Milliy libos – millatning yuragidagi ehtirom
Nashr qilingan sana: 04.07.2025 13:57:04
Har juma – o‘zligimizni tan olish kuni.
Har juma – milliy iftixorni e’tirof etish kuni.
Har juma – yurakdagi o‘zbeklik libosga aylanadigan kun.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida haftaning har jumasi Milliy liboslar kuni sifatida belgilangan. Bu rasmiy qaror emas – qalbdan chiqqan chaqiriq. Bu topshiriq emas – milliy vujudimizning shiddatli tovushidir.
Bu kunda Jamiyat ofisi va barcha filiallarda, xizmat vazifasi maxsus kiyim talab qilmaydigan xodimlarga, milliy libosda ishga chiqish tavsiya etilgan. Dastlab bu tashabbusga biroz tortinish bilan qaraldi. Ayrimlar do‘ppi kiysa, “Nima bo‘ldi? To‘ygami, azagami?” degan savollardan qo‘rqdi. Go‘yo do‘ppi to‘y yoki motam timsoliga aylangandek.
Aslida, do‘ppi motam uchun emas – faxr uchun!
Chopon – qahramonlar kiyimi!
Atlas va adras – o‘zbek ayolining nafosati, matonati, orastaligi.
Milliy libos – bu tarix. U ushoq bo‘lmagan, o‘zgarmagan, zamonlar orqali zabardast yurgan tarixdir. Milliy libos – madaniyat. Bu madaniyat nafaqat ko‘zni, balki qalbni ham quvontiradi. Milliy libos – kelajak. Zero, o‘zligini unutgan millatning ertasi bo‘lmaydi.
Biz milliy libosni kiyib, “Men o‘zbekman!” deya kerilib yursak arziydi. Bu libos bizga nafaqat shonli o‘tmishni, balki orzularga to‘la kelajakni ham eslatadi. Bu libos yupqa iplardan emas, e’tiqod va faxr iplaridan to‘qilgan.
Shuning uchun bu tashabbus hech qachon “xo‘jako‘rsin”ga aylanib qolmasligi kerak. U har bir xodimning qalbiga kirib borishi zarur. Milliy libosni kiyish – boshqalarga maqtanish uchun emas, o‘zimizga kimligimizni eslatish uchundir.
Bir kun kelib, konchilarimiz ishxonalariga faqat juma kuni emas, har kuni milliy liboslarda kirib kelishsa, hamkasblari:
“Nima bo‘ldi?” deb emas, “A’lo, go‘zal ko‘rinayapsiz!” deb quvonishsin.
Bir kun kelib, do‘ppi kiygan erkakdan “Tinchlikmi?” deb so‘rashmasin, balki:
“Yaxshi qildingiz, men ham ertaga kiyib chiqaman!” desin.
Milliy libos – bu moda emas, mohiyat.
Milliy libos – bu o‘tmish emas, bardavom qadriyat.
Milliy libos – aniq tarix, yaqqol bugun va yoru kelajak.
O‘ylaymizki, tashabbus ana shunday ruhda davom etadi. Mehnat jamoamiz bugun nafaqat iqtisodiyotga, balki ma’naviyatga ham quvvat berayotgan katta bir maskan ekanini amalda namoyon etaversin.
Ne’mat Dushayev,
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari
.jpg)
Oxirgi yangiliklar:
Soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishni unutmang
15-aprel – jismoniy shaxslar uchun mol-mulk va yer solig‘i teng yarmini to‘lashning oxirgi kuni! Soliq kodeksining 423- va 440-moddalariga muvofiq, jismoniy shaxslar m...
O'qish
“Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi”
2026-yil 1-mayga qadar mamlakatimizda “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida keng ko‘lamli targ‘ibot va tushuntirish is...
O'qish
Shvetsiyaning Hexagon kompaniyasining vakillari bilan uchrashuv o'tkkazildi
Joriy yilning 7-aprel Shvetsiyaning Hexagon kompaniyasining Qozog‘istondagi vakili Alim Smakov jamiyatda uchrashuv o‘tkazdi. “O‘zbekko‘mir” AJ MDP binosida o‘tkazilgan...
O'qish
“Shuhrat” medali – fidoyi mehnat e’tirofi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini muko...
O'qish