“Sovg‘a” qachon “pora”ga aylanadi?
Nashr qilingan sana: 19.02.2024 12:15:24Bayram va boshqa tadbirlarning zavqli jihatlaridan biri sovg‘a berish va olish bo‘lsa kerak.
Oila a’zolari, do‘sti va yaqinlar, hamkasblar bir-biriga, tashkilotlar xodimlariga sovg‘alar ulashadi. Ammo ayrim holatlarda sovg‘alar korrupsiyaviy jinoyatlarni niqoblash uchun vosita ham bo‘lib qolishi mumkin, ayniqsa, u mansabdor kishilar, jumladan, davlat xizmatchilariga berilgan bo‘lsa. Shu bois, davlat xizmatchilariga sovg‘a berish bilan bog‘liq maxsus qoidalar belgilangan.
Sovg‘a deganda aynan nimani tushunish kerak? Davlat xizmatchilari jismoniy va yuridik shaxslardan sovg‘a olishi mumkinmi? Sovg‘a hamkasblari tomonidan berilsa-chi? “Konvert”da berilgan sovg‘a pora hisoblanmaydimi? Keling bugun ushbu savollarga javob izlasak.
Sovg‘a deganda aynan nimani tushunish kerak?
Sovg‘a turli ko‘rinish va shaklda bo‘lishi mumkin. Masalan, moddiy, nomoddiy, qandaydir huquqni berish yoki majburiyatdan ozod qilish va boshqa.
Davlat xizmatchilariga sovg‘a berishda qator korrupsiyaviy xatarlar bo‘lganligi uchun “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda sovg‘aga aniq ta’rif berilgan. Jumladan, qonunga ko‘ra davlat fuqarolik xizmatchisiga bepul berilgan, moddiy qimmatga ega bo‘lgan mol-mulk yoki unga beg‘araz ko‘rsatilgan xizmat sovg‘a hisoblanadi.
Ushbu sovg‘a, xizmatlar uning oila a’zolariga ko‘rsatilgan taqdirda ham davlat xizmatchisiga berilgan sovg‘a hisoblanadi.
Davlat xizmatchilari jismoniy va yuridik shaxslardan sovg‘a olishi mumkinmi?
Davlat xizmatchisi o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovg‘alar olishi taqiqlangan.
Ammo davlat xizmatchisi tomonidan alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori bilan olingan sovg‘alar, shuningdek, musobaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida olingan sovg‘alarga nisbatan ushbu taqiq qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat safarlari vaqtida, shuningdek xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovg‘alar olishi mumkin. Faqat sovg‘alar quyidagi talablariga javob berishi kerak:
• sovg‘a uni beruvchi tomonidan aniq bir xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan ixtiyoriy taqdim etilgan bo‘lishi;
• davlat xizmatchisi tomonidan ochiq va oshkora qabul qilinishi;
• davlat organining obro‘siga putur yetkazmasligi;
• manfaatlar to‘qnashuvi yoki korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmasligi.
Davlat xizmatchisi tomonidan olingan sovg‘alar u ishlaydigan tashkilotning Sovg‘alar reestrida ro‘yxatga olinadi.
Sovg‘aning narxi bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari, ya’ni 1,3 mln so‘mdan oshmasa, sovg‘a davlat xizmatchisida qoldiriladi. Qolgan holatlarda esa davlat organining balansiga o‘tkaziladi.
Sovg‘a hamkasblari tomonidan berilsa-chi?
Aksariyat tashkilotlarda xodimlar bir-biriga Vatan himoyachilari kuni, Xotin-qizlar kuni, tug‘ilgan kun, yubiley, lavozimga tayinlanish, lavozimning oshishi va boshqa sabablar bilan sovg‘alar ulashish odat tusiga kirgan.
Bu holat tashkilotlarda odatiy va tabiiy holat bo‘lib, ixtiyoriy amalga oshiriladi. Shunga qaramay, qonunchilikda hamkasblarning bir-biriga sovg‘a berish munosabatlari yagona qoidalar belgilanmagan. Ammo ayrim davlat organlari o‘z tashkiloti doirasida sovg‘a olish va berish siyosatini belgilagan. Xususan, sovg‘a berilishi mumkin bo‘lgan holatlar va sovg‘aning miqdori, uni berish tartibi (masalan, ikki va undan ortiq kishi ishtirokida) va shu singari boshqa masalalar tartibga solingan.
“Konvert”da berilgan sovg‘a pora hisoblanmaydimi?
Yuqorida aytilgandek, hamkasblarning bir-biriga sovg‘a berish munosabatlari, shu jumladan, sovg‘aning shakli yagona qoidalar bilan tartibga solinmagan. Shu bois, agarda tashkilot sovg‘a siyosatida boshqa qoidalar o‘rnatilgan bo‘lmasa, konvertda pul berishga nisbatan qonunchilikda hech qanday taqiq yo‘q.
Ammo shuni ham e’tibordan qochirmaslik kerakki, davlat xizmatchisiga u o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, sovg‘a bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab qandaydir harakatni bajarishi (masalan, lavozimni oshirish, “premiya” yozish, boshqa ishga o‘tkazish) uchun sovg‘a bersa, bu pora deb hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shunday ekan “sovg‘a berish” yoki “sovg‘a olish”da ehtiyot bo‘lishni tavsiya etamiz. Bizni kuzatishda davom eting o‘zingiz va yaqinlaringizni e’tiborsiz qoldirmang.
M.Turdalieva, O‘zA
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:
Yong‘in xavfsizligi qoidalari targ‘ib qilinmoqda
Respublikamizda 15-noyabrdan boshlangan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” tadbirlari davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumat komissiyasining 2024-yil 28-...
O'qishDavlat xizmatchisiga tadbirkorlik taqiqlanadi
Shu yilning 6-dekabr kunidan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kiradi. Shu munosabat bilan “O‘zbekko‘mir” aksiyador...
O'qishIste'molchi murojaati joyida ijobiy hal etildi
Aholi iste’molchilariga ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berish jarayonida fuqarolardan tushayotgan takliflar ham inobatga olinib, ular tomonidan kiritilayotgan muammoli masala...
O'qishRespublikamizda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Hukumat komissiyasining 2024-yil 28-oktabrdagi 2-son bayoniga asosan joriy yilning 15-noyabridan 15-dekabriga qadar Respublikamiz hududida “Yon...
O'qish