Konchilar shahri Angren qanday barpo etilgan?
Nashr qilingan sana: 18.05.2023 14:13:51Ohangaron vodiysidagi eng yirik maʼmuriy boʻlinma Angren shahri boʻlib, uning vujudga kelishi qoʻngʻir koʻmir konining ochilishi bilan bevosita bogʻliqdir.
Geolog-minereolog olim D.M.Bogdanovich 1932 yilda "Olma-liqqurilish" ("Almalikstroy") tashkiloti uchun qurilish materiallarini qidirib yurganida Jigariston qishlogʻining daryoga tutashgan joyida odamlar yer ostida koʻmir qazib, oshlangan teri qoplarga solingan holda jun arqonli charxpalak yordamida yuqoriga tortib olishayotganini koʻradi. Atrofda esa koʻmirchi mardikorlar chiqarib tashlagan qizil gil (kaolin) uyumlari yotar edi. U bu yerda kaolin va koʻmir konining mavjudligi toʻgʻrisida ilk ilmiy-geologik hisobotni tayyorlaydi. 1940 yilning oktabr oyida D.M.Bogdanovich dokladidagi maʼlumotni oʻrganish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumining Raisi Yoʻldosh Oxunboboyev daʼvati bilan Toshkentdan G.S.Chikrizov boshchiligidagi geologlar otryadi, ularga yordam berish uchun esa oʻsha yilning 13 oktabr kuni Qirgʻizistonning Qizilqum, Langar, Koʻkyongʻoq konlaridan shaxtyorlar kelishib, birinchi shaxta qurilishini boshlaydilar.
1940 yilning sentabr-dekabr oylarida koʻmir konini ochish uchun yana 1870 nafar mutaxassis va ishchilar yetib keldilar. Ularning ixtiyoriga beshta avtomashina va ellikda ishchi otlar berildi. 1940 yilning noyabr oyidan V.A.Zaxarovich Angren koʻmir konlarini geologik qidiruv partiyasining boshligʻi (u 1950 yilgacha shu lavozimda ishlagan) etib tayinlandi. 1941 yilda D.M.Bogdanovich ilmiy rahbarligidagi geologlar guruhi kaolin xomashyosining oʻlchamini, M.V.Sirovatko, V.A.Zaxarevich, YU.A Ivanov, N.V.Ilchenko va boshqa gidrogeologlar esa boʻlajak koʻmir havzasi ostidagi sizot suvlar miqdorini aniqlash bilan shugʻullandilar. Oʻsha yilning 9 sentabr kuni OʻzSSR Ministrlar Sovetining "Angren koʻmir havzasini qurish toʻgʻrisida"gi qarori eʼlon qilindi. Qarorda ushbu qurilishga rahbarlik qilish Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining Raisi Yoʻldosh Oxunboboyev zimmasiga yuklandi. Uning rahnamoligida 1942 yilning birgina yanvar oyidagi izgʻirinli sovuq kunlarda 3229690 kub metr tuproq va shagʻal tashib chiqarildi. Ammo bu qurilish urush tashvishlari natijasida 1942 yilning mart oyidan 1945 yilning yanvarigacha toʻxtab qoldi.
Ammo koʻmir qazib olishda Angren koʻmir shaxtalarining ham hissasi katta boʻldi. 1940 yilning noyabr oyidan YA.G.Gorbunov Angren koʻmir shaxtalarining boshligʻi etib tayinlandi (u 1942 yilning noyabrigacha shu lavozimda ishlagan). 1941 yilda Appartak shaxtasi ham ishga tushirildi. 1942 yilning 2 dekabr kuni 1-shaxta Oʻzbekistonning dastlabki 30 tonnalik qoʻngʻir koʻmirini Yoʻldosh Oxunboboyev boshchiligidagi shaxtyorlar delegatsiyasi bilan birga mashinalar karvonida Toshkentga joʻnatdi. 1942 yilda 2-shaxta qurilishi boshlandi. 1943 yilning yanvar oyida Angrendagi shaxtalar qurilishi uchun toʻrt ming nafar qrim-tatarlar va boshqa millatlarga mansub harbiy asirlar keltirildi. Natijada oʻsha yili koʻmir havzasi va shaxtalarda ishlayotgan konchilarning soni yetti ming kishiga yetdi. 1943 yilning avgust oyida 2-shaxta, oʻsha yilning dekabrida esa 3-shaxta, 1945 yilning mart oyida 8-shaxta, 1949 yili 9-shaxta ishga tushirildi.
