Qish keldi, ko‘mirdan muammo yo‘q...mi?
Nashr qilingan sana: 12.12.2025 00:38:35

Bu savolga yorug‘ yuz bilan dadil javob berish uchun viloyatimizning har bir go‘shasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari puxta olib borildi. Qahraton kunda eng zarur narsalardan biri issiqlik bo‘lgani bois, “Ko‘mir ta’minot” MCHJ viloyat filialida ham bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilgan. Viloyatdagi 8 ta omborxonada mavsum uchun yetarli miqdorda zaxirani ta’minlash maqsadida zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan.
Jumladan, omborlarning Andijon shahridagisi Andijon shahar va Buloqboshi tumaniga, Andijon tumanidagi Andijon va Oltinko‘l tumanlariga, Paxtaobod va Izboskandagilari o‘z hududlariga, Shahrixondagi Shahrixon, Baliqchi, Bo‘ston va Buloqboshiga, Jalaquduqdagi Jalaquduq va Xo‘jaobodga, Qo‘rg‘ontepadagi Qo‘rg‘ontepa va Xonobod shaharlari iste’molchilariga muntazam xizmat ko‘rsatib turibdi. Hozirda aholiga yoqilg‘ining 114,1 tonnasi yetkazilgan va ta’minot davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, respublikada ko‘mir qazib chiqarish ko‘rsatkichlari va ko‘mir qazib chiqarish hajmi ijtimoiy soha hamda sanoat tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqib, yil sayin ortmoqda. “O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ko‘mir qatlamlarini baholash va burg‘ilash ishlari davom ettirilmoqda. Xususan, 2024 yilda jamiyat tomonidan 6,7 mln tonna ko‘mir qazib chiqarilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkichni 6,8 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
2025/2026-yilgi mavsum uchun aholini sifatli ko‘mir yoqilg‘isi bilan ta’minlash maqsadida viloyatimizdagi 879 mahalladagi 140 ming nafar iste’molchiga jami 276 ming 650 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilishi rejalashtirilgan, - deydi “Ko‘mir ta’minot” MCHJ Andijon filiali direktori Azizbek Usmonov.- Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, kelayotgan ko‘mir yoqilg‘isini aholiga o‘z vaqtida hamda sifatli yetkazib berish maqsadida har bir tuman (shahar)lar hokimliklari huzurida tunu kun ishlovchi maxsus shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Mavsum yakuniga qadar Angren ko‘mir konidan viloyat aholisi uchun yana 162,5 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan va zaxirasi yaratilgan.
‒ Odamlar ko‘mir xarid qilayotganda ko‘proq nimalarga e’tibor berishlari kerak?
‒ O‘rinli savol. Ayrim iste’molchilar yoqilg‘ining tashqi ko‘rinishi (yirik yo maydaligi)ga qarab baho beradi. Bu – xato. Aslida ko‘mirning sifati deganda, uning fraksiyasidan tashqari yonuvchanligi, kulchanligi, namligi e’tiborga olinishi kerak, ‒ deydi Azizbek Usmonov. - Filial tomonidan yetkazib berilayotgan mahalliy ko‘mirning sifat ko‘rsatkichlari quyidagicha: markasi ‒ 2BZR, bo‘laklar o‘lchami ‒ 0-700 mm., bo‘laklar undan katta bo‘lishiga ruxsat etiladi. Namligi ‒ 40 foizgacha, kulchanlik darajasi ‒ 17 foizgacha. Yoqilg‘ining ishchi holatida pastki yonish kaloriyasi 3200 kkal/kg. Mineral aralashmalar miqdori 3 foizni tashkil etadi. Ushbu sifat ko‘rsatkichi amaldagi texnik reglamentlar va laboratoriya nazorati asosida muntazam tekshirib boriladi.
Ayni paytda viloyatimizda tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisini arzonlashtirilgan mahalliy ko‘mir yoqilg‘isi bilan yetarli miqdorda ta’minlash asosiy vazifa sifatida kun tartibidan tushgani yo‘q.
Andijon shahridagi Yangi turmush MFY aholisi ehtiyojlaridan kelib chiqib 161 tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan. Xonadon vakillari bir tonna ko‘mirni 309 ming 800 so‘mdan xarid qilib olishyapti. Fuqarolar xursand. Shu kungacha mahsulot sifati yoki narxi yuzasidan e’tirozlar bildirilmadi.
“Mahalla” uyushmasi Paxtaobod tumani bo‘limi raisi Mavlonberdi Egamovning aytishicha, tumandagi 59 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 41 ming 461 xo‘jalik yashaydi. Ularning 30 foiziga tabiiy gaz yetib borgan. Qolgan mahallalar ahli ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanadi. Andijon tumani ombori bilan shartnoma asosida belgilangan miqdordagi mahsulot xarid qilinyapti. Tuman aholisi talab va ehtiyojini hisobga olib, 21 ming tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan. Sifati yaxshi, yonuvchan bo‘lganligi uchun ham fuqarolarda qaytarib berish holatlari kuzatilmayapti.
Ko‘rinadiki, mahsulot narxi viloyatning barcha joylarida bir xil. Sifati aholini qoniqtiryapti. Ayni kunga qadar mahallalarda bu borada muammo bo‘lmagan.
Ijtimoiy soha ob’yektlaridagi isitish tizimlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash, issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazib berish hamda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish ham e’tibordagi masalalardan biri. Filial tomonidan bu toifa ob’yektlarga 58,6 ming tonna yoqilg‘i(tonnasi 431 ming 400 so‘mdan) yetkazib berildi. Bu rejaning100 foizi degani.
Ijtimoiy soha ob’yektlarini isitish xususiy boshqaruvga o‘tgach, tarmoqlar modernizatsiya qilinib, qozonxonalar zamonaviysiga almashtirildi. Natijada mazkur binolarning bir me’yorda isishi, yoqilg‘i mahsulot sarfi iqtisod qilinishi, issiqlik energiyasi 30 foizga tejalishiga erishildi.
Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlar tomonidan yuqori kaloriyali ko‘mir mahsulotlari import qilinmoqda.Demak, qilichini qayrab turgan qish mavsumidan betalofat va xavotirsiz o‘tib olamiz.
Guljahon JABBOROVA.
Manba: https://andijonnoma.uz/news/kish-keldi-kumirdan-muammo-yukmi
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:
Konstitutsiyamizning 33 yilligi munosabati bilan spektakli namoyishi
“O‘zbekko‘mir” AJ “Qurilish-montaj ishlari” filiali faollar zalida 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan filial xodimlari uc...
O'qish
Angren ko‘mir omborlari faoliyati bo‘yicha rasmiy bayonot
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati ijtimoiy tarmoqlar orqali Toshkent viloyatining Angren shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘mir omborlari atrof-muhit va aholi salomat...
O'qish
Angrenda imkoniyati cheklangan bolalar uchun xayriya tadbiri tashkil etildi
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun Angren shahri...
O'qish