“Avtomobilsiz kun”: sog‘lom turmush va toza atrof-muhit sari
Nashr qilingan sana: 10.07.2026 10:40:14Bugun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Avtomobilsiz kun» aksiyasining navbatdagi kuni. Har oyning 10- va 25-sanalarida tashkil etiladigan mazkur tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad — atmosfera havosini muhofaza qilish, yo‘llarda transport oqimini kamaytirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdir.
Ushbu aksiyada «O‘zbekko‘mir» AJ xodimlari ham faol ishtirok etmoqda.
Ertalab ishga kelayotgan hamkasblarimiz bilan suhbatlashdik. Jamiyat bosh ofisi yonidagi bog‘ yo‘lagi orqali piyoda kelayotgan Jamiyat markaziy hisobxonasi bosh hisobchisi o'rinbosari Shuhrat Eshqulov aksiyaning doimiy ishtirokchilaridan biri ekan.

– Uyim ishxonamizga yaqin. Yigirma-yigirma besh daqiqalik yo‘l. Ertalab barvaqt turib, piyoda kelaman. Bu ham sog‘liq uchun foydali, ham kunni yaxshi kayfiyatda boshlashga yordam beradi. Toza havoda piyoda yurishning gashti boshqacha, – deydi u.
Uning ta’kidlashicha, ishga piyoda qatnashning yana bir qancha afzalliklari bor. Yo‘l-yo‘lakay shahar manzaralaridan bahra oladi, tanish-bilishlar bilan qisqa bo‘lsa-da suhbatlashish imkoni paydo bo‘ladi.
– Eng muhimi, «Avtomobilsiz kun» aksiyasiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdir. Bu kabi ezgu tashabbuslarni barchamiz qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, – deydi Shuhrat aka.
Jamiyatimizning yosh va iqtidorli mutaxassislaridan biri Muhammadsoli Otabekov ham bugun ishga piyoda kelishni ma’qul ko‘rdi. U Tashqi iqtisodiy aloqalar va investitsiyalar bo‘limida faoliyat yuritadi. Ayni paytda mehnat ta’tilida bo‘lgan hamkasbining vazifalarini ham bajarmoqda. Yaqinda xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasasi grantini qo‘lga kiritgani esa uning yana bir yutug‘i bo‘ldi.
Samarchuq mahallasida yashovchi Muhammadsoli shahar markazigacha jamoat transportida kelib, qolgan masofani piyoda bosib o‘tgan.
– Shahar markazigacha avtobusda keldim, bu yog‘iga esa piyoda yurishni ma’qul ko‘rdim. Shaxsiy avtomobilim bor, lekin ayrim kunlari undan foydalanmaslikni odat qilyapman. Biz yoshlar ko‘proq harakat qilishimiz, jismoniy chiniqishimiz va atrof-muhit haqida ham o‘ylashimiz kerak, – deydi Muhammadsoli.
Darhaqiqat, «Avtomobilsiz kun» aksiyasida xodimlarimizning faolligi quvonarli. Piyoda yurish inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, jamoat transportidan foydalanish esa shahar ko‘chalaridagi transport tirbandligini va havoga chiqariladigan zararli chiqindilar miqdorini kamaytirishga xizmat qiladi.
Tabiatni asrash har birimizning burchimiz. Bu yo‘ldagi kichik qadamlar ham katta natijalarga xizmat qiladi.
Siz ham bugun «Avtomobilsiz kun» aksiyasiga qo‘shildingizmi?
“O’zbekko’mir” AJ Axborot xizmati.
Oxirgi yangiliklar:
Angren ko‘mir konida ona tiliga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
«O‘zbekko‘mir» AJ Angren ko‘mir koni filialida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbeki...
O'qish
Iste’molchi: “Ko‘mirning sifati ham, narxi ham ma’qul, uyga yetkazib berish xizmati ham bor”
Kuz-qish mavsumi oldidan tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisini ko‘mir bilan ta’minlash dolzarb masalalardan biri. Namangan viloyatida bu yo‘nalishda sakkiz naf...
O'qish
Operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 14-sentabr “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish y...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ vakili “Rossiya energetika haftaligi ‒ 2026” xalqaro forumida ishtirok etmoqda
2026-yil 14–16-oktabr kunlari Moskva shahrida ”Rossiya energetika haftaligi ‒ 2026” IX xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Yoqilg‘i-energetika sohasidagi muhim xalqaro tadbir...
O'qish