Bor bo‘ling, omon bo‘ling, ustoz konchilar!
Nashr qilingan sana: 27.09.2024 17:30:21
Ustoz otangdan ulug‘! Darhaqiqat, ko‘mir qazib olish va yetkazib berish bo‘yicha respublikamizda yirik va yetakchi korxona hisoblangan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarish yildan-yilga rivojlanib borayotgan ekan, bunda o‘z kabining puxta egallagan va kasb sirlarini yoshlarga mukammal o‘rgatib kelayotgan ustoz va murabbiy konchilarning hissasi nihoyada ulkan.
Bugun, 27-sentabr kuni O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan jamiyatda o‘tkazilgan bayram tadbirida ustoz konchilar sha’niga iliq gaplar aytildi.
Angren shahridagi “Zamin – 2” tantanalar zalida tashkil etilgan bayram tadbirini jamiyat Birlashgan kasba uyushma qo‘mitasi raisi Abdunosir Qayumov kirish so‘zi bilan ochib, umrini va bilim-tajribasini soha rivojiga sarflab kelayotgan ustoz konchilarni bayram bilan qutladi.
Aksiyadorlik jamiyati texnik bo‘limi boshlig‘i Robert Yenikeev, “Energiya va telekommunikatsiya tarmoqlari” filiali boshlig‘i Erkin Ergashev, “Tog‘-kon uskunalarini sozlash zavodi” filiali boshlig‘i Marajab Tursunov, “Geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi” filiali rahbari To‘lqinjon Abdujalilov, Axborot xizmati rahbari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ne’mat Dushaev va boshqalar tadbirda so‘z olib, ustoz konchilar sha’niga ehtirom tilaklarini bidirdilar.
“Ustoz-shogird” an’anasini izchil davom ettirib, ko‘plab shogird tayyorlagan bir guruh konchilarga jamiyat rahbariyati va Birlashgan kasaba uyushma ko‘mitasi tomonidan gullar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Bayramona to‘kin dasturxon atrofida to‘plangan ustoz va shogirdlar gurungi kuy va qo‘shiqlar va raqslarga ulandi.
Mashhur xonanda, O‘zbekiston qahramoni Munojot Yo‘lchieva tadbirda ishtirok etib, ustoz konchilarni samimiy muborakbod etdi va maqom yo‘nalishidagi ajoyib qo‘shiqlari bilan davraga fayz kiritdi.
Biz fursatdan foydalanib, bayram tadbiri ishtirokchilarini suhbatga tortdik.
Abduqahhor Mamadov, “Angren ko‘mir koni” filiali ekskavator mashinisti, “Shuhrat” medali sohibi: ‒ Ko‘mir konida o‘ttiz sakkiz yildan buyon mehnat qilib kelaman. Konchilik ‒ menga ota kasb. Rahmatli G‘ulom otam va boshqa ustozlardan ish o‘rgandim. Bugungi kunda juda ko‘p shogirdlarim bor.
Bugun ko‘mir mahsuloti iqtisodiyotimizga juda-juda zarur. Besh yil oldin to‘rt million tonnacha ko‘mir yetkazib berayotgan edik. Hozir bu raqamni salkam 7 million tonnaga chiqarmoqchimiz.
Biz konchilarga berilayotgan e’tibor, ko‘rsatilayotgan g‘amho‘rlik yanada unumli ishlashimizga xizmat qiladi. Barcha ustoz hamkasblarni bayram bilan tabriklayman.
Rimma Kalimulina, “Angren ko‘mir koni” filiali energetika xizmati energetigi: ‒ Konga bundan yigirma olti yil avval ishga kelgandim. O‘sha paytda menga ish o‘rgatgan ilk ustozlarim Yuriy Salixov, Nuriya Vaynerni yaxshi eslayman. Bugun o‘zimning ham Davron Mirzabekov, Dilmurod Haytmatov, Zulfiya kabi munosib shogirdlarim borligidan faxrlanaman.
Bayram dasturxoni tashkil etib, sovg‘alar berib, biz ustoz konchilarga ehtirom ko‘rsatayotgan rahbariyatga minnatdorchilik bildiraman. Tilagim, ko‘mir sanoati rivojlanib boraversin.