"Angren" degan maʼmuriy tuzilma uchun asos boʻlgan "Toshkent-Stalinkoʻmir" kon boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq Komissarlari Kengashining 1940 yil 25 sentyabrda chiqarilgan qaroriga asosan tashkil etildi va unga L.G.Solnishko boshqaruvchi etib tayinlandi. Ohangaron tuman Ijroiya qoʻmitasining 1942 yil 20 avgustda boʻlib oʻtgan majlisida ijroqoʻm raisining sanoat ishlab chiqarishi boʻyicha muovini V.T.Panasenkoning bildirgisiga asoslanib, "Obliq" qishloq kengashining oʻsha paytdagi raisi Qurbon Zohidovning yozma roziligi olingan holda 6-son qaror qabul qilinadi. Unda quyidagicha yozilgan:
"1. Tov. Maksilina YE.P. naznachit predsedatelem orgbyuro posyolkovogo selsoveta "Tashkent-Stalinugol".
2. Prosit oblispolkoma utverdit dannoye resheniye".
Oʻsha yili sentabr oyida tuman Ijroiya qoʻmitasining raisi Oʻtkir Zulfiyev va Ijroiya qoʻmita masʼul kotibasi Zuhra Sultonovalarning imzosi bilan "Obliq" qishloq kengashining Jigariston qishlogʻi hududida tashkil etilgan tuman Ijroiya qoʻmitasiga boʻysunuvchi "Toshkent-Stalinkoʻmir" ishchilar qoʻrgʻoniga ajratilayotgan yer maydonini "Obliq" qishloq kengashi va "Lenin" kolxozi yer balansidan chiqarish hamda ishchilar qoʻrgʻoni boshqaruv apparatining shtatlar jadvali toʻgʻrisidagi buyruq chiqariladi. Unda "Toshkent-Stalinkoʻmir" ishchilar qoʻrgʻoni kengashining raisi etib (1942 yil 20 avgustdan boshlab shu lavozimda ishlab kelgan YE.P Maksilinning oʻrniga) M.Abdusattorov tayinlanadi (1943 yil 28 fevraldan uning oʻrniga D.Mirzakarimov saylangan, 1945 yilning 21 may kunidan esa Nazarov Abdisamat degan odam tayinlangan). M.Abdusattorov keyinchalik Angren shahar Ijroiya qoʻmitasining birinchi raisi boʻlgan F.I.Marinichevga oʻrinbosar lavozimida ham ishladi. Mazkur ishchilar qoʻrgʻoni kengashi Jigariston qishlogʻining etagida geologlar uchun qurilgan binoda ish boshlaydi. Uning ixtiyoriga Semgʻiron, Choʻchqabuloq, Chulduq, Jigariston, Turkqishloq, Teshiktosh va Qoratoʻqay qishloqlarida yashovchilar va taxtadan qurilayotgan konchilar baraklarida yashayotgan aholi hamda umumiy yer maydoni 21667 gektar boʻlgan "Lenin" kolxozining 2300 gektar maydoni koʻmir sanoati ehtiyojlari uchun ajratib beriladi. 1942 yilning 1 may kuni 118 km. masofadagi Toshkent-Angren temir yoʻli qurilishi nihoyasiga yetkazilib, ishga tushirildi.
1944 yilning noyabr oyidagi maʼlumotga koʻra, Ohangaron tumanida 2472 ta qizil askar oilasi boʻlsa, ularning "Toshkent-Stalinkoʻmir" konchilar qoʻrgʻonidagi soni 485 tani tashkil etgan. Nihoyat, asosan xalq hashari yoʻli bilan bunyod etilgan "Angren" koʻmir havzasi 1948 yilning 6 noyabr kuni toʻliq ishga tushirildi. Agar bu yerda 1947 yili 218,6 ming tonna koʻmir qazib chiqarilgan boʻlsa, 1948 yilning oxiriga kelib bu koʻrsatkich 408,9 ming tonnaga yetdi. 1950 yilda mazkur tashkilotga SES-3 (UzTM) rusumidagi bitta odimlovchi ekskavator berildi. Uning yordamida oʻsha yili 394904 tonna koʻmir qazib chiqarildi. 1951 yili shunday ekskavatorlardan yana ikkitasi ishga tushirilgach, koʻmir qazib chiqarish hajmi keskin koʻtarildi. Jumladan, 1947 yilda shahar boʻyicha bir kunda 775 tonna ishlab chiqarish koʻrsatkichi boʻlsa, 1958 yilga kelib bir kunda 9300 tonna koʻmir qazib olindi.
