼmolchilari mahalliy koʻmir xarid qilishda muammoga duch kelsa, quyidagi “Ishonch telefon”lariga murojaat qilishi mumkin:
“Oʻzbekkoʻmir” AJ - 78-148-30-03.
“Koʻmir taʼminot” MCHJ - 71-244-38-28.