HITACHI EX2600 ekskavatori ‒ Angren ko‘mir konida
Nashr qilingan sana: 05.05.2025 13:06:23Hitachi nomi Angren konchilariga begona emas. Uch yil avval 7 kubometrli gidravlik ekskavator “Angren” ko‘mir koniga keltirilgan edi. U ko‘mirni seksion qazib olish va ortishi bilan barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Mana, endi “Angren” ochiq konida yanada samarador ‒ 17 kub metrli gidravlik ekskavatoridan foydalanila boshlandi.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bosh mexanigi Qobiljon Quralovning ma’lum qilishicha, ushbu ekskavator qozog‘istonlik maxsus brigada tomonidan yig‘ildi. Yig‘ish ishlariga 25 kun ketdi.
Yangi kon texnikasining afzalliklari
Hitachi kompaniyasi o‘zining gidravlik ekskavatorlari bilan mashhur. Hitachi EX2600 ekskavatori katta hajmdagi tuproq ishlarini bajarish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yuqori samarador gidravlik tizimlarga, ko‘p funksiyali imkoniyatlarga, tezkorlik va samaradorlikka ega. Kovsh hajmi ‒ 17 kub metr, og‘irligi taqriban 200 tonna, harakatlanish masofasi 300 metr va undan ortiq. Bunday texnika konlarimizda tog‘ jinsi va ko‘mirni tez qazish va olib chiqishda katta ish beradi. Hitachi EX2600 ekskavatori zamonaviy monitoring tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, resurslarni samarali boshqarish va iqtisodiy foyda olish uchun ideal yechim hisoblanadi.
Ekskavatorni kimlar boshqaradi?
Albatta, o‘zimizning konchi-mexaniza-torlar! Ammo yangi va qimmat kon texnikasini boshqarish uchun malakali kadrlar zarur. Ular texnik bilim, xavfsizlik standartlari, maxsus trening va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Bunday kadrlar samarali va xavfsiz ishlashni ta’minlaydi.
Jamiyatda ana shu tamoyildan kelib chiqib, 15 nafar mahalliy mutaxassis qayta o‘qitildi. Ularga qozog‘istonlik mutaxassislar saboq berdi va imtihon orqali 9 nafari saralab olindi. Qolgan mutaxassislar zaxirada turadi. Ekskavator ekipaji brigadiri ‒ Nurullo Mirzahmedov.
‒ Shunday qimmat texnikani bizga ishonib topshirishganidan mamnunmiz. Bor bilim va tajribamizni ishga solamiz, ekskavatordan unumli foydalanib, kon ochish ishlarini jadallashtirishda munosib hissa qo‘shamiz, ‒ deydi N. Mirzahmedov.
Nurullo Mirzahmedov, o‘ttiz yildirki, Angren ko‘mir sanoati korxonalarida mehnat qilib keladi. Ishni 1995 yilda elektrosexda ekskavator ta’mirlovchisi bo‘lib boshlagan. Uch yildan so‘ng ko‘mir koniga ishga o‘tgan. Faoliyati davomida turli rusumli kon ekskavatorlarini muvaffaqiyatli boshqargan. Endi u va uning brigadasi yanada katta ekskavatorni boshqaradi.
Ulkan ekskavatorlar nima uchun kerak?
Bugungi kunda ko‘mirga bo‘lgan talab juda yuqori. Ayniqsa, mahalliy ko‘mir arzonligi va ishonchliligi bilan ajralib turadi. Asosiy iste’molchilar ‒ Angren va Yangi Angren issiqlik elektr stansiyalari bo‘lib, ular Angren ko‘mirini yoqishga ixtisoslashgan. Kon esa uzoqda emas, uning transportirovkasi ham oson.
Ko‘mir ‒ million yillar davomida yer qa’rida shakllangan tayyor yoqilg‘i. U hech qanday qayta ishlovlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlatiladi. Ammo ko‘mir qatlamlariga yetib olish jarayoni chakana ish emas. Ochiq usulda ko‘mir qazib olish uchun uning yuzasidan 200 metrgacha bo‘lgan qalinlikdagi millionlab tonna turli tog‘ jinslarini ko‘chirish, ularni 8-15 chaqirimgacha joylashgan ichki va tashqi to‘kindixonalarga olib chiqishni talab etadi. Ulkan avtosamosvallarga tog‘ jinslari ana shu qudratli ekskavatorlar orqali yuklanadi, Ular esa bu jarayonni samarali va tezkor amalga oshirishga yordam beradi.
“Angren” konida qanday eksksvstorlar bor?
Hozirgi kunda “Angren” konida kovsh hajmi 4, 5, 7, 8, 10 va 15 kub metrli 40 dan ortiq ekskavatorlardan foydalanilmoqda. Yangi ekskavator esa yanada samarali ‒ 17 kub metr! Agar tog‘ jinsining bir kub metr hajmdagi tog‘ jinsini og‘irlik hisobida o‘rtacha 1,5 tonna deb olsak, ushbu yangi kon texnikasi ulkan kovshi bilan bir yuklashda avtosamosvallarga o‘rtacha 25 tonna tosh-tuproq orta oladi.
Albatta, Hitachi ‒ EX2600 dunyodagi eng katta ekskavatorlar sirasiga kirmaydi. Eng qudratli ekskavatorlar, masalan, Bucyrus RH400, Liebherr R 9800, Hitachi EX8000-6 va Komatsu PC8000-6 kabi modellar 40 kub metrdan 45 kub metrgacha hajmdagi kovshlarga ega.
Shunga qaramay, ko‘mir konimizga keltirilgan Hitachi ‒ EX2600 ekskavatori konchilarimiz uchun katta voqea bo‘lib, ushbu texnika yordamida kon yuzasini ochish ishlari yanada jadallashishi shubhasiz.
Ma’lumot uchun, “Angren” koniga 2019-yilda 15 ta 130 tonna yuk tashish quvvatiga ega “BelAZ” avtosamosvallari keltirilgan edi. 2023-yilda 44 ta Komatsu xarid qilindi.
Ne’mat Dushayev,
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:

Termiz universiteti talabalari ‒ “Angren” konida
Joriy yilning 25-aprel kuni Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari “O‘zbekko‘mir” AJ korxonalarid...
O'qish
Telegram botdan foydalanish qoidalarini bilasizmi?
Botlar interaktiv xizmatlarning eng ommaviy shakli bo‘lib, jamoatchilik bilan aloqada muhim rol o‘ynaydi. “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida jismoniy va yuridik shaxs...
O'qish
Doʻppi ‒ xalqimizning mlliy bosh kiyimi
Har juma kuni Oʻzbekistonda “Milliy liboslar kuni” nishonlanadi. Bu tadbirning maqsadi, milliy kiyimlarni, jumladan, anʼanaviy bosh kiyimimiz doʻppini targʻib qi...
O'qish