Ayollar qudrati: temiryo‘l xizmati va jasorat
Nashr qilingan sana: 07.03.2026 21:18:35
Angren ko‘mir sanoati korxonalarida ayollar mehnati alohida o‘rin tutadi. “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining yirik transport tarmoqlaridan biri hisoblangan “Temir yo‘l tansporti” filialida ham ayollar turli lavozim va kasblarda samarali faoliyat yuritmoqda. Ular muhandis, bo‘lim boshlig‘i, texnik-texnolog, dispetcher, hamshira, buxgalter, iqtisodchi, ombor mudiri, tabelchi, usta, kran mashinisti, stansiya navbatchisi va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda ishlab, korxona faoliyatiga munosib hissa qo‘shmoqda. Agar ko‘mir sohasida mehnat qilayotgan barcha “ayollar kasblari”ni sanab chiqilsa, ularning soni juda ko‘pligini ko‘rish mumkin.
Bugungi kunda “O‘zbekko‘mir” AJ tarkibiy bo‘linmalarida qariyb ming nafarga yaqin ayollar mehnat qiladi. “Temir yo‘l transporti” filialida esa jami 1315 nafar xodimdan 205 nafari ayollardir. Ularning orasida korxonada o‘nlab yillardan beri ishlab, katta tajriba to‘plagan mutaxassislar ham ko‘p. Filial kadrlar bo‘limi boshlig‘i Naima Jo‘rayevaning ta’kidlashicha, bugungi kunda mehnat sharoitlari ancha yaxshilangan bo‘lsa-da, ayollarning ishga bo‘lgan mas’uliyati va sidqidildan mehnat qilishi o‘zgarmagan.
Avvalgi yillarda ayollar ko‘mir sanoatida ancha og‘ir ishlar bilan ham shug‘ullangan. Ular shaxtalarda ko‘mir qazish ishlarida ishtirok etgan, vagonetkalarni surgan, ko‘mir saralash, tokar va frezer dastgohlarida ishlash, hatto tog‘-kon texnikasini ta’mirlash ishlarida ham faol qatnashgan. Shuningdek, temir yo‘l yo‘laklarini tozalash, tosh va shpal tashish, relslarni joyiga o‘rnatish kabi mashaqqatli ishlar ham ayollar zimmasiga tushgan paytlar bo‘lgan.
Bugungi kunda esa korxonada ayollar asosan texnik, iqtisodiy va boshqaruv sohalarida faoliyat yuritmoqda. Masalan, muhandis-smetachi Rahima Mayusupova, iqtisodchi Zilola Safaraliyeva, mehnat va ish haqi bo‘limi boshlig‘i Maxbuba Sulaymanova va uning hamkasbi Farida Boboraximova, hisob-kitob bo‘limi boshlig‘i Shaxnoza Qosimova kabi mutaxassislar moliyaviy va iqtisodiy jarayonlarni samarali tashkil etishda muhim rol o‘ynamoqda.
Poyezd dispetcherlari esa ishlab chiqarishning “ko‘zi va qulog‘i” hisoblanadi. Ular temir yo‘l transporti harakati, lokomotivlar holati va yoqilg‘i sarfini doimiy nazorat qiladi. Bu vazifa katta e’tibor va mas’uliyat talab etadi. Stansiya navbatchilari Zulxumor Jumanova va Shoira Xozirova, temir yo‘l kesishmasi navbatchisi Lola Imamnazarova kabi xodimalar ham ish jarayonining uzluksizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Yuk xizmatida ham ko‘plab ayollar mehnat qiladi. Ular greyfer va kozlov kranlarda ishlaydi, sinov laboratoriyasi va texnik nazorat bo‘limida faoliyat yuritadi. Yuk qabul qilish va tarozixona ishlarida Shoira Anorkulova, katta qabul qiluvchi Svetlana Ogarkova, ko‘prikli kran mashinisti Natalya Boyarchuk, kimyoviy tahlil laboranti Muattar Qosimova kabi mutaxassislar o‘z ishining ustasi sifatida tanilgan.
Shuningdek, markaziy ombor mudiri Alfiya Rasщupkina, mehnat muhofazasi muhandisi Olimpiada Sin, texnik hujjatlar muhandisi Venera Gʻafurova kabi ayollar ham korxonada muhim vazifalarni bajarib kelmoqda. Ularning bilim va tajribasi ish jarayonlarini samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Ko‘mir sanoati korxonalaridagi ma’muriy-maishiy majmua ham asosan ayollar mehnatiga tayanadi. Hammom xizmatchilari, maxsus kiyimlarni yuvish bilan shug‘ullanuvchi ishchilar, ishlab chiqarish va xizmat xonalarini tozalab-tartibga keltiruvchi xodimalar korxonada sanitariya va tozalikni ta’minlaydi. Ular binolar, yo‘laklar va hududlarni tozalab, ishchilar uchun qulay mehnat muhitini yaratishga xizmat qiladi.
“Temir yo‘l transporti” filiali jamoasi katta, do‘stona va ahil. Filial rahbari Yuriy Akimov va jamoadagi erkak xodimlar ayollarning mehnatini yuksak qadrlaydi. Ularning mas’uliyatli, fidokorona va sidqidildan qilgan mehnati korxona rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Ayollarning ana shunday fidokorona mehnati haqiqiy jasorat namunasi sifatida e’tirof etiladi.
Dinana Andreyeva.
“O‘ZBEKKO‘MIR” gazetasi, 2026-yil 28-fevral, 2 (104)-son
https://t.me/gazetalar_sharhi/40524

Oxirgi yangiliklar:
Ramazon hayiti hamda Navro‘z bayrami tabrigi
Hurmatli “O‘zbekko‘mir” AJ ishchi-xodimlari va aziz hamshaharlar! Sizlarni Ramazon hayiti hamda yangilanish, yasharish va mehr-oqibat ramzi bo‘lgan Navro‘z bayrami b...
O'qish
Angren konchilari faoliyati xaqaro e’tirofda
“Глобус: геология и бизнес” jurnalining 2026-yil mart sonida yana bir tahliliy maqola o‘quvchilar hukmiga havola qilindi. Ushbu maqola ham angrenlik jurnalist Diana A...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktori Nodirbek Uktamjanovich Dusmatovning bayram tabrigi
Avvalo, barchangizni kirib kelayotgan ulug‘ va qutlug‘ ayyomlar – Ramazon hayiti hamda Navro‘z bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman. Bu yil ushbu ikki mu...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJda kompaniyalar bilan uchrashuv o‘tkazildi
“O‘zbekko‘mir” AJ Markaziy dispetcherlik punktida Power Equipment va HD Construction Equipment kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida...
O'qish