Ko‘mir sohasidagi yangi islohotlar: bozor mexanizmlari va ijtimoiy himoya
Nashr qilingan sana: 04.08.2026 15:08:46O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qarori mamlakatda ko‘mir sanoatini yanada rivojlantirish, bozor mexanizmlarini keng joriy etish, xususiy sektor ishtirokini oshirish hamda raqamli boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim huquqiy hujjat hisoblanadi. Qaror bilan ko‘mir qazib chiqarishdan tortib uni iste’molchilarga yetkazib berishgacha bo‘lgan butun jarayonni yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladigan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Qarorda aholi va budjet tashkilotlarini mahalliy ko‘mir bilan ta’minlash tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Yangi tartibga muvofiq, aholi MyCoal.uz interaktiv portali va uning mobil ilovasi orqali buyurtma berib, ko‘mirning sifati va narxi bo‘yicha eng maqbul taklifni tanlaydi, shuningdek, mahsulotni yashash manziliga yetkazib berish yoki belgilangan tarqatish punktidan olib ketish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buyurtmalarning ijrosi raqamli tarzda nazorat qilinadi va ularning bajarilishi haqida iste’molchilar o‘z vaqtida xabardor qilib boriladi.
Mahalliy ko‘mir mahsulotini interaktiv portal orqali sotish Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Energetika vazirligi tomonidan tartibga solinadi
Shu bilan birga, 2026–2027-yillarda aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘shimcha moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida MyCoal.uz interaktiv portali va uning mobil ilovasi orqali mahalliy ko‘mir xarid qilgan hamda “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan oilalarga mahalliy ko‘mirni yetkazib berish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash uchun bir kalendar yili davomida xarid qilingan har bir tonna ko‘mir uchun 300 ming so‘m hisobidan, biroq jami 600 ming so‘mdan oshmagan miqdorda kompensatsiya to‘lab beriladi.
Shuningdek, qarorda “Ko‘mir ta’minot” MChJ balansidagi ko‘mir omborlari va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha choralar belgilangan. Xususan, mas’ul vazirlik va idoralar hamda “O‘zbekko‘mir AJ ishtirokida ikki oy muddatda mazkur ob’ektlarni xatlovdan o‘tkazish, ularni sotish mexanizmi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritish vazifasi yuklatilgan. Bunda aholi va budjet tashkilotlarini mahalliy ko‘mir bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa sifatida saqlab qolinadi.
Mazkur islohotlar natijasida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining asosiy e’tibori ko‘mir qazib chiqarish hajmini oshirish, mahsulot sifatini ta’minlash, belgilangan balans asosida ko‘mirni o‘z vaqtida ortish va yetkazib berish, logistika jarayonlarini muvofiqlashtirish hamda raqamli nazorat tizimini takomillashtirishga qaratiladi.
Qarorga muvofiq, MyCoal.uz platformasining imkoniyatlari ham yanada kengaytiriladi. Platforma orqali aholi, budjet tashkilotlari, issiqlik elektr stansiyalari va tadbirkorlik sub’ektlarining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojlari, ajratiladigan hajmlar, mahsulot harakati, omborlardagi qoldiqlar, elektron hisob-kitoblar va shartnomalar ijrosi doimiy monitoring qilib boriladi. Bu esa ko‘mir ta’minoti jarayonining shaffofligini oshirish, inson omilini kamaytirish va logistika tizimini yanada samarali boshqarish imkonini beradi.
Yangi tartibga muvofiq, mahalliy ko‘mirning boshlang‘ich sotish narxlari iqtisodiy jihatdan asoslangan holda bozor kon’yunkturasi, ishlab chiqarish tannarxi, transport-logistika xarajatlari hamda boshqa iqtisodiy omillar hisobga olingan holda qayta ko‘rib boriladi. Bu esa bozor mexanizmlarining samarali ishlashi va barqaror ta’minot tizimini ta’minlashga xizmat qiladi.
Umuman olganda, mazkur hujjat ko‘mir sohasida davlat va xususiy sektor hamkorligini kengaytirish, raqamli boshqaruvni rivojlantirish, ta’minot va logistika tizimini takomillashtirish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni o‘zaro uyg‘unlashtirgan muhim huquqiy asos hisoblanadi. Qarorda belgilangan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizda ko‘mir ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’molchilarni ta’minlash tizimining samaradorligi, ochiqligi va barqarorligi yanada mustahkamlanadi.
Ne’mat Dushayev,
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari
Oxirgi yangiliklar:
O‘zbek tili: an’anadan taraqqiyot sari
Har yili 21-oktyabr mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. 1989-yilning aynan shu sanasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan. Ushbu t...
O'qish
Angren ko‘mir konida ona tiliga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
«O‘zbekko‘mir» AJ Angren ko‘mir koni filialida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbeki...
O'qish
Iste’molchi: “Ko‘mirning sifati ham, narxi ham ma’qul, uyga yetkazib berish xizmati ham bor”
Kuz-qish mavsumi oldidan tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisini ko‘mir bilan ta’minlash dolzarb masalalardan biri. Namangan viloyatida bu yo‘nalishda sakkiz naf...
O'qish
Operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 14-sentabr “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish y...
O'qish