Kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan
Nashr qilingan sana: 29.10.2025 13:15:1520-oktabr kun Milliy matbuot markazida “Yoqilg‘i-energetika sohasida amaliy ishlar, erishilgan natijalar va mavsumiy vazifalar muhokamasi” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Energetika vazirligi, tizim tashkilotlari mas’ullari, soha vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov so‘zga chiqib, soha tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’lumot berdi.
Anjumanda ta’kidlanishicha, oktyabr oyidan boshlab energetika tizimi kuz-qish mavsumi rejimiga o‘tgan.
Mavsumni betalofat o‘tkazish maqsadida vazirlik va tizim korxonalarida 24/7 tartibida navbatchilik tashkil etilgan. Elektr ta’minoti bo‘yicha “1154” va gaz ta’minoti bo‘yicha “1104” raqamli koll-markazlar tunu kun faoliyat yuritmoqda.
Vazir ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida mamlakat bo‘ylab umumiy uzunligi 7 455 km bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari va 1 748 ta transformator punkti yangilandi. Buning natijasida 954 ta mahalladagi 800 mingdan ortiq xonadonning elektr ta’minoti yaxshilandi.
– Joriy yil yoz mavsumida respublikaning elektr energiyasiga bo‘lgan talab soatiga 13,3 gigavattni, ya’ni kuniga 270–275 million kVt·soatni tashkil etgan bo‘lsa, qish mavsumida bu ko‘rsatkich soatiga 13,5 gigavattga, kuniga esa 290–300 million kVt·soatgacha yetishi kutilmoqda. O‘tgan yili 81,5 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025 yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 85,5 milliard kVt·soatga yetishi rejalashtirilgan, – dedi vazir.
Hozirgi kunda mamlakatimizda ishga tushirilgan quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 4 682 MVtni tashkil etmoqda. Ushbu manbalardan joriy yil boshidan beri 9 milliard kVt·soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Gidroelektr stansiyalari bilan birgalikda “yashil” energiya hajmi 14,5 milliard kVt·soatdan oshib, umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi 23 foizga yetdi.
2025 yil yakuniga qadar umumiy quvvati 3 000 MVtdan ortiq bo‘lgan quyosh va shamol stansiyalari hamda 1 167 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyalari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 40,1 MVt quvvatga ega 59 ta mikro GES faoliyat ko‘rsatmoqda. Yana 13 ta yangi mikro GES (15 MVt) 2025 yilda ishga tushiriladi.
Mavsumda respublikada elektr energiyasi iste’moli qariyb 47 milliard kVt·soatni tashkil etishi kutilmoqda, bu o‘tgan yilga nisbatan 20 million kVt·soatga ko‘pdir.
Joriy yil boshidan 512,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan, yil yakuniga qadar yana 142,4 ming tonna yetkazib berish rejalashtirilgan.
Respublika bo‘yicha 1 512 ta AGTKSH mavjud bo‘lib, shulardan 1 366 tasi “UzGas” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan va 691 tasi to‘liq raqamlashtirilgan. Yil yakuniga qadar qolganlarini ham raqamlashtirish ishlari yakunlanadi.
2025–2026 yillar kuz-qish mavsumi uchun iste’molchilarga 10 million tonna mahalliy va 2 million tonna import ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mavsum davomida 995 ming tonna avtobenzin yetkazib berish va ehtiyoj keskin oshgan holatlarda foydalanish uchun 65 ming tonna zaxira yaratish belgilangan.
Dizel yoqilg‘isiga bo‘lgan talab 776 ming tonna miqdorda baholanmoqda. Barcha hajmlarni o‘z vaqtida yetkazib berish choralari ko‘rilgan. 2025 yil uchun 6 milliard kVt·soat elektr energiyasi va 4,4 milliard kub metr tabiiy gaz iqtisod qilish rejalashtirilgan.
Yirik quyosh va shamol stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan 9 milliard kVt·soat elektr energiyasi hisobiga 2,7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaldi. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich qo‘shimcha 1,7 milliard kub metrgacha ortishi kutilmoqda.
Barcha hudud va tarmoqlarda energiya tejamkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ko‘rilgan choralar natijasida 2,6 milliard kub metr gaz va 5,8 milliard kVt·soat elektr energiyasi iqtisod qilindi.
Tizimdagi ishlar natijasida avariyaviy o‘chishlar soni 50 foizga kamaydi, avariyalarni bartaraf etish vaqti esa 1–1,5 soatgacha qisqartirildi.
Hududlarda 908 ta transformator, 538 tonna transformator moyi, 546 km kabel, 95 tonna sim, 4,1 ming ta tayanch, 88 mingta ehtiyot qism va muftalar zaxirasi yaratildi. Bu borada 6 500 dan ortiq xodimdan iborat 1 201 ta brigada, 905 ta avtomashina va 370 ta maxsus texnika shay holatga keltirilgan.
Mavsum davomida iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda.
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:
“Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” doirasida tadbirlar davom etmoqda
22-oktabr kuni navbatdagi tadbirlar “Angren ko‘mir koni”, “Shaxta usulida ko‘mir qazib olish” hamda “Avtomobil-texnologik transport” filiallarida tashkil etildi....
O'qish
Brifing: iste’molchilarni ko‘mir bilan ta’ьinlashning borishi yuazsidan ma’lumot berildi
Joriy yilning 22-oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari Ne’mat Dushayev ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda respubli...
O'qish
“Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” doirasida tadbirlar o‘tkazildi
2025-yil 21-oktyabr kuni “TTUS zavodi”, “MTT va IS” hamda “Apartak ko‘mir koni” filiallarida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar ishtirokida zilzila bilan bog‘...
O'qish