Jahongir Mingboev, “Apartak ko‘mir koni” filiali ekskavator mashinisti: ‒ Ustozim, rahmatli Mirxon akadan bir umr minnatdorman. U kishi, keyinchalik hozir pensiyadagi Nurillo aka menga kasb sirlarini qunt va sabot bilan o‘rgatgan edi. Men ham ko‘plab shogirdlar chiqardim. Dilxiroj Abduvoitov, Baxtiyor Ahmedov, Farruh va boshqa shu singari ko‘plar yosh mutaxassislardan bugun ko‘nglim to‘q.
Konimizda, ko‘z tegmasin, hozir ishlar yaxshi ketyapti. Bu yil, nasib etsa, 1 million tonnalik marrani zab etmoqchimiz. Bu tarixda bo‘lmagan.
Barcha ustozlarni bayram bilan tabriklayman!
ANGREN KONChILARIGA
Ustozlar bor, bu olam mangu charog‘on ekan,
Tug‘ilgandan har odam ustoz so‘ragan ekan,
Harbiylarning ustozi Temur Ko‘ragon ekan,
Bugun ulug‘ bayramdir, qaddingiz kering g‘ozlar.
Konchiga yo‘lchi yulduz Sizsiz aziz ustozlar.
Yer qa’ridan kon qazib, ertayu kech tinmaysiz,
Mashaqqatlar oldida chekinmaysiz, sinmaysiz,
Ishingizni bilasiz, birovga yukinmaysiz,
Bugun ulug‘ bayramdir, qaddingiz tkring g‘ozlar.
Konchiga yo‘lchi yulduz Sizsiz aziz ustozlar.
Siz hunarni asrabon netgaymidirman degaysiz,
Bilganimni o‘rgatib ketgaydirman degaysiz,
Ko‘mir konin tubiga yetgaydirman degaysiz,
Bugun ulug‘ bayramdir, qaddingiz kering g‘ozlar.
Konchiga yo‘lchi yulduz Sizsiz aziz ustozlar.
Ko‘mir yorug‘lik erur, ko‘mir issiqlik demak,
Pechga yoqilg‘i, GRESga - non asli, emas ermak,
“Ustoz-shogird” bor bo‘lsa, ko‘mir serobdir demak,
Bugun ulug‘ bayramdir, qaddingiz kering g‘ozlar.
Konchiga yo‘lchi yulduz Sizsiz aziz ustozlar.
Bu dunyoda yashaydi xudoyim deb har banda,
Elu yurt deb mehnatni aslo qilmaysiz kanda,
Siz konchilar namoyon, biz Angren deganda,
Bugun ulug‘ bayramdir, qaddingiz kering g‘ozlar.
Konchiga yo‘lchi yulduz Sizsiz aziz ustozlar.
Kim gul ekar bog‘iga, kimdir o‘stirar tikan,
Mehnat, mehr, muhabbat insonni qilmas bekam,
Xonadonlar charog‘on, toki sizlar bor ekan,
Bugun ulug‘ bayramdir, qaddingiz kering g‘ozlar.
Konchiga yo‘lchi yulduz Sizsiz aziz ustozlar.
Ne’mat Dushaev,
“O‘zbekko‘mir” AJ matbuot kotibi,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:
Mahalliy ko‘mir qanday qazib olinadi?
Iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarida, shuningdek, tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hududlarda ko‘mirdan foydalanish ancha qulay. O‘zbekiston esa yer osti qazilmalariga boy...
O'qishYong‘in xavfsizligi: amaliy ko‘nikmalar oshirilmoqda
Yong‘in xavfsizligi: amaliy ko‘nikmalar oshirilmoqda O‘lkamizga qish fasli kirib keldi. Ushbu mavsumda tabiiy va texnogen tusdagi ofatlar xavfi kuchayadi...
O'qishSog‘lom turmush tarzi targ‘ib qilingan tadbir
#1_dekabr_Jahon_OITSga_qarshi_kurash_kuni Bugun dunyoda global muammolar ko‘p. Shulardan biri OITS (orttirilgan immun tizimi sindromi)dir. Ushbu xastalik...
O'qishAholiga arzonlashtirilgan ko‘mir tarqatilmoqda
JamiyatTanlash Yurtimizda sovuq kunlar boshlanib, hamyurtlarimiz, ijtimoiy soha muassasalarining kuz-qish mavsumi bilan bog‘liq tayyorgarlik ishlari holatini ko‘r...
O'qish