Davlatimiz rahbari koʻmir va uran sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
Nashr qilingan sana: 03.02.2026 15:05:12Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni koʻmir va uran sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda yaqin istiqbolga moʻljallangan rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
.jpg)
Koʻmir ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, sohada raqobat muhitini kuchaytirish va mavjud zaxiralardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, 2025-2026-yillar kuz-qish mavsumida 10 million tonna koʻmir qazib olish rejalashtirilgan boʻlib, bu oʻtgan mavsumga nisbatan 1,3 million tonnaga koʻpdir. Hozirgacha 9 million tonna koʻmir qazib olindi, oʻsish 590 ming tonnani tashkil etdi. Keyingi mavsumda ishlab chiqarish hajmini 11 million tonnaga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Buning uchun Toshkent va Janubiy hududlarda joylashgan konlarni oʻzlashtirishni jadallashtirish, selektiv qazib olishni kengaytirish, autsorsing asosida qoʻshimcha ekskavator va texnikalar jalb qilish muhim ekani taʼkidlandi. Xususiy tadbirkorlar ishtirokini kengaytirish orqali 2026-yilda qoʻshimcha 2,5 million tonna koʻmir qazib chiqarish rejalashtirilgan.
Angrendagi Nishbosh koʻmir konini oʻzlashtirish loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Zaxiralarining hajmi 233 million tonna va qiymati qariyb 500 million dollarga baholanayotgan ushbu investitsiya loyihasi doirasida 2026-yilda qazib olish ishlarini boshlash hamda 1 million tonna koʻmir qazib chiqarish, kelgusida yillik quvvatni 10 million tonnaga yetkazish koʻzda tutilgan. Loyiha doirasida 880 ta doimiy ish oʻrni yaratiladi.
Taqdimotda koʻmirni chuqur qayta ishlash asosida yangi turdagi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan loyiha ham koʻrib chiqildi. “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan koʻmirni kimyoviy qayta ishlash orqali polimer mahsulotlar olishni tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 5 milliard dollar boʻlib, uning natijasida yiliga 8-9 million tonna koʻmirni qayta ishlash va 1,18 million tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.
Oʻtgan yili mamlakatimizda 7 ming tonna uran ishlab chiqarilib, aniqlangan zaxiralar esa 139 ming tonnaga yetdi.
Joriy yilda Arnasoy, Gʻarbiy Qizilqoq, Janubiy Jongeldi, Sharqiy Agʻron konlarini oʻzlashtirishni boshlash rejalashtirilgan.
Xomashyo qazib olish hajmining koʻpayishi munosabati bilan uni qayta ishlash quvvatlarini ham oshirish zarurligi qayd etildi.
Uranni qayta ishlash quvvatlarini sulfat kislotasi hamda uni ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan texnik oltingugurt bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari belgilab olindi.
Prezidentimiz koʻmir va uran sanoatida rejalashtirilgan loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, iqtisodiy samaradorlikni kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Oxirgi yangiliklar:
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati Bosh direktorining bayram tabrigi
Hurmatli konchilar, konchilik va ko‘mir sanoati faxriylari! Qadrli hamkasblar! Barchangizni kasb bayrami – O‘zbekiston konchilik va metallurgiya sanoati xo...
O'qish
Konchilar mehnatiga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
Mamlakatimiz yer osti boyliklariga nihoyatda boy. Keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida konchilik va metallurgiya sohasiga qaratilayotgan kat...
O'qish
Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi belgilandi
Adliya vazirligi tomonidan “Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va ularning raqobat muhitiga ta’sirini baholash tart...
O'qish
Konchilar birdamligi sport maydonida namoyon bo‘ldi
"O‘zbekko‘mir" aksiyadorlik jamiyatida Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni munosabati bilan “Konchilar spartakiadasi” sport musobaqasi tashkil etildi. Tadbir...
O'qish