Murakkab hududlarda bozor mexanizmi: aholi ko‘mirsiz qolmasligi uchun qanday choralar ko‘zda tutilgan?
Nashr qilingan sana: 07.10.2026 21:36:28Ko‘mir sanoatiga bozor mexanizmlarining joriy etilishi va aholini ko‘mir bilan ta’minlashga tadbirkorlik sub’yektlarining jalb qilinishi respublikamizning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlari aholisida muayyan savol va xavotirlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Ana shu xavotirlar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati So‘x tumani aholisini ko‘mir bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha murojaat tarqaldi.
Murojaatda So‘x tumanining anklav va geografik jihatdan murakkab hudud ekani, yangi ta’minot tizimi sharoitida tadbirkorlarning tumanga ko‘mir yetkazib berishga qiziqishi va eng muhimi, aholining kuz-qish mavsumida zarur yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlanishi masalasi ko‘tarilgan.
So‘x aholisiga ko‘mir yetkazib berish transport-logistika nuqtai nazaridan boshqa hududlarga nisbatan murakkabroq ekani inobatga olinsa, bu savollar o‘rinli.
Aholini ko‘mir bilan ta’minlashning yangi tartibi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qarori asosida joriy etilmoqda. Uning asosiy maqsadi mahalliy ko‘mir narxlarini erkinlashtirish, sohada raqobat muhitini shakllantirish, tadbirkorlik sub’yektlarini jarayonga jalb qilish va ko‘mir ta’minotini bozor tamoyillari asosida tashkil etishga qaratilgan.
Yangi tizimda vazifalar aniq taqsimlangan. “O‘zbekko‘mir” AJ iste’molchilar ehtiyojidan kelib chiqib, tasdiqlangan balans rejasi asosida mahalliy ko‘mir mahsulotlarini birja savdolariga chiqaradi. Aholi va byudjet tashkilotlariga ko‘mir yetkazib berish uchun alohida savdo maydonchasi tashkil etilmoqda, tadbirkorlik sub’yektlari esa belgilangan tartibda ushbu savdolarda ishtirok etadi.
Hududlarda aholi va byudjet tashkilotlarining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojini shakllantirish, uni o‘z vaqtida yetkazib berish va tarqatishni tashkil etish mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklangan. Shuningdek, ular tomonidan ko‘mir yetkazib beruvchi tadbirkorlik sub’yektlari ro‘yxati shakllantirilmoqda.
Muhimi, bozor mexanizmining joriy etilishi aholini ko‘mir bilan ta’minlash kafolatlari bekor qilinganini anglatmaydi. Olis va borish qiyin, shuningdek, ko‘mirni yetkazib berish iqtisodiy jihatdan rentabelligi past hududlarda aholi va byudjet tashkilotlariga ko‘mirni kafolatli yetkazib berish mexanizmi belgilangan.
So‘x tumanining anklavligi va geografik xususiyatlari tufayli bu yondashuv mazkur hudud uchun alohida ahamiyatga ega. Ushbu tumanning olis va borish qiyin hudud sifatidagi xususiyatlari ta’minotni tashkil etishda inobatga olinishi lozim.
Shu bilan birga, ta’minotchini tanlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan aholi va byudjet tashkilotlariga “Ko‘mir ta’minot” MCHJ tomonidan ko‘mirni kafolatlangan tarzda yetkazib berish mexanizmi mavjud.
Olis hududlar uchun yana bir muhim jihat shundaki, aholi va byudjet tashkilotlariga yetkazib beriladigan mahalliy ko‘mirni temir yo‘l orqali tashishda, masofadan qat’i nazar, yagona tarif qo‘llanilmoqda. Bu hududlar o‘rtasida transport xarajatlaridagi farqni yumshatishga qaratilgan muhim mexanizmlardan biridir.
Amaliyotga kelsak, ta’minot ishlari So‘x yo‘nalishida ham boshlangan. 6-oktyabr kuni Farg‘ona viloyati aholisi uchun 100 ta vagonda 6 900 tonna ko‘mir yuklangan. Shundan 10 ta vagondagi 690 tonna ko‘mir “Everest tog‘-toshlari” MCHJ tomonidan So‘x tumani aholisiga yetkazib berish uchun yo‘naltirilgan.
Ko‘mir narxining asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasi ham nazorat mexanizmlari bilan qamrab olingan. Hududlarda ko‘mir narxi oshishi bilan bog‘liq holatlarni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda nazorat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, So‘x aholisining murojaatida ko‘tarilgan asosiy savolga javob shuki: yangi tizimda bozor mexanizmlari va tadbirkorlik ishtiroki kuchaytirilayotgan bo‘lsa-da, olis va borish qiyin hududlarda aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash vazifasi saqlanib qolmoqda.
So‘x kabi murakkab hududlarda buning uchun, avvalo, ehtiyojni oldindan shakllantirish, tadbirkorlarni ta’minotga jalb qilish, transport-logistika xususiyatlarini inobatga olish va kuz-qish mavsumida yetkazib berish uzluksizligini ta’minlash muhim hisoblanadi.
Yangi tizimning samarasi esa faqat ko‘mir savdolarining bozor tamoyillari asosida tashkil etilganiga emas, balki So‘x kabi olis va murakkab hududlardagi aholi zarur ko‘mirni o‘z vaqtida va maqbul shartlarda olayotganiga ham bog‘liq.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
O‘zbek tili: an’anadan taraqqiyot sari
Har yili 21-oktyabr mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. 1989-yilning aynan shu sanasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan. Ushbu t...
O'qish
Angren ko‘mir konida ona tiliga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
«O‘zbekko‘mir» AJ Angren ko‘mir koni filialida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbeki...
O'qish
Iste’molchi: “Ko‘mirning sifati ham, narxi ham ma’qul, uyga yetkazib berish xizmati ham bor”
Kuz-qish mavsumi oldidan tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisini ko‘mir bilan ta’minlash dolzarb masalalardan biri. Namangan viloyatida bu yo‘nalishda sakkiz naf...
O'qish
Operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 14-sentabr “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish y...
O'qish