Aholiga arzonlshtirilgan mahalliy ko‘mir yetkazib berish jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha bayonot
Nashr qilingan sana: 17.11.2025 17:07:35
Kuz-qish mavsumida tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hudud aholisini arzonlashtirilgan mahalliy ko‘mir bilan ta’minlash dolzarb vazifa hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-iyuldagi VMQ-453-son “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va energetika sohasi ob’ektlari hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2025/2026 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq joriy yil kuz-qish mavsumida aholi uchun 1 mln 435 ming tonna ko‘mir yetkazib beriladi (Bu o‘tgan yilga nisbatan 210 ming tonnaga ko‘p).
Ayni vaqtda ko‘mir yetkazib berish jarayonlari jadal sur’atlarda davom ettirilib, ko‘mir konidan aholiga ko‘mir ortib yuborish hajmlari kunlik o‘rtacha 15 ming tonnani (218 vagon) tashkil etmoqda. Ko‘mirning
1 tonnasi uchun 309 800 so‘m narx belgilangan.
Qazib olinayotgan ko‘mir “Ko‘mir ta’minot” MChJga tegishli respublikadagi 103 ta hududiy ombor va shahobchalarga vagonlarda yetkazilib, mycoal.uz elektron platformasida shakllantirilgan ro‘yxat asosida tarqatilmoqda.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda aholi tomonidan yetkazib berilayotgan mahalliy ko‘mirning sifati yuzasidan e’tiroz bildirilgan xabarlar tarqalmoqda. Xususan, ko‘mir mahsuloti manzilga yetib borguncha “saralanishi”, eng yaxshi bo‘laklar esa tadbirkorlarga qimmat narxlarda sotilgani haqidagi da’volar jamoatchilikda tashvish uyg‘otgan.
Ushbu murojaat yuzasidan “O‘zbekko‘mir” AJ quyidagilarni ma’lum qiladi:
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-iyuldagi VMQ-453-son “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va energetika sohasi ob’ektlari hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2025/2026 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq bugungi kunda “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan aholiga ko‘mir mahsuloti yetkazib berilmoqda.
Aholiga 2BZR markadagi ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilishi belgilanib, sifat guvohnomasiga ko‘ra, mahsulotning namlik ko‘rsatkichi 40 foizni, kullik darajasi 25 foizni tashkil etadi. Bir martalik o‘lchami 25 mm va undan ortiq bo‘lgan mineral aralashmalar (toshlar) miqdori 3 foizdan oshmasligi, maydaligi esa 20 foizgacha bo‘lishi belgilangan.
O‘z navbatida ko‘mirni hududiy omborlarga yetkazib berish jarayonlarida ortish va tushirish jarayonlari mavjudligi hisobiga ko‘mir yirik va mayda bo‘laklar bilan aralashishi tabiiy hol hisoblanadi.
Yetkazilgan ko‘mirning ma’lum qismi kukunlanishi ham tabiiy hol bo‘lib, ushbu mayda fraksiyadagi ko‘mir yonganda o‘rnatilgan me’yorda – 3200 kilokaloriya issiqlik beradi.
Ko‘mir zaxiralarini shakllantirish va aholiga manzilli yetkazib berilishi uchun “O‘zbekko‘mir” AJ, “Ko‘mir ta’minot” MChJ, viloyat
va tuman ombor mudirlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tuman hokimlari (o‘z hududlarida) birday javobgar hisoblanadi.
Shuni ham alohida ta’kidlaymizki, “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan aholini imtiyozli ko‘mir mahsuloti bilan belgilangan sifat va miqdorlarda ta’minlash uchun zarur bo‘lgan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilib, mahsulotni adolatli taqsimlash va manzilli yetkazib berish jarayonlari to‘liq nazoratga olingan.
Iste’molchilar tomonidan ko‘mirni xarid qilish jarayonlari
va sifat ko‘rsatkichlari yuzasidan muammo va takliflar mavjud bo‘lganda, quyidagi ishonch telefonlari orqali murojaat etishlarini so‘raymiz:
̶ “O‘zbekko‘mir” AJ: +998 (78) 148-30-03
̶ “Ko‘mir ta’minot” MChJ: +998 (71) 244-38-28
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:
Aksilkorrupsiya oyligi doirasida tadbirlar amalga oshirilmoqda
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida tizimli ishlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar...
O'qish
Yoshlar – halollik posbonlari Korrupsiyaga qarshimiz
Korrupsiya – har qanday jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, iqtisodiy rivojlanishning asoslarini yemiradigan, adolat va halollikka bo‘lgan ishonchni so‘ndiradigan en...
O'qish
Xitoy kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida Xitoy Xalq Respublikasining “China Coal Resources Development Co. Ltd.” kompaniyasi boshqaruv raisi Lyu Gosheng boshchiligidagi del...
O'qish