Urush arafasi va urush yillarida koʻmir ishlab chiqarish bilan birgalikda konchilarning turar-joy sharoitlarini yaxshilash, shaharsozlik loyihasini amalga oshirish borasida ham katta ishlar amalga oshirildi. Ohangaron tuman ijroqoʻmining qaroriga binoan 1940 yilning aprel oyidan Jigariston, Jartepa, Turk va Teshiktosh qishloqlari bazasida markazi Teshiktoshda boʻlgan "Angrenshaxtstroy" poselka Soveti tashkil etildi (birinchi raisi I.R.Ikromov). 1943 yil Teshiktoshda, 1950 yili Jigaristonda kinouskunali klublar ishga tushirildi. 1958 yilda shaharning "Shaxtyor" futbol komandasi viloyat chempioni boʻldi, 1943 yildan chiqa boshlagan koʻp tirajli "Shaxtyor Uzbekistana" gazetasi 1957 yildan "Angrenskaya pravda" deb yuritildi. 1991 yildan boshlab oʻzbek tilidagi "Angren haqiqati" gazetasi ham chop etila boshlandi.
1946 yili "Angrenshaxtstroy" posyolkasining aholi soni 20540 kishiga yetishi munosabati bilan Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 13 iyun kuni chiqarilgan qaroriga koʻra bu posyolka viloyatga boʻysunuvchi Angren shahriga aylantirildi. 1948 yilda ishchilar shaharchasi (sotsgorod)da bolalar uchun bogʻcha va yasli, oʻt oʻchirish deposi, sabzavot ombori, avtomobillar garaji, yozgi klub, oltita savdo oʻrinli magazin, 16402 kv.m. maydonli 125 ta turar joy imoratlari qurildi. 1950 yilda shahar aholisi 30500 kishiga yetdi.
1956 yilda Oʻzbekiston Hukumatining qaroriga binoan Yangi Angren shahri dolzarb komsomol qurilishi deb eʼlon qilindi. Oʻsha yilning mart oyida bu qurilishga uch mingdan ziyod komsomol yoshlar yetib keldilar va 6 dekabr kuni hozirgi Angrenning Ohangaron (avvalgi Yujnaya) koʻchasi boʻyidagi 1-kvartalining 1-uyi uchun beton poydevor quyildi. 1957 yilning sentabr oyida Angren-Pop avtomobil yoʻli ishga tushirildi. 1957 yilgacha Yangi Angrenda bolalar yaslisi va bogʻchasi, hammom, ishchilar oshxonasi va musiqa maktabi qurib bitkazildi. 1957 yilda "Guliston" restorani va uning qarshisidagi markaziy madaniyat uyi va 30 ming kv.m. turar joy binolari bunyod qilindi. 1958 yilda esa Ohangaron (avvalgi Yujnaya) koʻchasi boʻyidagi 230 oʻrinli shaxtyorlar kasalxonasi va 14256 kv. m. turar joy binolari qurildi, avtobus parki tashkil etildi. 1959 yilda mazkur shahar aholisi 55789 kishiga yetdi .
Angrenda bunyod etilgan koʻmir havzasi, shaxtalar va boshqa sanoat korxonalari, shuningdek, maorif, sogʻliqni saqlash tizimlari va turur joy binolarini elektr energiyasi bilan toʻliq taʼminlash uchun katta quvvat talab etilar edi. Agar 1944 yilda markaziy elektr stansiyasining birinchi bugʻ turbinasi ishga tushirilgan boʻlsa, 1946 yilda 900 kVt/soat quvvatli dizel elektr stansiyasidan foydalanildi. 1953 yildan qurila boshlagan Angren GRESi 1959 yilda loyihadagi beshta turbogeneratori bilan toʻliq ishga tushirildi.
