Ko‘mirni yoqishdan ko‘ra, qayta ishlasa, qiymati oshadi
Nashr qilingan sana: 02.06.2026 22:36:37
Mulohaza
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkidagi zamonaviy ishlab chiqarishlar bilan tanishuvini kuzatar ekanman, bir fikr xayolimdan ketmadi: iqtisodiyot taraqqiyotining yangi bosqichida haqiqiy boylik yer ostida emas, balki uni qazib olgach. qanchalik chuqur qayta ishlay olishimizda ko‘rinadi.
Texnoparkda mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqarilayotgan yuqori qo‘shilgan qiymatli polimer mahsulotlarini ko‘rib, beixtiyor ko‘mir sanoatining ertangi kuni haqida o‘ylab qolasan kishi. Chunki dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, XXI asrda ko‘mirning qiymati uni qancha qazib olib qancha yoqishda emas, balki undan qancha yangi mahsulot yaratishda namoyon bo‘ladi.
Bugun dunyo bo‘yicha qazib olinayotgan qariyb 9 milliard tonna ko‘mirning asosiy qismi hali ham energetika ehtiyojlari uchun sarflanmoqda. Biroq Xitoy, Hindiston va boshqa qator davlatlar ko‘mirni metanol, sintetik gaz, ammiak, polimerlar uchun xomashyo va yuqori texnologiyali kimyoviy mahsulotlarga aylantirish orqali uning iqtisodiy qiymatini bir necha barobar oshirishga erishmoqda.
O‘zbekistonda ham ushbu yo‘nalishda tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 26-may kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etish, tarmoqni rivojlantirish va investitsiya muhitini yaxshilash masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ma’muriy tartibda shakllantiriladigan narxlarni bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazish yuzasidan takliflar ma’qullandi. Bu esa sohada iqtisodiy samaradorlikni oshirish va yangi investitsiya loyihalarini jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bu qarorning amaliy ahamiyatini Angren ko‘mir havzasida faoliyat yuritayotgan yerosti gazifikatsiyasi korxonasi – “Yerostigaz” misolida ham ko‘rish mumkin. Mazkur texnologiya ko‘mirni yer yuzasiga chiqarmasdan, uni yer osti qatlamlarida gazga aylantirish orqali energetik resurs hosil qilish imkonini beradi.
Biroq har qanday yuqori texnologiyaning samaradorligi uning iqtisodiy asoslari bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu jihatdan bozor mexanizmlarining joriy etilishi yuqoridagi kabi innovatsion loyihalar uchun ham barqaror iqtisodiy muhit yaratishi mumkin.
Ayni paytda mamlakat kimyo sanoati ham yangi taraqqiyot bosqichiga chiqmoqda. “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkidagi tanishuvdan so‘ng Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohani rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar taqdim etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2030-yilga qadar tarmoqqa 207 million dollar investitsiya jalb etish, tovar mahsuloti ishlab chiqarishni 294 million dollarga yetkazish, eksport hajmini 48 million dollarga oshirish hamda 2 ming 300 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmi bugungi kunda yiliga 3,7 million tonnani tashkil etmoqda. Biroq fosforli va suvda eruvchan o‘g‘itlarga bo‘lgan ehtiyoj sohani yanada modernizatsiya qilishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda 2,8 milliard dollarlik investitsiya loyihalari shakllantirilgan.
Neft-kimyo tarmog‘ida esa polimerlarga bo‘lgan ichki ehtiyoj ortib bormoqda. 2032-yilga borib mazkur ehtiyoj 3,2 million tonnaga yetishi prognoz qilinmoqda. Shu munosabat bilan Angrenda “ko‘mirdan olefinlar olish” va Qo‘ng‘irotda “naftani qayta ishlash” kabi yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu haqida kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida alohida ta’kidlandi. Ushbu loyihalar ichki talabni qondirish va import o‘rnini bosishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mintaqada maishiy kimyo mahsulotlari bozori ham katta salohiyatga ega bo‘lib, uning hajmi 2 milliard dollar atrofida baholanmoqda. Shu munosabat bilan "Henkel" kompaniyasi bilan hamkorlikda “Angren” erkin iqtisodiy zonasidagi loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu hamkorlik mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va mahsulotlarni Hamdo‘stlik davlatlari bozorlariga eksport qilish imkoniyatlarini yaratadi.
