Shavkat Mirziyoyev: “Yoshlar – Yangi O‘zbekistonning eng katta tayanchi”
Nashr qilingan sana: 30.06.2026 15:58:41

Yoshlar kuni munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizning faol, tashabbuskor va iqtidorli yoshlari bilan uchrashdi. Tadbirda davlatimiz rahbari yoshlarni bayram bilan samimiy tabriklab, ularning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni, amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida atroflicha so‘z yuritdi.
Bu haqida Prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Uchrashuv avvalida Prezidentimiz bir guruh faol yoshlarni “Kelajak bunyodkori” medali va “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan tantanali taqdirladi. Shuningdek, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlarning innovatsion loyihalari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mustaqillik yillarida, ayniqsa keyingi davrda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Har bir mahallada yoshlar yetakchilari tizimi yo‘lga qo‘yildi, “Yoshlar daftari” orqali 1,5 million nafar yoshning muammolari hal etildi, yosh tadbirkorlar soni besh barobar oshib, 287 ming nafardan ziyodga yetdi. Xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar soni 3,5 millionni tashkil etdi.
Prezidentimiz bugungi kunda dunyoda raqobat inson kapitali, bilim va texnologiyalar asosida kechayotganini ta’kidlab, yoshlarni Uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lishga chaqirdi.
“Bugungi kunning muvaffaqiyat formulasi, ertangi taraqqiyotning mustahkam zamini uchta eng muhim ustunga tayanadi. Bu – bilim, kasb va texnologiya,” – dedi davlatimiz rahbari.
Shu munosabat bilan yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash bo‘yicha qator yangi tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, har yili 500 ming nafar yoshni zamonaviy kasblarga o‘qitadigan “Kelajak bilimlari ekotizimi” joriy etiladi. “Kasb vaucheri” tizimi orqali minglab yoshlarning zamonaviy kasblarni egallash xarajatlari qoplanadi. Xususiy o‘quv markazlari va texnikumlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi imtiyozlar ham e’lon qilindi.
Uchrashuvda yosh tadbirkorlikni rivojlantirish, startaplarni moliyalashtirish, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari sohasini kengaytirish, “TOP-100” yosh liderlar dasturi, “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasi, “Yoshlar mini-franshizasi”, “Mening birinchi kompyuterim” loyihasi kabi ko‘plab yangi tashabbuslar taqdim etildi. Bu loyihalar yoshlarning bilim olishi, ish bilan ta’minlanishi, biznes boshlashi va innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishiga xizmat qiladi.
Prezidentimiz O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasining jahon chempionatidagi ishtirokiga ham to‘xtalib, sportchilarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. Bolalar futbolini rivojlantirish, Osiyo kubogiga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tadbir yakunida davlatimiz rahbari yoshlarni giyohvandlik va boshqa zararli illatlarga qarshi murosasiz bo‘lishga chaqirib, ota-onalarning farzand tarbiyasidagi mas’uliyatiga alohida urg‘u berdi.
– Biz yoshlarimizga yaratib berayotgan imkoniyatlardan biror yigit-qiz chetda qolmasligi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Mazkur uchrashuvda ilgari surilgan yangi tashabbus va dasturlar yoshlarning bilim olishi, zamonaviy kasb egallashi, tadbirkorlik, innovatsiya hamda davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yoshlarning o‘rnini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Manba: https://t.me/Press_Secretary_Uz/7543
Oxirgi yangiliklar:
Pensiya ta’minoti tizimidagi yangiliklar muhokama qilindi
“O‘zbekko‘mir” AJda pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga qaratilgan Prezident farmoni loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi....
O'qish
Ko‘mir bor joyda tabiatga ham e’tibor bor
Bilamizki, bir tonna ko‘mir faqat energiya manbaigina emas. U tabiat oldidagi mas’uliyatni ham anglatadi. Uni qazib olish, saralash, tashish va saqlashning har bir b...
O'qish
Kuz-qish mavsumi: favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik kuchaytirilmoqda
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va energetika sohasi ob’ektlarining mavsumiy barqarorligini ta’minlash maqsadida...
O'qish
Ish jarayonida ham sportga hamisha vaqt topiladi
Korxonamizda xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, jismoniy faolligini oshirishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi uchun barcha zarur sharoitlar y...
O'qish