Davlat tili rivojiga yana bir qadam: 41 ta yangi atama tasdiqlandi
Nashr qilingan sana: 14.07.2026 15:30:50Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi tomonidan davlat tilida rasmiy qo‘llaniladigan 41 ta yangi atamaning o‘zbekcha muqobili tasdiqlandi. Bu davlat tilida ish yuritishni takomillashtirish, sohaviy terminologiyani tartibga solish va rasmiy yozishmalarda yagona atamalardan foydalanish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Yangi tasdiqlangan atamalar orasida ishlab chiqarish va konchilik sohasida ham qo‘llash mumkin bo‘lgan so‘zlar bor. Jumladan, “datchik” — “sezgich”, “dedlayn” — “so‘ngmuddat”, “brend” — “xosnom”, “xeshteg” — “kalitso‘z” kabi atamalar endi davlat tili me’yorlari asosida qo‘llanishi tavsiya etilmoqda.
Bu yangilik nafaqat tilshunoslar, balki ishlab chiqarish korxonalari xodimlari uchun ham muhim ahamiyatga ega. Chunki bugun ham xizmat xatlari, hisobotlar, raportlar, bildirgilar, axborotlar, texnik hujjatlar va boshqa ichki hamda tashqi yozishmalarda xorijiy atamalardan keng foydalanilmoqda. Vaholanki, ularning ko‘pchiligining davlat tilidagi muqobillari mavjud.
Ayniqsa, konchilik tarmog‘i uchun “datchik” atamasining “sezgich” deb rasmiylashtirilgani muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki gaz, harorat, bosim, sath va harakatni nazorat qiluvchi qurilmalar konlarda mehnat xavfsizligi va texnologik jarayonlarni boshqarishda keng qo‘llaniladi. Ushbu atamaning rasmiy muomalaga kiritilishi sohaviy hujjatlarda davlat tilidan yanada izchil foydalanish imkonini beradi.
Shu bilan birga, konchilik sohasida avvaldan davlat tilida qo‘llanib kelinayotgan “karer” — “ochiq kon”, “gornaya vыrabotka” — “kon lahimi”, “burenie” — “burg‘ilash”, “vzrыvnыe rabotы” — “portlatish ishlari”, “otval” — “ag‘darma”, “drobilka” — “maydalagich”, “groxot” — “elagich”, “burovaya ustanovka” — “burg‘ilash qurilmasi” kabi atamalardan ham rasmiy hujjatlarda izchil foydalanish maqsadga muvofiq.
Davlat tilida ish yuritish faqat hujjatlarni o‘zbek tilida tayyorlash emas. Bu, eng avvalo, davlat tilining qoida va me’yorlariga mos, aniq va yagona atamalarni qo‘llash madaniyatidir. Ana shunda xizmat hujjatlari, hisobotlar va texnik materiallarning mazmuni yanada aniq, tushunarli va bir xil talqin qilinadi.
«O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyatida ham davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq xizmat yozishmalari, hisobotlar, raportlar, bildirgilar, axborotlar va boshqa rasmiy hujjatlarda tasdiqlangan davlat tili atamalaridan izchil foydalanishga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.
Ne’mat Dushaev,
“O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktorining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

Oxirgi yangiliklar:
Brinfing: kondan xonadongacha: ko‘mir ta’minoti qanday kechmoqda?
Brinfing: kondan xonadongacha: ko‘mir ta’minoti qanday kechmoqda? 2026-yilda “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan 5,7 million tonna ko‘mir qazib chiqarish, shundan 1 milli...
O'qish
Ta’minot: ko‘mir kondan xonadongacha − kim nimaga javobgar?
Ko‘mir ta’minoti faqat mahsulotni qazib olish va sotishdan iborat emas. Bu jarayondaishlab chiqaruvchi, birja, tadbirkor, tashuvchi va iste’molchi ishtirok etadi. Ularnin...
O'qish
INSON QADRI — E’TIBOR VA E’ZOZDA!
Hurmatli hamkasblar, qadrli konchilar va mehnat faxriylari! Sizlarni 11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati Birlas...
O'qish
ISHCHI INSON MANFAATI — ENG OLIY QADRIYATIMIZ
Qadrli kasaba uyushmalari faollari va aʼzolari, aziz konchilar, hurmatli hamkasblar! Sizlarni 11 noyabr — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan sami...
O'qish