Oʻsha paytlarda shahar barpo etishning azoblarini quyidagi rahbarlar oʻz zimmalariga olishgan edi: Angren shahar ijroiya qoʻmitasining raisi F.Marinichev (keyinchalik A.Lisin), ijroqoʻm kotibasi L.Borovskaya (G.Yermolayeva), shahar partiya qoʻmitasining birinchi kotibi A.Xodjayev, ikkinchi kotibi A.Batigin (N.Sheremetev), uchinchi kotibi SH.Moʻminov, shahar komsomol qoʻmitasining birinchi kotibi N.Grinblat, shaharning birinchi prokurori X.Abdullin, IIB boshligʻi N.Babayans, shaharning birinchi sudyasi S.Galiulina, harbiy boʻlim boshligʻi A.Zaroutov (K.Shevkunov, D.Xaritonov), sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻi S.Niyozov (D.Sharipova), sanepidemstansiya boshligʻi YU.Goysenko (D.Yatsenko,Z.Ilhomov), savdo boʻlimi boshligʻi A.Toʻlaganov (D.Spiridonov, I.Mirabzalov), xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻi A.Kim (D.Ramazanov), moliya boʻlimi boshligʻi Gʻ.Baymanov, madaniyat boʻlimi boshligʻi L.Jeleznyak, kommunal xoʻjalik boʻlimi boshligʻi K.Abdusattorov, turar joy boshqarmasining boshligʻi A.Muravitskiy. Bundan tashqari, shahardagi dastlabki yirik korxonalarga tubandagi shaxslar rahbarlik qilganlar: K.Rojkov (G.Russkiy)– "Oʻzbekkoʻmir" tresti boshligʻi, G.Solnishko – kon boshqarmasi boshligʻi, R.Ibragimov (A.Svyatagor) – koʻmir havzasi direktori, YU.Volkovinskiy – 1-shaxta boshligʻi, M.Pugachev – 8-shaxta boshligʻi, L.Serebryanov – 9-shaxta boshligʻi, YU.Danilchenko – Lashkerak kon boshqarmasi boshligʻi, S.Makarov (A.Babchenko) – "Angrenqurilish" tresti boshligʻi, V.Mixaylov – 1-qurilish boshqarmasi boshligʻi, Z.Berezin – 2-qurilish boshqarmasi boshligʻi, N.Geller – 3-qurilish boshqarmasi boshligʻi, I.Anorqulov – sement zavodi direktori, K.Savitskiy – harbiy asirlar lageri boshligʻi, D.Kan – yuk ortish transport boshqarmasi boshligʻi, J.Nuriddinov (G.Sarkisov) - goʻsht kombinati direktori, M.Berezyuk (I.Toʻychiyev) – non zavodi direktori, H.Norov (Oʻ.Normurzayev) – bozorkom, N.Gromov – markaziy elektr stansiyasi direktori, G.Krilenko – markaziy kasalxona bosh vrachi, G.Fayzulina – tugʻruqxona bosh vrachi, R.Sirota – yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi, D.Yatsenko – teri-tanosil kasalliklari shifoxonasi bosh vrachi, YU.Rahimov – tez tibbiy yordam xizmati bosh vrachi, SH.Dadamatov (K.Almatov) – 18-FZO direktori, O.Levinsev – 35-FZO direktori va boshqalar.
Isomiddin Yormatov, filologiya fanlari doktori
"Oʻzbekkoʻmir" gazetasining 2023 yil 29 aprel kunidagi №9(69)-sonidan olindi.
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:
Yong‘in xavfsizligi qoidalari targ‘ib qilinmoqda
Respublikamizda 15-noyabrdan boshlangan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” tadbirlari davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumat komissiyasining 2024-yil 28-...
O'qishDavlat xizmatchisiga tadbirkorlik taqiqlanadi
Shu yilning 6-dekabr kunidan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kiradi. Shu munosabat bilan “O‘zbekko‘mir” aksiyador...
O'qishIste'molchi murojaati joyida ijobiy hal etildi
Aholi iste’molchilariga ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berish jarayonida fuqarolardan tushayotgan takliflar ham inobatga olinib, ular tomonidan kiritilayotgan muammoli masala...
O'qishRespublikamizda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Hukumat komissiyasining 2024-yil 28-oktabrdagi 2-son bayoniga asosan joriy yilning 15-noyabridan 15-dekabriga qadar Respublikamiz hududida “Yon...
O'qish