Ayni paytda mamlakat ko‘mir sanoati yangi taraqqiyot bosqichiga kirmoqda. Bu jarayonda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati sohaning asosiy ishlab chiqaruvchi korxonalaridan biri sifatida muhim o‘rin tutadi. Korxona tomonidan qazib chiqarish hajmlarini oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Angren havzasidagi Nishbosh ko‘mir koni loyihasi mamlakat ko‘mir sanoatidagi yirik investitsiya tashabbuslaridan biri hisoblanadi. Zaxirasi 233 million tonna deb baholanayotgan mazkur konda joriy yil kuzidan boshlab ilk ko‘mir qazib olinishi rejalashtirilgan bo‘lib, loyiha to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng yillik qazib chiqarish hajmi 10 million tonnani tashkil etishi kutilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi barpo etilishi ham ko‘zda tutilgan. Umumiy quvvati 1400 megavatt bo‘lgan, har biri 350 megavattlik to‘rtta energoblokdan iborat ushbu stansiya ultra-superkritik texnologiyalar asosida ishlaydi. Bu ko‘mir energetikasidagi eng samarali va nisbatan ekologik jihatdan ilg‘or yechimlardan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga, zamonaviy yondashuv faqat energetika samaradorligini oshirish bilan cheklanib qolmasdan, ko‘mirni chuqur qayta ishlash imkoniyatlarini ham kengaytirishni taqozo etadi. Ko‘mirni gazifikatsiya qilish ana shunday yo‘nalishlardan biri bo‘lib, unda ko‘mir to‘liq yondirilmasdan, yuqori harorat va kislorod yoki suv bug‘i ishtirokida kimyoviy parchalanadi. Natijada sintetik gaz – asosan uglerod oksidi va vodorod aralashmasi hosil bo‘ladi. Ushbu gaz keyingi bosqichlarda metanol, ammiak, sintetik yoqilg‘i hamda turli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo sifatida xizmat qiladi. Xullas, ko‘mirni gazifikatsiya qilish orqali uning qiymat zanjiri kengayib, oddiy energiya manbaidan yuqori qo‘shilgan qiymatli kimyoviy resursga aylanadi.
Angren ko‘mir havzasi esa mamlakat ko‘mir sanoatining strategik resurs bazalaridan biridir. Uning asosiy ustunliklari yirik zaxiralar, ochiq va yopiq usullarda qazib olinishi hamda shakllangan energetika va transport infratuzilmasi bilan belgilanadi. Bu omillar Angrenni kelajakda ko‘mir-kimyo sanoati uchun ham muhim hududga aylantirishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan Angren havzasini faqat ko‘mir koni sifatida emas, balki ko‘mir energetikasi, yerosti gazifikatsiyasi hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni birlashtiruvchi yirik sanoat klasterining asosi sifatida ko‘rish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz ko‘mir sanoati taraqqiyotining yangi bosqichida ham asosiy masala qazib olinayotgan hajm emas, balki bir tonna xomashyo asosida yaratiladigan qo‘shimcha qiymat bilan belgilanadi.
Aynan shu yondashuv O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va sanoat raqobatbardoshligini oshirishda strategik ahamiyat kasb etadi.
Ne’mat Dushayev,
“O‘zbekko‘mir” AJ matbuot kotibi.
O‘zA
https://uza.uz/oz/posts/komirni-yoqishdan-kora-qayta-ishlasa-qiymati-oshadi_865096
Oxirgi yangiliklar:
Birja savdolaridagi holat bo‘yicha “O‘zbekko‘mir” AJning rasmiy izohi
Ijtimoiy tarmoq va elektron nashrlar axborot kanallarida “O‘zbekko‘mir” AJ faoliyati, jumladan birja savdolarida ko‘mir mahsulotlarini joylashtirish, jamiyatning kor...
O'qish
Ko‘mir sanoati istiqbollari “Глобус” jurnalida yoritildi
Rossiyaning tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi nufuzli nashrlaridan biri – “Глобус: геология и бизнес” jurnalining 2026-yil may oyidagi 2 (91)-sonida ko...
O'qish
"O'zbekko'mir" AJ BKUQ raisi A.Qayumovning bayram tabrigi
Assalomu alaykum, qadrli konchilar, hurmatli hamkasblar va aziz hamshaharlar! Sizlarni butun musulmon olamining eng ulug‘ va qutlug‘ ayyomlaridan biri — muborak Qurbon...
O'qish