Maktablarni istishga xususiy sektor jalb qilinadi
Nashr qilingan sana: 18.04.2023 13:46:39Bu yilgi qish mavsumi aholi uchun ham, korxona va tashkilotlar uchun ham katta sinov boʻldi. Anomal sovuq sababli koʻplab hududlarda energiya resurslari, issiqlik bilan taʼminlashda muammolar yuzaga keldi. Albatta, buning sabab va oqibatlari tahlil qilindi, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Birinchi navbatda mavjud tarmoqlarni yangilash va modernizatsiya qilish, muqobil energiya manbalaridan foydalanishga eʼtibor qaratilmoqda. Ayni paytda yurtimizdagi korxona va tashkilotlarda quyosh panellari oʻrnatish orqali elektr energiyasidan foydalanish keng joriy etilmoqda. Ushbu qurilmalardan foydalanayotgan subyektlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida ularga bir qator imtiyoz va yengilliklar berilyapti. Shuningdek, faqatgina tabiiy gaz yoki elektr energiyasiga bogʻlanib qolmasdan koʻmir yonilgʻisidan foydalanishga eʼtibor oshmoqda.
Prezidentimiz tomonidan shu yil 10 aprelda qabul qilingan "Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish toʻgʻrisida" gi qarori ham shu maqsadga qaratilgan. Qarorga koʻra, Andijon viloyatining Boʻston tumanida qoʻllanilgan tajriba asosida 2023-2026 yillarda yurtimizda faoliyat yuritayotgan davlat ijtimoiy soha obyektlarini koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish orqali kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, qozonxonalarni modernizatsiya qilish hamda muassasalarning issiqlik tizimini taʼmirlash va belgilangan meʼyorlarda ishlashini taʼminlash choralari koʻriladi. Bu ishlar davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor ishtirokida amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi 5722 ta davlat ijtimoiy soha obyektining issiqlik taʼminoti tizimlari xususiy sektor ishtirokida modernizatsiya qilinadi. Bundan tashqari, joriy yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarining barcha tuman (shahar)larida hamda boshqa viloyatlarning belgilangan tuman (shahar)larida davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlari boshlanadi.
Jumladan, Samarqand viloyatining olti tumanidagi 871 ta ijtimoiy soha obyekti isitish tizimini davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida modernizatsiya qilish boʻyicha bitimlar tuzilib, amaliy ishlarga kirishiladi.
– Dastlab, eksperiment tariqasida olti tumandagi jami 442 ta umumtaʼlim maktabi, 273 ta maktabgacha taʼlim, 100 ta sogʻliqni saqlash va 56 ta madaniyat, musiqa va sport muassasalari uchun tadbirkorlar bilan bitim tuziladi, – deydi Samarqand viloyati moliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Oybek Oqboʻtayev. – Jumladan, Jomboy tumanida 116 ta, Narpayda 147 ta, Toyloqda 128 ta, Kattaqoʻrgʻon tumanida 198 ta, Samarqand tumanida 124 ta hamda Ishtixonda 158 ta muassasa yangi tizimga oʻtadi. Hozirda ijtimoiy soha muassasalari xatlovdan oʻtkazilib, ulardagi texnik nuqson va kamchiliklar aniqlanmoqda. Qarorga binoan, barcha isitish tizimi, issiq suv tarmoqlari, koʻmirxona va pechlar taʼmirlanib tayyor holga keltirilgach, keyin tadbirkorlar ixtiyoriga beriladi.Rejaga koʻra, joriy yilda Jomboy tumanida 56 ta, Narpayda 70 ta umumtaʼlim maktabi, Toyloq tumanida 15 ta, Kattaqoʻrgʻonda 19 ta tibbiyot muassasasi, Samarqand va Ishtixon tumanlarida 11 tadan madaniyat uyi, musiqa va sport maktablarini isitish yangi tizim asosida tadbirkorlar tomonidan bajariladi. Shuningdek, Kattaqoʻrgʻon tumanida 64 ta, Samarqand tumanida 42 maktabgacha taʼlim tashkilotining isitish tizimlari davlat-xususiy sheriklik asosida yangilanib, bu boradagi muammolar bartaraf etiladi.
Shartnomaga koʻra, tadbirkorlar ijtimoiy soha obyektlarida Oʻzbekistonda kamida bir yil sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan va xizmat qilish kafolati kamida 15 yilni tashkil qiladigan qozonlarni oʻrnatishlari lozim boʻladi. Loyihalarni amalga oshirishda mahalliy hokimliklar tomonidan investitsiya mablagʻining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab beradi.
Qarorga muvofiq, bir oy muddatda tanlov asosida loyiha institutlari jalb qilinib, mavjud issiqlik taʼminoti tizimlarini xatlovdan oʻtkazgan holda nuqsonlar toʻgʻrisida dalolatnomalar rasmiylashtiriladi. Joriy yil 1 iyunga qadar ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, davlat ekspertizasidan oʻtkaziladi va 1 iyulgacha loyihalar boʻyicha konsepsiyalar tasdiqlanadi. Shu yilning 1 avgustidan tenderlarni tashkil qilish hamda xususiy sheriklarni shaffof va ochiq shartlarda tanlab, modernizatsiya ishlarini boshlash belgilangan.
Gʻ.HASANOV, OʻzA
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:
Yong‘in xavfsizligi qoidalari targ‘ib qilinmoqda
Respublikamizda 15-noyabrdan boshlangan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” tadbirlari davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumat komissiyasining 2024-yil 28-...
O'qishDavlat xizmatchisiga tadbirkorlik taqiqlanadi
Shu yilning 6-dekabr kunidan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kiradi. Shu munosabat bilan “O‘zbekko‘mir” aksiyador...
O'qishIste'molchi murojaati joyida ijobiy hal etildi
Aholi iste’molchilariga ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berish jarayonida fuqarolardan tushayotgan takliflar ham inobatga olinib, ular tomonidan kiritilayotgan muammoli masala...
O'qishRespublikamizda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Hukumat komissiyasining 2024-yil 28-oktabrdagi 2-son bayoniga asosan joriy yilning 15-noyabridan 15-dekabriga qadar Respublikamiz hududida “Yon...
O'qish