Ko‘mir sohasida bozor mexanizmlari: dolzarb savollarga tezkor javoblar
Nashr qilingan sana: 03.09.2026 09:57:072026-yil 26-avgust kuni “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan O‘zMTRK “Toshkent” telekanali studiyasida “O‘zbekko‘mir” AJning 2026-yil I-yarim yillik yakunlari va ko‘mir sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Bir soatdan ortiq davom etgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari va iste’molchilar tomonidan ko‘mir narxi, mahsulot sifati, aholiga ko‘mir yetkazib berish tartibi, yetkazib beruvchilarni tanlash, raqobat muhiti, ijtimoiy himoya, “O‘zbekko‘mir” AJning yangi tizimdagi vazifalari va sohaning kelgusi rivojiga oid ko‘plab savollar berildi.
Mavzuning dolzarbligi va savollarning ko‘pligi sababli anjuman davomida barcha savollarga to‘liq javob berish imkoni bo‘lmadi.
Shu munosabat bilan matbuot anjumani davomida OAVdan kelib tushgan hamda onlayn qabul qilingan savollarga “O‘zbekko‘mir” AJ mas’ullari tomonidan qo‘shimcha javoblar tayyorlandi.
Quyida OAV va iste’molchilardan kelib tushgan savollar hamda ularga berilgan javoblar taqdim etiladi.
1. Ko‘mir sohasini bozor tamoyillariga o‘tkazishdan asosiy maqsad nima? Narxlarni erkinlashtirishdan iste’molchi, ishlab chiqaruvchi va umuman soha qanday manfaat ko‘radi?
Javob: Ko‘mir sohasini bozor tamoyillariga o‘tkazishdan asosiy maqsad – mahalliy ko‘mir narxlarini erkinlashtirish orqali sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ko‘mir qazib chiqarish va yetkazib berishning erkin bozor tamoyillariga asoslangan tizimini bosqichma-bosqich shakllantirishdan iborat.
2026 yil 1 iyundan boshlab ko‘mir narxlarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyoti bekor qilingan.
Bozor mexanizmlari ishlab chiqaruvchilar uchun xarajatlarni optimallashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish uchun iqtisodiy rag‘batni kuchaytirishi kutilmoqda.
Iste’molchi uchun esa yangi tizimning muhim jihati – ko‘mirning narxi va sifati bo‘yicha turli takliflarni solishtirish va o‘zi uchun maqbul variantni tanlash imkoniyatining yaratilishidir. “O‘zbekko‘mir” AJning rasmiy munosabatida ham bozor sharoitida mahsulot sifati va barqaror ta’minot korxonaning muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
2. 418-son qarordan keyin “O‘zbekko‘mir” AJning vazifalarida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Korxona endi ko‘mirni qazib chiqarishdan tashqari, uni realizatsiya qilish va iste’molchiga yetkazib berish jarayonida qanday o‘rin tutadi?
Javob: Bozor mexanizmiga o‘tilishi “O‘zbekko‘mir” AJning aholi va budjet tashkilotlarini ko‘mir bilan ta’minlashdagi mas’uliyati pasayadi, degani emas.
418-son qarorda “O‘zbekko‘mir” AJga aholi va budjet tashkilotlariga ko‘mir yetkazib berish uchun birja savdolarini tashkil etish, 2026 yil va keyingi yillar uchun tasdiqlangan balansdagi ko‘mir hajmlarini hududlar kesimida taqsimlash, har bir viloyat uchun alohida savdo maydonchasi tashkil etish hamda birja savdolarida xarid qilingan ko‘mirning tadbirkorlarga kafolatlangan tarzda berilishi va hududlar kesimida mutanosib taqsimlanishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, birja savdolariga chiqarilgan, tadbirkorlarga sotilgan va hududlardagi ko‘mir omborlarida mavjud zaxiralar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni portal orqali yuritish, har bir bitim bo‘yicha sotilgan ko‘mirni integratsiya qilingan avtotarozi orqali chiqim qilish va tegishli hisobotlarda aks ettirish vazifalari belgilangan.
“O‘zbekko‘mir” AJning 13 avgustdagi rasmiy munosabatida ham korxona mahsulotni belgilangan tartibda savdoga chiqarish, xarid qilingan ko‘mirni shartnoma shartlariga muvofiq o‘z vaqtida ortib berish va mahsulot harakatini belgilangan tartibda hisobga olish vazifalarini bajarayotgani qayd etilgan.
