“O‘zbekko‘mir” AJ: korrupsiyaga qarshi islohotlar yangi bosqichda
Nashr qilingan sana: 28.12.2025 16:30:14
Korrupsiya jamiyat va iqtisodiyot rivojiga jiddiy to‘siq bo‘luvchi, davlat boshqaruvi samaradorligiga putur yetkazuvchi xavfli illat sifatida mamlakatimizda davlat siyosati darajasida qat’iyat bilan bartaraf etilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Mazkur hujjatlardagi vazifalar “O‘zbekko‘mir” AJ faoliyatiga tizimli tarzda tatbiq etilib, jamiyatda ochiqlik, mas’uliyat va nazoratni kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlat siyosatida belgilangan vazifalarni amaliyotga joriy etish maqsadida “O‘zbekko‘mir” AJda korrupsiyaga qarshi ichki tizimni mustahkamlash bo‘yicha bir qator me’yoriy hujjatlar qayta ishlab chiqildi. 2024-yil yakunida jamiyatda umumiy hisobda 16 ta ichki me’yoriy hujjat yangilanib, qo‘shimcha ichki hujjatlar qabul qilindi hamda filiallarda maxsus komplayens-nazorat shtatlari tashkil etildi. Bu islohotlar korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash, ichki nazorat samaradorligini oshirish va barcha jarayonlarni shaffoflashtirishga xizmat qilmoqda.
Yuqoridagi huquqiy va ichki asoslarga tayangan holda jamiyatda amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Tarkibida o‘n ikki filialni birlashtirgan va salkam olti ming nafar xodim faoliyat yuritadigan yirik tuzilmada manfaatlar to‘qnashuvi ehtimolini bartaraf etish maqsadida 2025-yilda barcha xodimlar deklaratsiyalar to‘ldirdi va ular batafsil tahlil qilindi. Tahlil natijasida 42 ta holatda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi kuzatilib, shulardan 16 tasi o‘z vaqtida hal etildi, 27 ta holat yuzasidan filial rahbarlariga rasmiy ogohlantirishlar berildi, to‘rt nafar xodimning tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatmagani uchun materiallar Odob-axloq komissiyasiga yuborildi.
Komplayens-nazorat sohasida amalga oshirilgan ishlar doirasida jamiyat markaziy apparati va 11 ta filialning 41 ta funksiyasi korrupsiyaviy xavf-xatarlar nuqtai nazaridan o‘rganilib, ularning natijalari “E-anticor.uz” platformasiga yuklandi. Tahlillar 11 ta vazifada xavf darajasi “yuqori”, 15 tasida “o‘rta” ekanini ko‘rsatdi va ular bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Filiallarda xomashyo, mol-mulk va jihozlarni muhofaza qilishga qaratilgan profilaktik yig‘ilishlar o‘tkazilib, jihozlarni hisobdan chiqarish jarayonlari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatildi. Burg‘ulash uskunalarining kirim-chiqimi bo‘yicha kunlik va haftalik elektron hisobot yuritish amaliyoti joriy etildi.
Shartnomaviy munosabatlarda shaffoflikni ta’minlash maqsadida 2025-yilda o‘tkazilgan monitoring natijasida ayrim kontragentlar bilan tuzilgan shartnomalarda korrupsiyaga qarshi bandlar mavjud emasligi aniqlandi va mas’ul bo‘limlarga bu kamchilikni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Bugungi kunda jamiyat va filiallarning barcha mehnat hamda xo‘jalik shartnomalariga korrupsiyaga qarshi maxsus qoidalar majburiy ravishda kiritilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga nisbatan ochiq va xolis munosabatni ta’minlash maqsadida joriy yilda komplayens xizmati tomonidan 88 ta murojaat ko‘rib chiqildi. “Temiryo‘l transporti” filialida ish haqi sun’iy ravishda oshirilgani aniqlanib, 329,2 million so‘mlik zarar undirildi va aybdorlar lavozimidan ozod etildi. “Angren ko‘mir koni” filialida 52 509 593 so‘mlik ko‘mir mahsuloti hamda 73 880 000 so‘mlik dizel yonilg‘isini talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, to‘plangan materiallar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi. Bundan tashqari, bir qator filial rahbarlari va xodimlari murojaatlari ishchi guruhlar tomonidan o‘rganilib, xolis xulosalar tayyorlandi.
Filiallarda jahon amaliyotiga asoslangan 15 ta seminar, trening va profilaktik tadbir tashkil etildi. “9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan fotochellenjlar, ma’rifiy tadbirlar hamda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazilib, xodimlar va yoshlar o‘rtasida faol fuqarolik pozitsiyasi tashviq qilindi.
Aniqlangan kamchiliklarni yashirish emas, balki ularni bartaraf etish “O‘zbekko‘mir” AJning ustuvor vazifasi hisoblanadi. Jamiyatda ochiqlik, qonuniylik va ichki nazoratni mustahkamlash orqali korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan tizimli mexanizmlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish har bir fuqaro va har bir tashkilotning umumiy mas’uliyatidir. Jamiyatimiz bu borada amalga oshirayotgan ishlar orqali mamlakatda adolat va shaffoflikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Oybek Ismoilov,
“O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktorining birinchi o‘rinbosari
“O‘zbekko‘mir” gazetasining 2025-yil 27-dekabrdagi 8 (102)-sonidan olindi
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:
Ijro apparatida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo'lib o'tdi
“О‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati Ijro apparati majlislar zalida navbatdagi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir jamiyatda yoshlar siyosat...
O'qish
Kasaba uyushmasi mehnatni muhofaza qilish vakillari o'qitildi
“O‘zbekko‘mir” AJ tizimidagi filiallarda saylangan kasaba uyushmasining mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Mazkur o‘quv seminarini...
O'qish
“Глобус: геология и бизнес” jurnalida Angren konchilari haqida maqola chop etildi
Rossiya Federatsiyasida chop etilаdigan “Globus: geologiya i biznes” xalqaro jurnalining 2025-yil dekabr sonida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga bag‘...
O'qish