Birja savdolaridagi holat bo‘yicha “O‘zbekko‘mir” AJning rasmiy izohi
Nashr qilingan sana: 02.06.2026 22:24:08
Ijtimoiy tarmoq va elektron nashrlar axborot kanallarida “O‘zbekko‘mir” AJ faoliyati, jumladan birja savdolarida ko‘mir mahsulotlarini joylashtirish, jamiyatning korporativ boshqaruvi va moliyaviy holati haqida bir qator biryoqlama hamda haqiqatga to‘liq mos kelmaydigan fikrlar tarqaldi.
Avvalo ta’kidlash lozimki, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘rganilgan holat “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan ko‘mir mahsulotlarini yashirish, sun’iy taqchillik yaratish yoki narxlarni manipulyasiya qilish bilan bog‘liq emas.
Xususan, 2026-yil aprel oyida tasdiqlangan birja reja-jadvali bo‘yicha savdoga chiqarilishi lozim bo‘lgan mahsulotlarning bir qismi belgilangan muddatda joylashtirilmasligiga brokerlik xizmati tomonidan yo‘l qo‘yilgan tashkiliy sustkashlik sabab bo‘lgan. Mazkur holat natijasida qiymati 4,3 mlrd so‘mlik mahsulot belgilangan vaqtda savdoga chiqarilmagan.
Ushbu holat yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi maxsus komissiyasi tomonidan huquqiy baho berilgan va tegishli qaror qabul qilingan. Mazkur qarorga muvofiq, “O‘zbekko‘mir” AJga “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida savdolarga oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun savdo predmeti boshlang‘ich qiymatining 3 foizi miqdorida, ya’ni 129 mln 669 ming 800 so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
Shu bois mazkur holat bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan huquqiy baho berilgan, qonunchilikda nazarda tutilgan ta’sir chorasi qo‘llanilgan va masala belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan. Jamiyat tomonidan qaror ijrosi ta’minlangan hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qo‘shimcha nazorat choralari belgilangan.
Shu bilan birga, mazkur holat natijasida bozorda sun’iy taqchillik yuzaga kelgani, iste’molchilar huquqlariga zarar yetkazilgani yoki jamiyat tomonidan qo‘shimcha daromad olingani haqida hech qanday rasmiy xulosa mavjud emas.
Tanqidiy chiqishda keltirilgan ayrim mulohazalarda jamiyatning tovar bozorida ustun mavqega ega xo‘jalik yurituvchi sub’yekt sifatida davlat reyestriga kiritilgani turli taxminlar uchun asos sifatida talqin qilingan. Biroq mazkur maqom amaldagi qonunchilik asosida shakllantiriladigan rasmiy huquqiy holat bo‘lib, u o‘z-o‘zidan qonunbuzarlik, bozorni manipulyasiya qilish yoki iste’molchilar manfaatlariga zid harakatlar sodir etilganini anglatmaydi.
Shuningdek, jamiyatning korporativ boshqaruvi, kuzatuv kengashi tarkibi va boshqaruv organlariga oid ma’lumotlar qonunchilik talablariga muvofiq ochiq axborot resurslarida muntazam e’lon qilib boriladi. Ayrim shaxslarning kuzatuv kengashi tarkibiga kiritilishi yoki chiqarilishi korporativ boshqaruvning odatiy jarayoni hisoblanadi. Bu kabi qarorlarni turli taxminlar, shaxsiy mulohazalar yoki boshqa voqealar bilan bog‘lash to‘g‘ri emas, deb hisoblaymiz.
Tanqidiy xabarda, shuningdek, “O‘zbekko‘mir” AJning auditdan o‘tgan ochiq hisobotlari mavjud emasligi haqida ham da’volar bildirilgan. Ushbu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“O‘zbekko‘mir” AJning moliyaviy hisobotlari bo‘yicha mustaqil auditorlik xulosalari, korporativ boshqaruv tizimi faoliyati yuzasidan audit hisobotlari hamda boshqa muhim korporativ ma’lumotlar jamiyatning rasmiy veb-saytida qonunchilik talablariga muvofiq e’lon qilingan va jamoatchilik uchun ochiq hisoblanadi. Shu sababli jamiyat rasmiy veb-saytida korxonaning auditdan o‘tgan ochiq hisobotlari mavjud emasligi haqidagi fikrlar haqiqatga mos kelmaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarini keng joriy etish, raqobat muhitini rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish hamda investisiyalarni jalb qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2026-yil 26-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida o‘tkazilgan taqdimotda sohada bozor tamoyillarini kengaytirish, xususiy investisiyalarni jalb qilish va ishlab chiqaruvchilar hamda yetkazib beruvchilarning iqtisodiy rag‘batlarini kuchaytirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab beridi.
“O‘zbekko‘mir” AJ mazkur islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi hamda ko‘mir mahsulotlarini birja savdolari orqali ochiq, shaffof va qonunchilik talablari asosida realizatsiya qilish tamoyiliga amal qilib kelmoqda.
Shu munosabat bilan ommaviy axborot vositalari, blogerlar va jamoatchilik vakillarini jamiyat faoliyatiga oid masalalarda tekshirilgan va rasmiy manbalarga tayanishga chaqiramiz. Asossiz taxminlar, noto‘liq ma’lumotlar yoki sub’yektiv baholar asosida chiqarilgan xulosalar jamoatchilikda voqelikka mos kelmaydigan tasavvurlarni shakllantirishi mumkin.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
Ko‘mirni yoqishdan ko‘ra, qayta ishlasa, qiymati oshadi
JamiyatTanlash Mulohaza Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkidagi zamonaviy ishlab chiqarishlar bilan tanishuvini kuza...
O'qish
Ko‘mir sanoati istiqbollari “Глобус” jurnalida yoritildi
Rossiyaning tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi nufuzli nashrlaridan biri – “Глобус: геология и бизнес” jurnalining 2026-yil may oyidagi 2 (91)-sonida ko...
O'qish
"O'zbekko'mir" AJ BKUQ raisi A.Qayumovning bayram tabrigi
Assalomu alaykum, qadrli konchilar, hurmatli hamkasblar va aziz hamshaharlar! Sizlarni butun musulmon olamining eng ulug‘ va qutlug‘ ayyomlaridan biri — muborak Qurbon...
O'qish