3. Ko‘mir narxi erkinlashtirildi. Bu mahsulot sifatiga qanday ta’sir qiladi? “O‘zbekko‘mir” AJ iste’molchiga taklif etilayotgan ko‘mirning sifati va belgilangan talablarga muvofiqligini qanday ta’minlaydi? Hozir qanday ko‘mir markalari taklif etilmoqda?
Javob: Ko‘mir narxlarining erkinlashtirilishi mahsulot sifatiga qo‘yiladigan talablarni bekor qilmaydi.
“O‘zbekko‘mir” AJning rasmiy munosabatida ta’kidlanganidek, korxona tomonidan ko‘mir belgilangan talablarga muvofiq qazib chiqariladi, uning miqdori va sifati tegishli hujjatlar asosida rasmiylashtiriladi. Bozor sharoitida mahsulot sifati va barqaror ta’minot korxonaning muhim vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.
418-son qarorda respublika hududlarida ko‘mir sifatini tekshirish bo‘yicha zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish ham nazarda tutilgan.
“O‘zbekko‘mir” AJning 2026-yil 6-iyundagi rasmiy axborotida 1 iyundan amal qiladigan ulgurji narxlar bilan birga quyidagi mahsulot markalari ko‘rsatilgan:
- BR – 473 000 so‘m;
- BR B-1 – 408 000 so‘m;
- BR B-2 – 322 000 so‘m;
- BR B-3 – 282 000 so‘m;
- BOMSSh – 473 000 so‘m;
- BOMSSh B-1 – 399 000 so‘m;
- BOMSSh B-2 – 308 000 so‘m.
Mazkur narxlar “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan 2026-yil 1-iyundan amal qiladigan ulgurji narxlar sifatida e’lon qilingan.
4. Yangi tizimda iste’molchining tanlov imkoniyati qanday bo‘ladi? Fuqaro ko‘mirni qaerdan, kimdan va qanday tartibda xarid qiladi? Narx va sifat bo‘yicha takliflarni qaerdan ko‘rishi mumkin?
Javob: Yangi tizimda aholi uchun yetkazib beruvchini tanlash imkoniyati nazarda tutilgan.
418-son qarorga muvofiq, hududlarda kamida uchta tadbirkorlik sub’ektini jalb qilish va ular haqidagi ma’lumotlarni MyCoal.uz portaliga joylashtirish belgilangan.
Aholi ushbu portal orqali ko‘mirning narxi va sifati bo‘yicha maqbul taklifni tanlab, buyurtma berishi mumkin. Shuningdek, ko‘mirni yashash manziliga yetkazib berish yoki belgilangan tarqatish punktidan olib ketish imkoniyati ham nazarda tutilgan
Buyurtmalarning bajarilishi raqamli tarzda nazorat qilinishi, yetkazib berilgan va qabul qilib olingan ko‘mir haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlash, iste’molchilarga buyurtma ijrosi bo‘yicha shikoyat va takliflar qoldirish imkoniyatini berish belgilangan.
5. Ko‘mir bozoriga tadbirkorlarni jalb qilishda raqobat qanday ta’minlanadi? Bir hududda bir nechta yetkazib beruvchi ishlashi iste’molchi uchun real tanlov va narxlar barqarorligini ta’minlay oladimi?
Javob: Raqobat muhitini shakllantirish yangi tizimning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
418-son qarorda hududlarda kamida uchta tadbirkorlik sub’ektini jalb qilish, ular haqidagi ma’lumotlarni MyCoal.uz portaliga joylashtirish va aholiga ko‘mirning narxi hamda sifati bo‘yicha maqbul taklifni tanlash imkoniyatini berish belgilangan.
Tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘yiladigan talablar ko‘mirni qabul qilish, saqlash, hisobga olish, yuklash va iste’molchiga yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘lishni ta’minlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, iste’molchilarning shikoyat va takliflari asosida tadbirkorlar reytingini yuritish va reyting natijalariga ko‘ra keyingi savdolarga ruxsat berish tartibini joriy etish ham nazarda tutilgan.
6. Ijtimoiy himoya yangi tizimda qanday amal qiladi? Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarga ko‘mir xaridi uchun kompensatsiya kimga, qancha miqdorda va qanday tartibda to‘lanadi? Nega kompensatsiya umumiy emas, manzilli tarzda belgilangan?
Javob: Bozor mexanizmlariga o‘tish jarayonida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun manzilli kompensatsiya mexanizmi joriy etilmoqda.
