Murojaatlar bilan ishlash: ochiqlik va samaradorlik ustuvor
Nashr qilingan sana: 21.04.2026 17:21:39Mamlakatimizda aholi bilan ochiq va samarali muloqotni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2026-yil 1- apreldagi farmoni bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu farmon asosida Prezident Xalq qabulxonalarining tashkil etilishi murojaatlar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqdi.
Mazkur hujjatning asosiy maqsadi murojaatlarni tezkor, adolatli va ortiqcha ovoragarchiliklarsiz hal qilishdan iboratdir. Bugungi kunda murojaatlar soni ortib borayotgan bir paytda, har bir fuqaro o‘z muammosiga aniq va amaliy yechim kutayotgani tabiiy. Yangi tizim esa har bir murojaatni ro‘yxatga olish, nazoratga qo‘yish va yakuniy natijasiga qadar kuzatib borish imkonini beradi.
Bu islohotlar nafaqat davlat idoralari, balki davlat ulushi mavjud korxonalar faoliyati uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ham jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash tizimi izchil takomillashtirilib, ochiqlik, tezkorlik va natijadorlik tamoyillari asosida tashkil etilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jamiyat va uning barcha filiallarida fuqarolar bilan ochiq muloqotni ta’minlash, murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish bo‘yicha samarali mexanizmlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, “O‘zbekko‘mir” AJda Bosh direktorning virtual qabulxonasi faoliyat yuritib, murojaatchilar uchun qulay va shaffof muloqot platformasi yaratilgan. Jamiyatning rasmiy veb-sayti orqali fuqarolar o‘z ariza, shikoyat va tak-liflarini bevosita rahbariyatga yo‘llash imkoniyatiga ega.
Shu bilan birga, Xalq qabulxonalari orqali kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, muammolarni cho‘zmasdan hal etish va natijadorlikni ta’minlash jamiyat oldidagi ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Yirik ishlab chiqarish tizimi sifatida “O‘zbekko‘mir” AJ iste’molchilar va aholi bilan ishlashda yanada mas’uliyatli yondashuvni namoyon etmoqda.
Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida jamiyatda alohida bosh mutaxassis lavozimi joriy etilgan. Kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda ishchi guruh yig‘ilishlarida atroflicha muhokama qilinib, ularning ijobiy hal etilishi ta’minlanmoqda. Shuningdek, barcha tarkibiy bo‘linmalarda rahbarlarning qabul kunlari belgilab qo‘yilgani fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
2026-yilning I choragi davomida jamiyatga jami 240 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 157 tasi yozma, 33 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali hamda 50 tasi og‘zaki tarzda qabul qilingan. Murojaatlar mazmuniga ko‘ra, asosiy qismini homiylik va moddiy yordam masalalari tashkil etgan bo‘lsa, shuningdek, mehnat munosabatlari, ish haqi, ko‘mir ta’minoti va boshqa yo‘nalishlarga oid murojaatlar ham mavjud.
Kelib tushgan murojaatlarning 203 tasi qanoatlantirilgan, 30 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 7 tasi esa rad etilgan. E’tiborlisi, hisobot davrida ko‘rib chiqilmagan murojaatlar mavjud emas. Bu esa jamiyatda ijro intizomi yuqori darajada yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.
Joylarda aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish maqsadida sayyor qabullar tashkil etilmoqda. 2026 yil 4 aprel holatiga ko‘ra, reja-jadval asosida barcha sayyor qabullar o‘tkazildi. Jami 10 ta sayyor qabulda 177 nafar fuqaro ishtirok etdi va kelib tushgan barcha murojaatlar ijobiy hal etildi.
Shuningdek, har oy yakunida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida onlayn muloqotlar tashkil etilib, ishchi-xodimlarning murojaatlari tinglanmoqda. Bu orqali muammolarni joyida hal etish va aniq chora-tadbirlar belgilash imkoniyati yaratilmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, mazkur farmonda belgilangan vazifalar “O‘zbekko‘mir” AJda murojaatlar bilan ishlash tizimi oldiga yanada dolzarb va mas’uliyatli vazifalarni qo‘ymoqda. Endilikda hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmasligi, har bir murojaat qat’iy nazoratga olinib, uning ijobiy yechimigacha olib borilishi asosiy mezon sifatida belgilanmoqda. Bu esa jamiyat faoliyatida ochiqlik, adolat va inson manfaatlariga xizmat qilish tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhammadsodiq OTABEKOV,
“O‘zbekko‘mir” AJ Fuqaro murojaatlari bo‘yicha bosh mutaxassis
“Ulug‘ yo‘l” gazetasi,
2026-yil 20-aprel
№11 (487)
https://t.me/gazetalar_sharhi/41369
Oxirgi yangiliklar:
Yashil makon: biz ekkan teraklar ko‘kka cho‘zar bo‘y
Xabaringiz bor, mamlakatimizda haftaning har payshanba kuni rahbar va yoshlar kuni sifatida belgilangan. Joriy yilning 3-aprel kuni “Oʻzbekkoʻmir” AJda ana shu an’ana “Ya...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ: xarid tizimi to‘liq yangilanadi
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida xarid jarayonlarini yanada ochiq, tushunarli va samarali qilish maqsadida xalqaro konsalting kompaniyasi – KPMG tomonidan keng qamr...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ: 2026-yil yanvar–mart yakunlari va transformatsiya jarayonlari
#Infografika “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida 2026-yil yanvar–mart oylari yakunlari hamda jamiyatda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari h...
O'qish