O‘zbek tili bayrami: amaliyot va ma’naviyat uyg‘unligi
Nashr qilingan sana: 10.10.2025 18:01:26“O‘zbekko‘mir” AJda O‘zbek tili bayrami munosabati bilan amaliy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Har yili 21 oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami” sifatida keng nishonlanadi. Bu sana ona tilimizning davlat maqomiga ega bo‘lgan kuni sifatida tariximizda o‘chmas iz qoldirgan. Bundan 36 yil muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonun mustaqil O‘zbekistonning ma’naviy taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab bergan edi.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ham ushbu qutlug‘ bayram munosabati bilan davlat tilida ish yuritish madaniyatini yanada yuksaltirish, har bir xodimda ona tilga hurmat va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Jamiyat rahbariyati tashabbusi bilan tizimda davlat tili – o‘zbek tilining mavqeini oshirish, rasmiy hujjatlar va xizmat faoliyatida o‘zbek tilidagi atamalardan samarali foydalanish tizimini kuchaytirish maqsadida tizimli ishlar boshlab yuborildi. Shu maqsadda 2025 yil 9 sentabrdagi 387-sonli buyruq qabul qilindi. Oradan ko‘p o‘tmay, ya’ni 29 sentabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi munosabati bilan yana bir ichki hujjat qabul qilinib, maxsus ishchi guruh tashkil etildi. Ushbu ishchi guruh tarkibiga jamiyat ijro apparati mas’ul xodimlari – D.R.Ziyaev, Sh.B.Xasanov, D.B.Abdurahmonov, D.D.Mirzakulova, A.F.Isroilov va N.A.Dushaevlar kiritildi. Hozirda guruh a’zolari reja-jadval asosida jamiyatning markaziy apparati hamda barcha filiallarida o‘rganish ishlarini olib bormoqdalar.
Tadbirlar doirasida ish yuritish hujjatlari, lavhalar, ommaviy axborot vositalaridagi yozuvlar, e’lonlar va ogohlantiruvchi belgilarning davlat tili me’yorlariga hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga mos ravishda yuritilishi tahlil qilinmoqda. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun ishchi guruh tomonidan zarur ko‘rsatmalar berilyapti.
Jarayonda davlat tilida ish yuritishni faqat qonun talabi emas, balki vatanparvarlik va madaniyat mezoni sifatida baholash kerakligiga e’tibor qaratilmoqda. Bu borada muntazam monitoringlar va ta’limiy suhbatlar tashkil etish taklif qilindi.
O‘zbek tili – xalqimizning g‘ururi, davlatimiz suverenitetining muhim ramzidir. Davlat tilida ish yuritish har bir xodimning konstitutsiyaviy burchi, ma’naviy madaniyati va intizomi ko‘rsatkichi hisoblanadi.
“O‘zbekko‘mir” jamoasi barcha ham-kasblarini “O‘zbek tili bayrami” kuni bilan qizg‘in tabriklaydi va ona tilimizning nufuzini yanada yuksaltirish, har bir rasmiy hujjat va muloqotda o‘zbek tili me’yorlariga qat’iy rioya etishga chaqiradi.
Dilnoza MIRZAKULOVA,
“O‘zbekko‘mir” AJ davlat tilida ish yuritish bo‘yicha mutaxassisi
”Ulug‘ yo‘l” gazetasining 2025-yil 10-oktabrdagi 28-sonidan olindi

Oxirgi yangiliklar:
Murojaatlar bilan ishlash: ochiqlik va samaradorlik ustuvor
Mamlakatimizda aholi bilan ochiq va samarali muloqotni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi...
O'qish
Yashil makon: biz ekkan teraklar ko‘kka cho‘zar bo‘y
Xabaringiz bor, mamlakatimizda haftaning har payshanba kuni rahbar va yoshlar kuni sifatida belgilangan. Joriy yilning 3-aprel kuni “Oʻzbekkoʻmir” AJda ana shu an’ana “Ya...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ: xarid tizimi to‘liq yangilanadi
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida xarid jarayonlarini yanada ochiq, tushunarli va samarali qilish maqsadida xalqaro konsalting kompaniyasi – KPMG tomonidan keng qamr...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ: 2026-yil yanvar–mart yakunlari va transformatsiya jarayonlari
#Infografika “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida 2026-yil yanvar–mart oylari yakunlari hamda jamiyatda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari h...
O'qish