418-son qarorga muvofiq, 2026–2027 yillarda Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarga MyCoal.uz interaktiv portali va uning mobil ilovasi orqali mahalliy ko‘mir xarid qilinganda, uni yetkazib berish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash uchun bir kalendar yili davomida xarid qilingan har bir tonna ko‘mir uchun 300 ming so‘m, biroq jami 600 ming so‘mdan oshmagan miqdorda kompensatsiya to‘lab beriladi.
Kompensatsiyaning manzilli belgilanishi bozordagi umumiy narxni sun’iy ravishda pasaytirish o‘rniga, davlat ko‘magini aynan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yo‘naltirishga qaratilgan.
7. Tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan hududlarda aholi ko‘mir bilan qanday ta’minlanadi? Yangi bozor mexanizmiga o‘tilishi bu aholi uchun amaldagi ta’minot tartibiga ta’sir qiladimi yoki mavjud tartib saqlanib qoladimi?
Javob: Tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan hududlarda mahalliy ko‘mir aholi uchun muhim muqobil yoqilg‘i manbai bo‘lib qolmoqda. “O‘zbekko‘mir” AJ ham bu hududlarda barqaror ta’minot masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. 418-son qarorda uzoq va borish qiyin bo‘lgan hududlar, shuningdek, iqtisodiy jihatdan ko‘mir yetkazib berish rentabelligi past bo‘lgan hududlardagi aholi va budjet tashkilotlariga ko‘mirni kafolatli yetkazib berish majburiyati belgilangan. Shuningdek, yangi tizim to‘liq ishga tushirilguniga qadar aholi va budjet tashkilotlarini ko‘mir bilan ta’minlash uzluksizligi choralari ko‘zda tutilgan.
8. Agar iste’molchi sotib olgan ko‘mirning sifati yoki narxidan norozi bo‘lsa, qaerga murojaat qiladi? Bunday murojaatlarni ko‘rib chiqish va iste’molchi huquqlarini himoya qilish mexanizmi qanday bo‘ladi?
Javob: Yangi tizimda iste’molchilarning shikoyat va takliflarini qabul qilishning raqamli mexanizmi nazarda tutilgan.
Xususan, yetkazib berilgan va qabul qilib olingan ko‘mir haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlash bilan birga, iste’molchilarga buyurtma ijrosi bo‘yicha portal orqali shikoyat va takliflar qoldirish imkoniyati beriladi.
Shuningdek, iste’molchilarning shikoyat va takliflari asosida tadbirkorlar reytingi yuritiladi.
Narxlarni sun’iy oshirish, monopol yuqori yoki monopol past narx qo‘llanishi bilan bog‘liq holatlarni nazorat qilish hamda ko‘mir bozorida iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha davlat nazorati o‘rnatilishi belgilangan.
Iste’molchining “O‘zbekko‘mir” AJga bevosita murojaat qilish kanallari ham mavjud. Korxonaning rasmiy veb-saytida murojaatlar va ishonch telefoni bo‘limlari joylashtirilgan.
9. Narxlarni erkinlashtirish “O‘zbekko‘mir” AJni ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qanday rag‘batlantiradi? Tannarxni pasaytirish, yangi texnika va texnologiyalarni joriy etish, sifatni oshirish, yangi mahsulot turlari, jumladan, ko‘mir briketlari ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar bormi?
Javob: Bozor mexanizmlarining joriy etilishi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, tannarxni maqbullashtirish, resurslardan tejamkor foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun iqtisodiy rag‘batni kuchaytirishga qaratilgan.
418-son qarorda ko‘mir qazib chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarish tannarxini va mahsulot ishlab chiqarishga sarflanadigan energiya resurslari miqdorini kamaytirish vazifasi belgilangan. Shuningdek, 2035 yilgacha ko‘mir qazib chiqarish quvvatlarini eng kam xarajatlar hisobidan kengaytirish bo‘yicha uzoq muddatli investitsiya dasturini ishlab chiqish nazarda tutilgan. “O‘zbekko‘mir” AJning 2026 yil I yarim yilligi natijalariga ko‘ra, tashkiliy-texnik chora-tadbirlar natijasida 409,9 tonna dizel yonilg‘isi, ya’ni 6 milliard so‘mlik yonilg‘i iqtisod qilingan.
“O‘zbekko‘mir” AJ faoliyatida ko‘mir briketlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilmagan.
10. Yaqin istiqbolda “O‘zbekko‘mir” AJda qanday yangi loyihalar va o‘zgarishlar kutilmoqda? Investitsion loyihalar, yangi mahsulot markalari, raqamlashtirish, boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshiriladi?
