“O‘zbekko‘‘mir” 2025-yil natijalari: Innovatsiya, shaffoflik va samaradorlik
Nashr qilingan sana: 28.02.2026 23:44:55
2025-yil “O‘zbekko‘mir” aksionerlik jamiyati uchun o‘ta samarali va innovatsiyalarga boy yil bo‘ldi. Jamiyatda konchilik sohasidagi ishlab chiqarish, ko‘mir yetkazib berish va kadrlar tayyorlash sohalarida sezilarli natijalar qayd etildi.
Yanvar-dekabr oylari davomida kon ustini ochish ishlari 35,8 mln kub metrga yetkazildi va bu ko‘rsatkich prognozga nisbatan 73,4 foizni tashkil qildi. Ko‘mir qazib chiqarish esa 7 137,1 ming tonna bo‘lib, prognoz ko‘rsatkichidan oshdi va o‘tgan yilga nisbatan 105,5 foiz o‘sish qayd etildi. Iste’molchilarga 6 268,8 ming tonna ko‘mir yetkazib berildi, bu ham o‘tgan yilga nisbatan o‘sishni ko‘rsatmoqda.
Jamiyatda ishchi-xodimlar soni 5 615 kishini tashkil etdi, ular orasida 1 121 mutaxassis va 4 494 ishchi faoliyat yuritdi. O‘rtacha ish haqi 2024-yilga nisbatan 15,9 foizga oshdi. Shuningdek, yil davomida turli bayram va ahamiyatli kunlar munosabati bilan xodimlarga qo‘shimcha rag‘batlantirish puli to‘landi. Masalan, 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kunida 1 151 530 ming so‘m, Navro‘z bayramida 2 187 435 ming so‘m, Yangi yil munosabati bilan esa 7 387 052 ming so‘m miqdorida rag‘batlantirish puli to‘landi.
Kadrlar tayyorlash va malaka oshirish sohasida ham sezilarli ishlar olib borildi. Talabalar va amaliyotchilar uchun hamkorlik shartnomalari tuzildi, yil davomida 857 nafar xodimning malakasi oshirildi. Xodimlarning lavozimlar bo‘yicha harakatlanishi, ya’ni rotatsiya va qayta tayinlash ishlari ham shaffof va adolatli yo‘lga qo‘yildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda “O‘zbekko‘mir” yangicha tizimlarni joriy etdi. 2025-yil davomida 2282 ta shartnoma to‘liq tekshirildi, nomzodlar shaffoflik va ochiqlik asosida qabul qilindi. Barcha xodimlar manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklaratsiya topshirdi va 43 ta ehtimoliy holatdan 16 tasi bartaraf etildi.
Murojaatlar bilan ishlashda ham jamiyat samarali mexanizm yaratdi. 2025-yilda 1531 ta murojaat kelib tushdi, ularning 1237 tasi ijobiy hal etildi. Murojaatlar asosan mehnat munosabatlari, oylik ish haqi, ko‘mir ta’minoti va moddiy yordam masalalariga oid edi. Yalpi olib qaraganda, bu – aholi bilan samarali muloqot va ishonchni mustahkamlashning aniq ifodasi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Jamiyatda 466 ta kompyuter komplekti, mahalliy tarmoqlar va internet foydalanuvchilari soni 322 nafarga yetdi. Elektron hujjat aylanishi, korporativ pochta va “PEGAS” tizimi orqali boshqaruv samaradorligi oshirildi. “Angren” konida SCADA va MES tizimlari integratsiyasi yaratildi, ERP tizimi moliyaviy hisob, xodimlar va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirdi.
Shu bilan birga, axborot xavfsizligi ham ta’minlandi. 24 ta ob’yektga videokuzatuv kameralari o‘rnatildi, serverlar uchun zaxira quvvat manbalari yaratildi, yangi tizimlarni joriy etishda barqarorlik va xavfsizlik asosiy olib borildi.
Jamiyatning ochiqligi va shaffofligi aholi va hamkorlar bilan muloqotda ham o‘zini ko‘rsatdi. Yil davomida 6 ta matbuot tadbiri o‘tkazildi, turli rasmiy va virtual platformalar orqali axborot berib borildi. Xorijiy OAV va mahalliy nashrlar bilan hamkorlik mustahkamlandi, jumladan, 9 ta maqola va bir qator intervyular e’lon qilindi.
2025-yil “O‘zbekko‘mir” uchun innovatsiya va samaradorlik yili bo‘ldi. Jamiyat faqat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oshiribgina qolmay, kadrlar malakasini yuksaltirdi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirdi va aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘ydi.
Shu tariqa, “O‘zbekko‘mir” 2025-yilda nafaqat iqtisodiy natijalar, balki ishchi-xodimlar va jamiyatga samarali ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha ham muhim yutuqlarga erishdi.
Oxirgi yangiliklar:
JAMOATCHILIK KENGASHI A’ZOLIGIGA OCHIQ TANLOV E’LON QILINADI
“O‘zbekko‘mir” AJ huzuridagi Jamoatchilik kengashi tarkibiga a’zolarni tanlash bo‘yicha ochiq tanlov e’lon qiladi. Tanlov maqsadi: Jamiyat faoliyati ustidan jamoatchilik...
O'qish
Angren – mehnat, jasorat va taraqqiyot shahri
Joriy yil 13-iyun kuni Angren shahri o‘zining qutlug‘ 80 yilligini nishonlaydi. Ayni kunlarda shahar bayram nafasi bilan yashamoqda. Ko‘chalaru xiyobonlarda obodonlas...
O'qish
“O‘zbekko‘mir”: hajm emas, sifat ustuvor – qazib olish siyosati yangilanmoqda
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ko‘mir qazib olish hajmining o‘tgan yilga nisbatan qisqartirilishi ayrim media faollarida turli savol va muhokamalarni ke...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ xalqaro ekologik ko‘rgazmada ishtirok etdi
2026-yil 2–4-iyun kunlari Samarqand shahrida Global ekologik jamg‘armaning 8-assambleyasi hamda “Eco Expo Central Asia – 2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mazku...
O'qish