Javob: Yaqin istiqbolda “O‘zbekko‘mir” AJ oldida ko‘mir qazib chiqarish hajmlarini barqaror ushlab turish, ishlab chiqarish tannarxini maqbullashtirish, resurslardan tejamkor foydalanish, mahsulot sifatini yaxshilash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish kabi vazifalar turibdi.
2026/2027 yillar kuz-qish mavsumida respublika bo‘yicha 11 million tonna ko‘mir qazib chiqarish ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 7 million tonnasi “O‘zbekko‘mir” AJ hissasiga to‘g‘ri keladi.
418-son qarorda 2035 yilgacha ko‘mir qazib chiqarish quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha uzoq muddatli investitsiya dasturini ishlab chiqish vazifasi belgilangan.
Raqamlashtirish yo‘nalishida MyCoal.uz, avtomatlashtirilgan dispetcherlik tizimi, ASKUE, “Yagona g‘aznachilik”, “Moliyaviy model” kabi axborot tizimlaridan foydalanish kengaytirilmoqda.
11. “O‘zbekko‘mir” AJ ilgari aholi uchun ko‘mir briketlari ishlab chiqarib sotgan. Ushbu mahsulotga ehtiyoj bor ekan, briket ishlab chiqarishni qayta tiklash imkoniyati o‘rganilmoqdami?
Javob: “O‘zbekko‘mir” AJ tizimida ilgari briket ishlab chiqarish bilan bog‘liq infratuzilma mavjud bo‘lgani rasmiy veb-saytdagi avvalgi materiallarda ham qayd etilgan. Xususan, korxonaning arxiv materiallaridan birida vaqtincha ishlatilmayotgan briket stanoklarini saqlash masalasi tilga olingan.
Ayni vaqtda 418-son qarorda ko‘mir briketlari ishlab chiqarishni qayta tiklash bo‘yicha aniq vazifa, muddat yoki tasdiqlangan loyiha belgilanmagan.
12. Bozor mexanizmiga o‘tish sharoitida aholi uchun ko‘mir narxining asossiz oshib ketishining oldini olish qanday ta’minlanadi? Ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi va sotuvchi o‘rtasida narx shakllanishining qaysi bosqichlari ochiq bo‘ladi?
Javob: Bozor mexanizmiga o‘tishda ko‘mir narxlari talab va taklif asosida shakllanadi. Shu bilan birga, narxlarni sun’iy ravishda oshirishning oldini olish bo‘yicha nazorat mexanizmlari ham belgilangan.
418-son qarorga muvofiq, tadbirkorlar tomonidan ko‘mir narxining sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ko‘mirning bozorda monopol yuqori va monopol past narxlarini qo‘llashni nazorat qilish, aholi va budjet tashkilotlariga ko‘mir yetkazib berish uchun mas’ul tadbirkorlarning birjada xarid qilgan mahalliy ko‘mirga ortiqcha ustama va ortiqcha xarajatlar qo‘shmasligi bo‘yicha yo‘riqnoma qabul qilish hamda uning ijrosini nazorat qilish belgilangan.
Shuningdek, har chorakda ulgurji va chakana bozorda ko‘mir narxlari, hududlar kesimida shakllangan narxlar, ustun mavqedan foydalanish holatlari va iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni tayyorlash va Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilanganAholi uchun esa MyCoal.uz portali orqali yetkazib beruvchilarning takliflarini ko‘rish, ko‘mir narxi va sifati bo‘yicha maqbul variantni tanlash imkoniyati yaratiladi.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
Yangi o‘quv yili – yangi orzu va maqsadlar sari
Bugun yurtimiz maktablarida quvonchli ayyom – yangi o‘quv yili boshlandi. Yangi 2026/2027-o‘quv yilining ilk kuni mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida Bi...
O'qish
Men konchiman ‒ mehnatim bilan, ijodkorlik ‒ maslakim
Biz, tengdoshlarim bilan birga, Mustaqillik davrida tug‘ilib, shu muhitda ulg‘aydik. Eski davr qanday bo‘lganini kattalarimizdan eshitib, kitoblardan o‘qib bildik. S...
O'qish
O‘z ishimni yaxshi ko‘raman: mehnatda o‘z o‘rnimni topyapman
Mustaqillik bayrami kunlarii barchada kayfiyat ko‘tariladi. Ko‘chalarda bayramona bezaklar, odamlarda shodlik, ish joylarida esa alohida harakat seziladi. “O‘zbekko‘mir”...
O'qish